Mahalla instituti chindan ham noyob tuzilma. Uning inson kamolotidagi o‘rni va roli nihoyatda katta. Aynan shu boisdan bu tuzilma xalqaro hamjamiyat tomonidan ham e’tirof etilmoqda. Bugun mana shunday katta ijtimoiy kuch islohotlarda faol ishtirok etmoqda.
Prezidentimizning 2022 yil 1 martdagi “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilab berilgan asosiy vazifalardan kelib chiqqqan holda Namangan viloyati mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi hamda uning shahar, tuman bo‘limlari tomonidan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Tizimda o‘tgan yilning eng muhim voqeasi sifatida 16-29 may kunlari mamlakatimizda, shu jumladan viloyatdagi 782 mahallada fuqarolar yig‘ini raisi saylovi qonunda belgilangan tartibda, ochiq, adolatli va shaffof o‘tkazildi. Saylovda 181 mingga yaqin fuqaro ovoz berishda ishtirok etib, 2160 nafar tavsiya etilgan nomzoddan 788 nafari mahalla raisligiga munosib deb topildi.

Viloyatdagi 788 ta mahalla fuqarolar yig‘inining har birida mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektorlari shtat birliklari mavjud bo‘lib, aholi bandligini ta’minlash, yoshlar, xotin-qizlar muammolarini hal etish hamda jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha 3900 nafardan ortiq xodim hamkorlikda faoliyat yuritib kelmoqda. Ma’lumki, mahalla fuqarolar yig‘inlarida 4 ta asosiy komissiya (oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasi, xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha komissiyasi, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va jamoatchilik nazorati bo‘yicha komissiyasi, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, obodonlash-tirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha komissiyasi) hamda taftish komissiyasi faoliyat yurityapti. Shuningdek, barcha mahallalarda "Ota-onalar universiteti", "Ayollar maslahat kengashi" hamda "Keksalar maslahati" guruhi jamoatchilik tuzilmalari hamda “Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va jamoatchilik nazorati bo‘yicha komissiya”lar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan davr mobaynida hududlarda jami 1605 ta ob’ektda jamoatchilik nazorati amalga oshirildi.

Aholi bandligini ta’minlash maqsadida “Mahalla – xizmatlar va servis markazi” tamoyili asosida mahallalarda xizmatlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisining 2022 yilga mo‘ljallangan hamkorlikdagi manzilli “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Viloyatdagi mavjud mahallalardan 579 tasida 20 turdagi 8425 ta xizmat ko‘rsatish va servis sohasiga bo‘lgan ehtiyoj aniqlandi. Bundan kelib chiqib tadbirkorlar tomonidan 9110 ta loyiha tashabbuskorlari qo‘llab-quvvatlanib, xizmat ko‘rsatish va servis sohasida 10912 ta tadbirkorlik sub’ekti tashkil etildi. Natijada 11 ming 131 ta yangi ish o‘rni yaratildi va 8941 nafar ishsiz fuqaro ish bilan ta’minlandi.
bugungi kunda mahallalarning 631 tasi o‘z xizmat binolariga ega. Xizmat binosiga ega bo‘lgan mahalla binolaridan 105 tasi joriy ta’mirga muhtoj. 75 ta mahalla binosi kapital ta’mirlanishi lozim. 49 ta mahalla binosi rekonstruksiya qilinishi kerak. Xizmat binolarining 93 tasida kadastr hujjati mavjud emas. Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 1 fevraldagi "Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari majmualarini tashkil etish bo‘yicha 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan manzilli dasturni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan dasturga 290 ta mahalla binosi qurilishi kiritilib, shundan 236 tasi davlat-xususiy sheriklik asosida, 54 tasi mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan qurilishi belgilandi. bugungi kunga qadar qaror talablaridan kelib chiqib 75 tasi davlat-xususiy sheriklik asosida, 34 tasi mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan qurildi.

