Keyingi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari zamirida inson qadrini ulug‘lash, odamlarning og‘irini yengil qilish, turmush sharoitlarini yaxshilashdek ezgu va xayrli ishlar yotadi. Ayniqsa, chekka-chekka mahallalarning obod maskanlarga aylanayotganligi, hududlarda tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suv ta’minoti yaxshilanib, yo‘llar ta’mirlanayotganligi yurtdoshlarimizni quvontirmoqda.
Ana shunday xayrli va ibratli ishlarni olis tumanlar, mahallalar hududlaridagi avtomobil hamda ichki yo‘llarni qayta qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash borasida olib borilayotgan ishlar misolida ham ko‘rish mumkin. Bu borada Andijon viloyati Izboskan tumanida ham e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.
Tumanda, ayniqsa, ichki yo‘llarni ta’mirlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Natijada tumanning chekka-chekka hududlaridagi necha o‘n yillar davomida ta’mirlanmagan, yozda chang, qishda loy ko‘chalarga shag‘al yotqizildi, asfaltlandi, beton bilan qoplandi.
– Bugungi kunda Izboskan tumani hududida 175 kilometr umumfoydalanuvdagi avtomobil yo‘llari, 757,7 kilometr ichki yo‘llar mavjud, – deydi tuman Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi rahbari Jahongir Valiyev. – Belgilangan dasturlar doirasida o‘tgan yili 132 kilometrdan ortiq masofadagi yo‘llarning holati yaxshilandi, Jumladan, 30 kilometr umumfoydalanuvdagi avtomobil yo‘lida ta’mirlash ishlari bajarilgan bo‘lsa, 102 kilometr uzunlikdagi ichki yo‘llarga shag‘al to‘kildi, ma’lum qismi beton bilan qoplandi.
Tumanda bu boradagi ishlar joriy yilda ham izchil davom ettirilmoqda. O‘tgan bir oy davomida tumanning turli mahallalaridagi 22 kilometr ichki yo‘lga shag‘al yotqizildi. Shu kunlarda yo‘lsozlar tomonidan O‘rtaqishloq mahallasi ko‘chalarining tuproqli yo‘llariga shag‘al to‘kilmoqda.
[gallery-15753]
O‘rtaqishloq mahallasi tuman markazidan 8 kilometr olisda bo‘lib, 3 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi.
– Mahallamizdagi eng og‘riqli muammolardan biri ichki yo‘llarimizning o‘ta ta’mirtalabligi edi, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Akmaljon Boltaboyev. – Ayniqsa, mahalladagi Jiydaguli, Guldasta, Ijodkor ko‘chalari yo‘llarining nosozligi, qishda loy, yozda chang ekanligi odamlarning jiddiy e’tirozlarini keltirib chiqarayotgandi.
Ayni kunlarda ushbu muammo bartaraf etilmoqda. Andijon viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi hamda tuman Yo‘llardan foydalanish korxonasi ishchi-mutaxassislari tomonidan yuqorida qayd etilgan ko‘chalarning 1 kilometr qismiga shag‘al yotqizildi. Olib borilayotgan ishlar doirasida yana 1,2 kilometri shag‘al qilinadi.
Mahalla ko‘chalari ta’mirlanib, kundan-kunga obod maskanga aylanayotganligidan odamlar mamnun. Bu kabi xayrli ishlar fuqarolarning ertangi kunga bo‘lgan ishonch va umidini oshirmoqda, bugungi kunidan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilmoqda.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari