O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 26 dekabrkuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichini belgilab bergan, chuqur tahlil va aniq strategik maqsadlarga asoslangan dasturiy hujjat sifatida tarixga kirdi. Ushbu Murojaatnoma nafaqat iqtisodiy va siyosiy yo‘nalishlarni, balki jamiyatning ma’naviy-ma’rifiy rivoji, ijtimoiy birdamlik va milliy qadriyatlar masalasini ham markaziy o‘ringa qo‘ydi.
Davlatimiz rahbari bundan to‘qqiz yil oldin iqtisodiyotimiz hajmini 100 milliard dollarga yetkazish biz uchun juda katta marra bo‘lib ko‘rinardi. Bu yil tariximizda birinchi marta yalpi ichki mahsulotimiz 145 milliard dollardan oshgani alohida ta’kidladi. Inchunun, eksport salohiyatining sezilarli o‘sishi, kambag‘allik darajasining 5,8 foizga tushirilishi kabi ko‘rsatkichlar iqtisodiy barqarorlik bilan birga ijtimoiy adolatni ta’minlashga qaratilgan siyosat samarasi ekanini ko‘rsatadi.
Yoki bo‘lmasa, global savdo tizimida “o‘yin qoidalari” o‘zgarayotgan bir paytda joriy yil eksportimiz 23 foizga oshib, 33,4 milliard dollarga yetkazilishi ta’kidlandi. Eng muhimi, oltin-valyuta zaxiralarimiz ilk bor 60 milliard dollardan oshgani esa, mamlakatimizning xalqaro iqtisodiy maydonida o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, Jahon banki e’lon qilib boradigan Davlatlarning texnologik yetuklik indeksida O‘zbekiston 71 pog‘ona yuqori ko‘tarilib, dunyoning Top-10 ta mamlakati qatoridan joy olgani, alohida ta’kidlandi. Darhaqiqat, bu ko‘rsatkichlar shunchaki reyting emas, balki Yangi O‘zbekistonning munosib o‘rni. Bu albatta, bugungi tahlikali davrda arzirli o‘sish nuqtasi sifatida ko‘rish mumkin.
Mahalla – ijtimoiy kapital va ma’naviy tarbiya maskani
Prezidentimiz ta’kidlaganidek: “Biz – bugun 38 milliondan ziyod katta xalqmiz. Mashaqqatli va sharafli mehnatimiz bilan dunyoda hurmat topayotgan, ertangi kunga ishonch bilan dadil borayotgan, matonatli va g‘ururi baland millatmiz!” Bu so‘zlar Yangi O‘zbekiston islohotlarining mazmun-mohiyatini, xalqimizning kuch-qudrati va kelajakka bo‘lgan ishonchini yaqqol ifodalaydi. 2026-yil esa ana shu ishonchni amalda tasdiqlaydigan, taraqqiyot tariximizda yangi sahifa ochadigan yil bo‘lishi kutilmoqda.
Xususan, mahalla institutiga alohida urg‘u berilgani bejiz emas. Mahalla — asrlar davomida xalqimizning birdamlik, hamjihatlik va o‘zaro g‘amxo‘rlik maktabi bo‘lib kelgan noyob ijtimoiy institutdir. Ijtimoiy so‘rovlarda aholining 90 foizi o‘zini mahalla jamoasining bir qismi deb hisoblashi mahallaning jamiyat hayotidagi ta’siri qanchalik chuqur ekanini yaqqol namoyon etadi.
Xususan, Murojaatnomada belgilab berilgan 6 ta ustuvor yo‘nalish ana shu ulkan maqsadlarga xizmat qiladi. Ularning birinchi va eng diqqatga sazovor yo‘nalishi – mahalla infratuzilmasini tubdan yaxshilashdir. Chunki yurt obodligi, avvalo, mahalladagi sharoitlar bilan o‘lchanadi. Yo‘l, suv, elektr, transport, bog‘cha, maktab va tibbiyot muassasalaridagi yangilanishlar – aholimizning turmush tarzini ijobiy tomonga o‘zgarib borayotganini ko‘rsatib beruvchi muhim jihatlardir.
