Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalla — jamiyatning ma’naviy ustuni
15:00 / 2025-10-17

Joriy yil 14 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahalla tizimini yanada takomillashtirish va joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida tizimni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishning muhim vazifalari belgilab berildi.

Davlatimiz rahbari mahallalardagi ijtimoiy muhit va yoshlar tarbiyasiga oid dolzarb masalalarga to‘xtalar ekan, oilalarda ajrimlar ko‘payib borayotgani, aliment to‘lamaslik, oilaviy mas’uliyatsizlik holatlari, erta nikohlar va ularning salbiy oqibatlari jamiyat uchun jiddiy xavf ekanini ta’kidladi. Yoshlarga oila qurishning nafaqat shaxsiy, balki ijtimoiy mas’uliyat ekanini tushuntirish, nikoh shartnomasini targ‘ib qilish, ajrimlarning oldini olish bo‘yicha keng ma’rifiy ishlarni tashkil etish zarurligi qayd etildi.

Darhaqiqat, oila – jamiyatning asosiy ustuni. Agar oila mustahkam bo‘lsa, jamiyat barqaror bo‘ladi. Shu bois oilaviy ajrimlarni oldini olish – axloqiy muhit va ijtimoiy sog‘lomlik uchun muhim vazifadir.

Mamlakatimizda “mahalla yettiligi” instituti xalq orasidagi muloqot, hamjihatlik, tarbiya va muammolarni hal qilishning muhim mexanizmiga aylandi. Bu tizim nafaqat ijtimoiy yordamni tashkil etish, balki namunali oilalarni shakllantirish, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Farg‘ona viloyati misolida “mahalla yettiligi” faoliyati samarasini yaqqol ko‘rish mumkin. 2025 yilning 9 oyi davomida 195 mingdan ortiq xotin-qizlar bandligi ta’minlandi, 26 mingdan ziyod ayollar kasb-hunarga o‘qitildi. Viloyatda 6 200 dan ortiq targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilik o‘tgan yilga nisbatan 29 foizga kamaydi.

Shuningdek, zo‘ravonlikka uchragan 5 800 dan ziyod xotin-qizlarga himoya orderlari berildi, 19 ta tuman va shaharda “Oila va xotin-qizlar maskanlari” tashkil etildi. 7 600 dan ziyod nikohlanuvchi yoshlar oilaviy hayotga tayyorlash kurslaridan o‘tdi.

Xotin-qizlarning ta’lim olish imkoniyatlari ham kengaymoqda. Hozirda Farg‘ona viloyatidagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarning 56,6 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. 2025-2026 o‘quv yilida 500 dan ortiq ehtiyojmand xotin-qizlar imtiyozli kvota asosida oliy ta’limga qabul qilindi.

Bugungi kunda “mahalla yettiligi” instituti nafaqat ijtimoiy masalalarni hal etuvchi tizim, balki oilaviy barqarorlik va ma’naviy muhitni mustahkamlovchi muhim platformaga aylanmoqda. Nizolarni barvaqt hal qilish, profilaktika, huquqiy maslahat va jamoatchilik tarbiyasi orqali har bir oilaning totuvligini ta’minlash — jamiyat barqarorligi uchun asosiy omildir.

Mahalla o‘zini o‘zi boshqarishning noyob tuzilmasi sifatida faoliyat yuritayotgan bo‘lib, yurtimiz taraqqiyoti va xalq farovonligida beqiyos ahamiyatga ega.

Gulchehra Jo‘rayeva,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

O‘zA