Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalla – jamiyat barqarorligi va taraqqiyotining mustahkam poydevori
16:04 / 2026-02-05

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2026 yil yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi mahalla institutining mamlakat taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyatini yanada oshirishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.

Mahalla – azaldan xalqimiz hayotida mehr-oqibat, hamjihatlik, insoniy qadriyatlar va ijtimoiy birdamlik maskani bo‘lib kelgan. Ijtimoiy so‘rovlar natijasiga ko‘ra, yurtimiz aholisining 90 foizdan ziyodi o‘zini mahalla jamoasining ajralmas qismi deb hisoblashi ham bu institutning jamiyatdagi nufuzini yaqqol namoyon etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 127-moddasida mahalla fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi sifatida mustahkam belgilab qo‘yilgan. Ushbu tuzilma mahalliy ahamiyatga molik masalalarni fuqarolar manfaatlaridan kelib chiqqan holda mustaqil hal etish huquqiga ega.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida ta’kidlaganidek, mahalla yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, jamiyatni jipslashtirish va xalqni birlashtirishda beqiyos ahamiyatga ega. “Mahalla tinch bo‘lsa, jamiyat tinch bo‘ladi”, degan tamoyil bugun ham o‘z dolzarbligini saqlab qolmoqda.

2026 yilda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” doirasida alohida davlat dasturi qabul qilinishi rejalashtirilgan. Unda mamlakatimizdagi 9 mingdan ortiq mahallani mehr-oqibat, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish, infratuzilmani yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan. Bu maqsadlar uchun salmoqli moliyaviy mablag‘lar yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

So‘nggi yillarda mahalla institutini isloh qilish, uni raqamlashtirish va samarali tizimga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. “Ijtimoiy mahalla”, “Mahalla yettiligi” tizimlari joriy etilib, aholi muammolarini joyida hal etish samaradorligi oshdi. Mahallalar orqali kredit, subsidiya va moddiy yordamlar ko‘rsatilishi natijasida millionlab fuqarolarning bandligi ta’minlandi, kambag‘allik darajasi sezilarli qisqardi.

Xalqaro ekspertlar ham O‘zbekistondagi mahalla milliy modelini aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va jamiyatni barqaror rivojlantirishda samarali tizim sifatida e’tirof etmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Yangi O‘zbekistonda mahalla nafaqat o‘zini o‘zi boshqarish instituti, balki inson qadri ulug‘lanadigan, jamiyatning ma’naviy va ijtimoiy tayanchi hisoblanadi. Mahallani yanada rivojlantirish orqali mamlakat taraqqiyotiga mustahkam zamin yaratiladi.

Shuhrat Ro‘zinazarov,

Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlari doktori.