"Obod qishloq" va "Obod mahalla" dasturlariga asosan yil davomida 12 ta mahalla binolarini qurish va 10 ta mahalla binolarini kapital ta’mirlash belgilangan edi. Shundan bitta mahalla binosini yangidan qurish, uchtasini kapital ta’mirlash ishlari yakuni yetkazildi. Viloyat hokimi va tuman hokimlari tashabbusi bilan mahalliy byudjet va homiylik asosida 9 ta bino qurib bitkazildi. bugungi kunda viloyat bo‘yicha 157 ta mahallalar xizmat binolariga ega emas. Bu mahallalarning 79 tasida bino qurish ishlari davom etmoqda. 28 ta mahalla yuqoridagi dasturlar doirasida tanlab olingan bo‘lib, shundan 22 ta qishloq va 6 ta mahallada amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan taklif ishlab chiqildi. Ushbu mahallalarda 105 349 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahallalarni obod qilish uchun dastlabki hisob kitoblarga ko‘ra, 317484 milliard so‘m mablag‘ hisobiga ichimlik va oqova suv tarmoqlarini, avtomobil yo‘llarini yaxshilash, aholini doimiy elektr energiyasi bilan ta’minlash, gaz ta’minoti va aloqa sifatini, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash rejalashtirilgan.
Aloqa tizimini yaxshilash bo‘yicha esa 675 million so‘m evaziga 75 kilometr aloqa tarmoqlarini qurish va ta’mirlash rejalashtirilgan edi. Amalda 914,9 million so‘m evaziga 79,9 kilometr aloqa tarmoqlarini qurish va ta’mirlash ishlari bajarildi. Shuningdek, dastur doirasida ijtimoiy soha infratuzilmasini yaxshilash uchun 85,1 milliard so‘m ajratilib, qishloq va mahallalardagi 9 ta bog‘cha, 12 ta maktab, 10 ta tibbiyot, bitta madaniyat markazi qurilishi va ta’mirlanishi davom etmoqda. Mahalla va madaniyat ob’ektlarini yaxshilash doirasida 6,6 milliard so‘m hisobiga 22 ta mahalla binosi, bitta mahalla guzarini qurish va ta’mirlash belgilangan. bugungi kunda beshta ob’ektda 1,6 milliard so‘m o‘zlashtirilib, qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. 1 milliard so‘m evaziga 10 ta avtobekatlar qurilib, ikkita yangi jamoat transport yo‘nalishi tashkil etildi.
Dastur doirasida 7,8 milliard so‘m hisobiga 53 ta ob’ekt, shundan 18 ta savdo majmuasi, 16 ta maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 7 ta kichik turdagi ishlab chiqarish ob’ekti va 12 ta boshqa turdagi bozor infratuzilma ob’ekti tashkil etish belgilangan. Bu yo‘nalishdagi bunyodkorlik ishlari nihoyasiga yetish arafasida.
Keksa avlod vakillariga manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatish va turmush sharoitini yaxshilash, yoshlar ta’lim-tarbiyasidagi rolini oshirish doimiy diqqat-markazimizdagi masala. Ayni paytda viloyatda 245 ming pensioner istiqomat qilmoqda. Ularning to‘qqiz nafari urush qatnashchisi, 775 nafari front orti mehnat faxriysi, 3119 nafari o‘zgalar parvarishiga muhtoj. Yuz va undan yuqori yoshdagi keksalar 52 nafarni tashkil etadi. Nuroniylarning 10 ming nafarida nogironlik bo‘lib, ularning barchasi to‘liq ijtimoiy himoya olingan. “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” tamoyili bo‘yicha viloyatdagi tarbiyasi og‘ir va profilaktik hisobda turgan 23 ming 460 nafar yosh hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh oilalar 2 ming 346 nafar tajribali nuroniyga biriktirilgan holda ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar olib borilyapti. Buning natijasida ularning qariyb 85 foizi to‘g‘ri yo‘lga qaytdi.
Jamg‘arma hisobidan hozirgacha 95 nafar, homiylar yordami bilan 45 nafar nuroniy uchun ichki sayohatlar tashkil etildi. Barcha manbaalar hisobiga 30,2 ming nuroniy mamlakat va viloyat bo‘ylab sayohatga bordi. “Noyabr – keksalar turizm oyligi” doirasida 330 nafar faol nuroniy va o‘zgalar parvarishiga muhtoj yakka-yolg‘izlar vodiy bo‘ylab sayohat qildi. “Nuroniy” elektron platformasi uchun viloyatdagi 245 ming nafar nuroniy bo‘yicha ma’lumotlar bazasi shakllantirildi. Bu nuroniylarga manzilli xizmat ko‘rsatish va muammolarini tezkor hal etish imkonini yaratmoqda. 50-60 yil birga yashagan otaxon va onaxonlar e’zozlanib, ularning turmush tajribasi yoshlarga ibrat etib ko‘rsatilmoqda. Ularning 100 nafariga 900 ming so‘mdan jamg‘armaning pul mukofotlari berildi. Viloyatdagi ajrim yoqasidagi 1059 ta va notinch 2182 ta oilaga nuroniylarni biriktirilgani sababli bu oilalarda ijtimoiy barqarorlikka erishildi.
