Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti tomonidan “Mahalla, maktab va ota-onalar hamkorligida tarbiyaviy jarayonlarni metodik boshqarishning zamonaviy modellari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.
Konferensiyada Yangi O‘zbekistonda "oila – maktab – mahalla" hamkorligini mustahkamlash, xususan, “Ota-onalar universiteti” faoliyatini takomillashtirish orqali ota-onalarning tarbiyaviy mas’uliyati va pedagogik madaniyatini oshirish masalalari bugungi kunda nihoyatda dolzarb ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va uni milliy tarbiya tizimiga moslashtirish, ota-onalar ta’limini institutsional asosda rivojlantirishga bo‘lgan ehtiyoj jamiyatda tobora chuqur anglanayotgani, mazkur yo‘nalishda ilmiy-tadqiqotlar va xalqaro hamkorlik kengayib borayotgani alohida e’tirof etildi.
[gallery-27838]
Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti direktori, pedagogika fanlari doktori, akademik Xolboy Ibragimov mahalla, maktab va ota-onalar hamkorligida tarbiyaviy funksiyalarni kengaytirish, ota-onalarni farzand tarbiyasida faol pedagogik sub’ekt sifatida shakllantirish nuqtai nazaridan o‘ta dolzarb ekanini ta’kidladi.
Bugungi kunda shaxsga yo‘naltirilgan tarbiya jarayonini tashkil etishda innovatsion yondashuvlar, raqamli ta’lim imkoniyatlari hamda birgalikda yaratish pedagogikasi mexanizmlarini mahalla, maktab va ota-onalar hamkorligida ta’lim tizimiga joriy etish zarurligi qayd etildi.
Ilg‘or xorijiy tajriba asosida yosh avlod tarbiyasida yuz berayotgan konseptual o‘zgarishlar, ta’limni raqamlashtirish sharoitida ota-onalarning pedagogik kompetensiyalarini rivojlantirish masalalari o‘quvchilarning shaxsiy rivojlanish yo‘nalishlari bilan uzviy bog‘liq ekani alohida ta’kidlandi.
Konferensiya yalpi majlisida olimlar mavzuga oid o‘z ma’ruzalarini ishtirokchilar e’tiboriga havola etdi. Shuningdek, konferensiya materiallari to‘plam shaklida chop etilib, xalqaro ilmiy bazalarda indekslanadi.
Nazokat Usmonova, Asliddin Alijonov (surat), O‘zA muxbirlari