Yurtboshimizning “Mahalla tinch bo‘lsa, jamiyat tinch bo‘ladi” degan fikri chuqur falsafiy mazmunga ega. Chunki mahalla nafaqat hududiy birlik, balki ma’naviy muhit, tarbiya maskani, ijtimoiy mas’uliyat va fuqarolik ongining shakllanish joyidir. Shu bois 2026-yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi ma’naviy-ma’rifiy siyosatda yangi bosqich boshlanganidan dalolat beradi.
Ma’naviy yuksalish – barqaror taraqqiyot asosi
Jamiyatda turli fikr va qarashlarning mavjudligi demokratiyaning tabiiy talabi ekani ta’kidlanar ekan, Prezident barchani birlashtiradigan ulug‘ g‘oya – Vatan va xalq manfaati ekanini alohida qayd etdi. Bu g‘oya jamiyatda ma’naviy immunitetni shakllantirish, yosh avlodni vatanparvarlik, fidoyilik va mas’uliyat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Iste’dodli yoshlarning ilm-fan, madaniyat, sport va san’at sohalaridagi yutuqlari Yangi O‘zbekistonning ma’naviy qiyofasini belgilab berayotgan omillardandir. Shu bilan birga, ta’lim, kasbiy tayyorgarlik va ma’naviy tarbiya uyg‘unligi kelgusi taraqqiyotning hal qiluvchi sharti sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Ayniqsa, mahallalardagi aholini, xususan, xotin-qizlarni sportga keng jalb etish, buning uchun zarur infratuzilmani yaratish bo‘yicha uch yillik dastur qabul qilinib, bunga 1 trillion so‘m yo‘naltirilishi, mahalla yoshlarining kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish maqsadida maktab kutubxonalari har yili 10 million dona badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash rejasi mamlakatimiz yoshlari uchun haqiqiy sovg‘a bo‘ladi. Bu esa, o‘sib kelayotgan yosh avlod uchun, ularning ta’limi, intelektual salohiyatini yanada oshirishga, xalqaro maydonda o‘zbek bolalarining haqiqiy bilimini namoyon etishga asosiy poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Shuningdek, ma’naviyat sohasi yanada rivojlantirilib, ijtimoiy-madaniy hayotimizdagi muhim sanalar keng nishonlanishi ta’kidlandi.
Jumladan, barcha yutuq va g‘alabalarimizning poydevori bo‘lgan Vatanimiz mustaqilligining shonli 35 yilligi katta bayram sifatida o‘tkazilishi, Sohibqiron Amir Temur, Mir Alisher Navoiy bobolarimizning qutlug‘ tavallud ayyomlariga tayyorgarlikni hozirdan boshlash kerakligi qayd etildi.
Prezident Murojaatnomasi – bu faqat yillik hisobot yoki rejalar majmuasi emas, balki jamiyatni ma’naviy jihatdan safarbar qiladigan, kelajakka ishonch va mas’uliyat tuyg‘usini mustahkamlaydigan da’vatdir. Mahallaga tayanadigan, inson qadrini ulug‘laydigan, adolat va qonun ustuvorligiga asoslangan Yangi O‘zbekiston g‘oyasi har bir fuqaroni faol hayotiy pozitsiyaga chorlaydi.
Birdamlikda harakat qilgan xalqgina buyuk maqsadlarga yetadi. Murojaatnomada ilgari surilgan g‘oya va ustuvor vazifalarni hayotga tatbiq etish esa har birimizdan ma’naviy yetuklik, fuqarolik mas’uliyati va Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini talab etadi.
J. BOLTAEV,
Sh. YUNUSALIEVA,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi ma’sul xodimi.
O‘zA