2020-2022 yillarda “Temir daftar”ga kiritilgan 39 ming 129 ta ehtiyojmand oila va 54 ming 800 nafar mehnatga layoqatli ishsiz a’zodan 54 636 nafari yoki 99 foizi ish bilan ta’minlandi. 38 ming 362 ta oila sharoitlari yaxshilanib, daftardan chiqarildi. Birgina, 2022 yilda “Temir daftar”dagi 4 ming 811 ta oilaning mehnatga layoqatli 4 ming 144 a’zosidan 3 ming 980 nafari doimiy ish bilan ta’minlandi. Yil davomida “Temir daftarda”gi va kam ta’minlagan oilalarga “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan 33,7 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Oilaviy tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan 566 ta oilaga 9,3 milliard so‘m imtiyozli kredit hamda 148 nafar fuqaroga 216 million so‘mlik subsidiya mablag‘lari ajratildi. 1012 ta oilaga “E-auksion” orqali 114,9 gektar yer maydoni ajratib berildi. Amalga oshirilgan ishlar va ko‘rsatilgan yordamlar natijasida 4 ming 44 ta oila daftardan chiqarildi. Nogironligi bor, daftardan chiqish imkoniyati mavjud bo‘lmagan 351 ta oila doimiy nazoratga olinib, ularga ijtimoiy himoya reyesti asosida beg‘araz yordamlar ko‘rsatilmoqda.
Viloyatda 53 ming 571 nafar ehtiyojmand xotin-qiz “Ayollar daftari”ga kiritilgan. Ularning 15 ming 200 nafari ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qiz bo‘lsa, 5 ming 141 nafari tadbirkorlik qilish istagida. 16 ming 66 nafarining boquvchisi yo‘q, 133 nafarining uy-joyi ta’mirlanishga, 10 ming 452 nafari ijtimoiy yordamga muhtoj I- va II-guruh nogironligi bo‘lgan, shuningdek, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj, ehtiyojmand xotin-qizlardir. 6 ming 415 nafar ayollarning qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan bolalari bor. 497 nafar ayolga tomorqadan unumli foydalanishi uchun yordam zarur.
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan 13 ming 391 nafar yoshning 419 nafari doimiy ishga joylashtirildi. 234 nafariga kredit, 2022 nafariga mehnat qurollari, 814 nafariga haydovchilik guvohnomasi olib berildi. 3599 nafariga ekin yer maydoni ajratildi. 54 nafar yosh “Ustoz-shogird” an’anasi doirasida usta hunarmandlarga biriktirildi. 72 nafariga ijara xarajatlari, 3013 nafariga to‘lov kontrakti, 301 nafariga safarbarlik chaqiruv rezervi xarajatlari to‘lab berildi. 782 nafar yoshga turar-joy ijarasi, psixologik xizmat, iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, tibbiy xizmat ko‘rsatish kabi ijtimoiy-iqtisodiy yordamlar ko‘rsatildi.
Bir so‘z bilan aytganda, bunday ezgu sa’y-harakatlar bugun mahalla hayotining naqadar jo‘shqin, inson qadri ulug‘lanayotgan bir maskanga aylanganini ko‘rsatadi. Kelgusida ham zimmamizdagi mas’uliyatni chuqur anglagan holda vazifalarni to‘laqonli amalga oshirish uchun bor kuch-salohiyat va imkoniyatlarni ishga solamiz. Zotan, har bir oila farovonligiga, mustahkamligiga erishsak, mahalla ham chin ma’noda obod maskanga aylanadi.
Ahmadjon A’loxo‘jayev,
Namangan viloyati Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i.
O‘zA.