Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalla — islohot markazi va farovonlik kafolati
11:57 / 2026-01-27

Har bir mahalla shunchaki ko‘chalar va uylar majmuasi emas, balki davlat siyosati qay darajada ishlayotgani, xalqning turmush sifati va iqtisodiy islohotlar samarasi hayotning o‘zida namoyon bo‘ladigan tirik ijtimoiy maydondir.

Shu ma’noda, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida 2026 yil uchun kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan yangi vazifalar belgilab berilib, mahallani davlat va xalq hamkorligi real baholanadigan asosiy hayotiy maydon sifatida yanada faollashtirish vazifasi qo‘yildi. Ana shu yondashuvning amaliy samarasi o‘tgan yil yakunlarida aniq raqamlar bilan o‘z ifodasini topdi.

O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, iqtisodiy o‘sish 7,7 foizga yetdi, YAIM 147 milliard dollardan oshdi. Inflyatsiya esa 9,8 foizdan 7,3 foizga pasaydi. Shu davrda 366 ming oila kambag‘allikdan chiqdi, kambag‘allik 8,9 foizdan 5,8 foizga, ishsizlik 5,5 foizdan 4,8 foizga tushdi. Buni davlat va xalq o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlagan islohotlar samarasi deyish mumkin. Biroq erishilgan natijalar mavjud vazifalarning to‘liq bajarilganini anglatmaydi.

Erishilgan natijalarga qaramay, Prezident ta’kidlaganidek, ishlar hali yakunlanmagan. 2026 yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilindi. Har bir mahallada, har bir aholiga qaratilgan reja va natija aniq bo‘lishi kerak.  

Mahallada ixtisoslashuvni chuqurlashtirish — kambag‘allik va ishsizlikka qarshi samarali kurashning asosiy omili sifatida yana bir bor ko‘rsatildi.

Hududlardagi chuqur ixtisoslashuv — Arnasoyda chorvachilik, Sho‘rchida bananchilik, Quvada anorchilik, Bo‘stonliqda asalarichilik misolida aytildi. Bu tajribalar hamma joyda joriy etilishi, ularni o‘rgatish va qamrovini kengaytirish tizimi yo‘lga qo‘yilishi lozimligi borasida topshiriqlar berildi. Chindan ham, agar mahalladagi har bir aholi va tadbirkor faol bo‘lsa, aholi turmushi va daromadlari sezilarli oshadi.

Joriy yilda 70 ta tuman va 1 ming “og‘ir” mahallada asosiy e’tibor infratuzilma, ish o‘rinlari va daromadni oshirishga qaratiladi. Shuningdek,  mahallalarda yo‘l, suv, elektr ta’minoti va boshqa kommunal xizmatlarni yaxshilash uchun aniq mablag‘ ajratiladi: 12 trillion so‘m “og‘ir” tuman va mahallalarga, 4,2 trillion so‘m mahalliy byudjetlarga.

Yosh kadrlar va mahallalar bosh rejasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. 18 ta oliygohda tayyorlanayotgan 7 mingdan ziyod arxitektor va urbanist talabalar “og‘ir” mahallalarda amaliy tajriba orttiradi. Tanlovlar va eng yaxshi loyihalar uchun 100 million so‘mlik mukofotlar berilmoqda. Bu milliy mutaxassislar korpusini shakllantirish va mahallada innovatsion yondashuvni rivojlantirish demakdir.

Energiya samaradorligi va “yashil” energiya loyihalari ham amalga oshirilmoqda. 903 ta mahallada har birida 300 kilovattli kichik quyosh stansiyalari quriladi, ulardan olingan daromad mahalla fuqarolari turmushini yaxshilashga yo‘naltiriladi. Bu jarayonda1-guruh nogironligi bor 6,7 ming xonadon, shuningdek, ehtiyojmand oilalar ish bilan ta’minlanadi.

Mahallada tadbirkorlik va tomorqa ixtisoslashuvini qo‘llab-quvvatlash uchun qator manzilli moliyaviy mexanizmlar joriy etilayotgani, ayniqsa, quvonarli. Xususan, sertifikati bor ko‘chatlar xaridini homiylik bilan qoplash; meva turiga qarab “shpalar” uchun 20 mingdan 70 ming so‘mgacha subsidiya; tomorqada tomchilatib  sug‘orish uchun har 1 sotiqqa 160 ming so‘m kompensatsiya; eksportbop mahsulot yetishtirgan tadbirkorlar uchun bonuslar; 2 ming gektar o‘rmon yerlari 10 yilga 4 ming oilaga beriladi, pilla kooperativlari uchun 4 million so‘mdan subsidiya; pilla uyi uchun 20 million so‘mgacha foizsiz ssuda; 140 trillion so‘mlik kichik va o‘rta biznes kreditlari, “og‘ir” tumanlarda esa stavka 12 foizga tushiriladi.

Endi hokim yordamchilari va mahalla faollari “loyihaviy yondashuv” asosida ishlaydi, ularning xorijda malaka oshirishi va eng yaxshi mahallalarga qo‘shimcha mablag‘ berilishi esa mahalla rivojining kafolati bo‘lishi shubhasiz. Loyiha guruhlari kanallar, ko‘chalar, turizm va servis hududlarini rivojlantirishda ishlab chiqiladi, bu mahallada iqtisodiy va ijtimoiy hayotni integratsiyalashtiruvchi mexanizmdir.

Shu bilan birga, ro‘yxatga olish jarayonidagi 7,6 million xonadondan 4,7 millioni allaqachon ro‘yxatdan o‘tdi. Bu jarayon har bir mahalla va oilaning haqiqiy holatini aniqlash, kelgusi rejalar va byudjet taqsimotini real ma’lumotlarga asoslash uchun muhim qadamdir.

Ya’ni, davlat va mahalla o‘rtasidagi yangi “ijtimoiy shartnoma” tizimi shakllanmoqda: har bir mablag‘, har bir tashabbus va har bir loyiha aholi hayotida aniq natija berishga qaratilgan. Mahalla islohotning markaziga aylanib, xalqning haqiqiy farovonligi kafolatiga aylanishi lozim.

O‘z navbatida, ushbu islohotning yangi bosqichi deputatlar uchun ham mas’uliyat yuklamoqda. Har bir mablag‘ va tashabbus aholi hayotida aniq natija berishi uchun qonunchilik, nazorat va samarali mexanizmlar orqali mas’uliyatni amalga oshirish bizning asosiy burchimizdir.

Hilola Yusupova,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi deputati.