Globallashuv va tezkor o‘zgarishlar sharoitida jamiyat barqarorligi, xalq farovonligi va milliy taraqqiyot masalalari jiddiy ahamiyatga ega. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasi bu borada muhim siyosiy-huquqiy hujjat sifatida tarixga kirdi.
Unda belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar, aholining hayotini yaxshilash, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash va mahallaning strategik ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berilgan.
Bugungi kunda O‘zbekiston aholisi 38 milliondan oshgani, xalqimiz mehnati va davlatimizning izchil islohotlari samarasidir. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, taraqqiyot tasodifan emas, balki bilim, tafakkur va mas’uliyatli mehnat orqali yaratiladi. Bu yondashuv xalqimiz salohiyatini namoyon etadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda iqtisodiyotning yangicha modeli shakllandi, bozor munosabatlari mustahkamlandi. Ijtimoiy himoya tizimi kengayib, qonun ustuvorligi ta’minlandi. Islohotlar natijasi har bir mahalla, oila va inson hayotida sezilmoqda. Davlat siyosatining asosiy tamoyili – xalq bilan muloqot, ochiqlik va hisobdorlikdir.

Prezidentimiz murojaatnomasida mahalla institutiga alohida e’tibor qaratildi. Mahalla – nafaqat hududiy tuzilma, balki ijtimoiy birdamlikni mustahkamlaydigan, inson qadrini ulug‘laydigan ijtimoiy institutdir. Sotsiologik tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, aholining 90 foizdan ortig‘i o‘zini mahalla jamoasining ajralmas qismi deb hisoblaydi.
Prezidentimiz yoshlarni vatanparvar, mustaqil fikrlaydigan insonlar etib tarbiyalashda mahallaning roli nihoyatda muhim ekanini ta’kidladi. “Mahalla tinch va ahil bo‘lsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat bo‘ladi”, degan fikrlar ushbu institutning strategik ahamiyatini namoyon etadi.
Bugungi kunda mahalla tizimini rivojlantirish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. “Mahalla yettiligi” tizimi joriy etilib, ijtimoiy xizmatlar mahalla darajasiga tushirilmoqda. “Tashabbusli byudjet” loyihalari orqali fuqarolarning qaror qabul qilishdagi ishtiroki kengayib, jamoaviy mas’uliyat kuchmoqda.
Mahalla infratuzilmasini rivojlantirish, moliyaviy resurslar bilan ta’minlash va vakolatlarni berish mahallaning real iqtisodiy va ijtimoiy kuchga aylanishini ta’minlayapti. Murojaatnomada belgilab berilgan aniq vazifalar mahallaning Yangi O‘zbekiston qiyofasiga moslashishini ta’minlaydi.
Prezidentimiz tomonidan 2026 yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi millatimizning strategik maqsadlariga erishishda muhim ahamiyatga ega. Biz o‘zgarishlarni kutib yashamaymiz, ularni o‘z mehnatimiz va mas’uliyatimiz bilan yaratamiz. Har bir mahalla, har bir fuqaro ushbu jarayonning faol ishtirokchisiga aylanganda, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘li mustahkam bo‘ladi.
Dilorom G‘afforova,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi,
Shofirkon tuman bo‘linmasi rahbari