Mamlakatimizda ulug‘ qadriyatlar beshigi sanaladigan mahalla xalq bilan davlat o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini bajarib, odamlarning kundalik masalalarini hal etishga qodir aholi farovonligini, tinch, to‘kin turmushini ta’minlaydigan mustaqil, xalqchil tuzilma bo‘lmoqda.
Bu jarayonda “O‘zbekiston-2030” strategiyasida xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish va jamoatchilik boshqaruvini takomillashtirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangani ham o‘zini o‘zi boshqarish organlarini jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirmoqda. Uning jamiyatdagi o‘rni va roli kuchaytirilib, mahalla boshqaruvida aholining faol ishtiroki ta’minlanayotir.
Surxondaryo viloyatidagi 724 mahallada 533 ming 753 ta xonadon, 719 ming 457 oila mavjud. Ularda 2 million 905 ming 500 dan ortiq aholi istiqomat qiladi.
Prezidentimiz g‘oyasi bilan tashkil etilgan “mahalla yettiligi” samarali faoliyat yuritib, mahallalardagi muammolarni o‘z vaqtida va samarali yechish yo‘llarini izlayotir. O‘z hududlarining ichki resurslarini aniqlagan holda ularni ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish uchun safarbar etishga alohida ahamiyat bermoqda. Odamlarni o‘z uyi va ko‘chasini ozoda saqlashga, milliy qadriyat va urf-odatlarni hurmat qilishga chaqirib, ma’naviy va ma’rifiy ishlarda mahallaning o‘rnini kuchaytirish, aholi o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash choralarini ko‘rayotir. Mahallaning moliyaviy imkoniyatlarini oshirish, kambag‘al oilalarga ajratilayotgan byudjet mablag‘lari va boshqa mablag‘larning maqsadli hamda manzilli yo‘naltirilishiga e’tibor qaratmoqda. Mahallalar yettiligi kunlik, haftalik, oylik va choraklik rejalari asosida faoliyat yuritmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda viloyatda 1 ming 355 oila “Temir daftar”, 60 ming ayol “Ayollar daftari”, 7 ming 881 nafar o‘g‘il-qiz “Yoshlar daftari”da ro‘yxatga olingan. Ularning ijtimoiy ahvolini yaxshilash, bandligini ta’minlash yuzasidan tegishli ishlar olib borilmoqda.
Strategiyada belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish uchun 60 ta sektor, tuman, shahar va viloyat “Balansi”, “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan. Barcha mahalla fuqarolar yig‘inlarida “Ombor kitobi”, sektorlarda esa “Bandlik” dasturlari shakllantirilgan.

Bugungi mahalla avvalgi o‘zini o‘zi boshqarish organidan tubdan farq qilayotgani bilan ham jamiyat hayotidagi o‘rni oshib borayotir. Barcha qulayliklarga ega binolarda faoliyat yuritib, moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmoqda. Shu yilning o‘tgan davrida vohadagi 56 ta mahallaga yangi, zamonaviy bino qurib berilib, uchtasining binosi tubdan ta’mirlangani ham bunga yaqqol dalildir. Shu bilan birga mahallalarning bosqichma-bosqich ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli ham o‘nglanmoqda. Jumladan, har bir tuman va shahardan ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan “og‘ir” bo‘lgan 15 ta mahalla tanlab olinib, ishchi guruhlar mavjud muammolarni atroflicha o‘rgandi va shu asosda “Harakatlar rejasi” ishlab chiqilib, tegishli vazifalar belgilab olindi. 108 kilometr ichimlik suv quvurini tortish, 111 kilometr tuproq yo‘llarni shag‘al qilish, 15 kilometr piyodalar yo‘lakchasini qurish, yangidan 12 ta transpormator o‘rnatish, 13 tasini ta’mirlash, 1 ming 229 ta eski yog‘och ustunni yangi beton ustunlarga almashtirish, 818 ta tungi yoritish chiroqlari o‘rnatish, 2 ta mahalla binosini yangidan qurib, 10 ta mahalla binosini ta’mirlash, 9 ta qabriston va ziyoratgohni obodonlashtirish rejalashtirildi. Bevosita aholining faol ishtirokida rejalashtirilgan bu ishlar hozir qizg‘in davom etmoqda.
Strategiyada mahallalarda aholi bilan ishlashga qaratilgan jarayonlarni 100 foiz raqamlashtirib, har bir mahallada “elektron xizmat nuqtalari”ni ishga tushirish ham belgilangan. Bunda “Raqamli mahalla” platformasiga aholi xonadonlarining ma’lumotlarini kiritish nazarda tutilgan. Bugungacha 55,1 foizdan ortiq xonadon, qariyb 47 foiz oila, 15 foizga yaqin aholi mazkur platformaga kiritildi. “Ombor daftari”ga kiritilgan ishsizlarni “Raqamli mahalla” platformasiga kiritish boshlandi.
Surxondaryo agrar voha bo‘lgani uchun ham yoshlar bandligini ta’minlashda qishloq xo‘jaligining o‘z o‘rni bor. Shu jihatdan yoshlarni ish bilan ta’minlash uchun mahalla yettiliklari viloyatdagi 14 ming 771 nafar vaqtincha
ishsiz yigit-qizga yer ajratish yuzasidan tavsiya bergan. Shu paytgacha ularning qariyb olti ming nafariga yer maydoni ajratib berilib, turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini parvarishlashi va daromad olishiga qulay imkoniyat yaratildi. Mahallalarda “Sayxunobod tajribasi” ommalashtirilayotgani ham ko‘plab oilalarning daromad manbaini oshirib, turmush darajasini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Viloyatda mahallalarning bir oylik tadbirlar dasturi tayyorlanib, haftaning har bir kuniga ramziy nomlar berilayotgani ham ahamiyatli bo‘lmoqda. Bunda dushanba kuni – madaniyat va san’at, seshanba – ommaviy va milliy sport, chorshanba – ma’naviyat va ma’rifat, payshanba – jinoyatchilikning oldini olish, juma – salomatlik, shanba – tadbirkorlik va bandlik kunlari etib belgilandi. Bu ko‘p millatli vohada aholining ma’naviyatini yanada yuksaltirish, jismonan chiniqib, salomatligini mustahkamlash, huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish hamda mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirib, bandlikni ta’minlashga qulay muhit shakllantirdi. Bularning barchasi mahallani xalq dardu tashvishi bilan yashaydigan ishonchli tuzilmaga, jamoatchilik va davlat organlarining “tayanch ko‘prigi”ga aylantirish yo‘lida olib borilayotgan islohotlarning amaldagi samaralaridir.
Zebuniso Alimardonova,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari.
O‘zA