O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025 yil 26 dekabrda Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnoma yo‘lladi.
Avvalo aytish kerakki, Murojaatnoma davlatning o‘z fuqarolari oldida ochiq hisobdorligini ta’minlaydigan, strategik maqsadlar va amaliy vazifalar o‘rtasidagi bog‘liqlikni ochib beruvchi muhim siyosiy instrumentdir. U orqali mamlakat yetakchisi nafaqat yil natijalarini sarhisob qiladi, balki kelgusi bosqichda jamiyat oldida turgan asosiy vazifalarni konseptual jihatdan belgilab beradi.
Davlatimiz rahbarining murojaati “Bugun Oliy Majlisga va ko‘p millatli xalqimizga kelgusi yil uchun Murojaatnomani taqdim etar ekanman…” degan so‘zlar bilan boshlanadi. Bu ibora Murojaatnomaning asosiy yo‘nalishi – kelgusi taraqqiyot strategiyasini belgilash ekanini ko‘rsatadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar falsafasi “deklaratsiya”dan “amaliy natija”ga o‘tish bilan xarakterlanadi. Prezidentimiz buni Murojaatnomada “Biz islohotlarni aniq amaliy natijaga aylantirishni o‘rgandik”, deya aniq va ochiq ifodalaydi. Bu fikr davlat boshqaruvida pragmatik yondashuv, institutsional samaradorlik va natijadorlikka asoslangan siyosat tamoyillari ustuvor bo‘lib borayotganini anglatadi. Ya’ni, islohotlar endilikda g‘oya sifatida emas, balki har bir mahalla, har bir xonadon va har bir inson hayotida seziladigan o‘zgarish sifatida baholanmoqda. Bu natijalar shahar va qishloqlar qiyofasining o‘zgarishi, infratuzilmaning modernizatsiya qilinishi, raqamli xizmatlar rivoji, yangi ish o‘rinlari va ijtimoiy himoya tizimida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Mazkur Murojaatnomaning muhim konseptual jihatlaridan biri – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining global kontekstda tahlil qilinishi. Prezidentimiz o‘z nutqida jahonda kechayotgan murakkab jarayonlarga alohida to‘xtalib o‘tadi: “Dunyoda sodir bo‘layotgan va yaqin-yaqingacha hech kim tasavvur qila olmagan o‘zgarishlar sharoitida o‘ta murakkab yilni yakunlayapmiz”. Bu yerda gap geosiyosiy qarama-qarshiliklar, global savdo zanjirlarining uzilishi, xavfsizlik tahdidlari, inflyatsion bosim va moliyaviy noaniqliklar haqida bormoqda. Shunday murakkab muhitda milliy iqtisodiyotning barqaror o‘sishi – davlat siyosati samaradorligining asosiy indikatori hisoblanadi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, barcha qiyinchiliklarga qaramasdan, O‘zbekiston iqtisodiyoti ishonchli va barqaror o‘sishda davom etdi. Bu holat o‘lkaning makroiqtisodiy barqarorlik siyosati, diversifikatsiyalangan iqtisodiy model hamda ochiq tashqi iqtisodiy aloqalarga asoslangan strategiyasi to‘g‘ri yo‘nalishda ekanini ko‘rsatadi.
Prezidentimiz Murojaatnomada iqtisodiy o‘sishni mustaqil maqsad sifatida emas, balki inson farovonligiga xizmat qiluvchi vosita sifatida talqin qiladi. Bu yondashuv zamonaviy ijtimoiy davlat nazariyasiga to‘liq mos keladi. Ya’ni, Murojaatda shunday deyiladi: “Islohotlarimiz samarasini har bir mahalla, har bir xonadon va har bir inson kundalik hayotida his qilmoqda”. Bu fikr davlat siyosatida inson markaziy o‘rinda ekanini anglatadi. Iqtisodiy o‘sish, infratuzilma, investitsiya – bularning barchasi pirovardida inson hayoti sifatini oshirishga xizmat qilishi lozim.
Prezidentimiz nutqida kambag‘allik masalasi alohida strategik ahamiyatga ega bo‘lgan muammo sifatida ko‘rib chiqiladi. Bu borada u quyidagicha ta’kidlaydi: “Biz kambag‘allikni qisqartirish masalasini umummilliy harakatga aylantirdik”. Ushbu fikr kambag‘allikka qarshi kurash davlatning yakka o‘zi amalga oshiradigan vazifa emas, balki jamiyatning barcha qatlamlari – mahalla, tadbirkorlik sub’ektlari, nodavlat sektor va fuqarolarning hamkorligini talab qiluvchi keng ko‘lamli jarayon ekanini anglatadi.
Prezidentimiz bu masalada muhim konseptual nuqtani belgilaydi: “Asosiy maqsadimiz – odamlarimizni doimiy daromadli qilish”. Bu yerda ijtimoiy siyosatning passiv - nafaqa, yordam modeli emas, balki faol ijtimoiy davlat modeli tanlanganini ko‘ramiz.
Murojaatnomaning eng muhim va o‘ziga xos qismlaridan biri, mahalla institutiga berilgan strategik ahamiyatdir. Prezidentimiz mahallani nafaqat ijtimoiy tuzilma, balki milliy davlatchilik an’anasiga asoslangan o‘zini o‘zi boshqarish instituti sifatida ta’riflaydi: “Mahalla tinch va ahil bo‘lsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat bo‘ladi”. Bu fikr mahallaning ijtimoiy kapital yaratishdagi o‘rnini ko‘rsatadi. Ijtimoiy kapital nazariyasiga ko‘ra, ishonch, hamjihatlik va o‘zaro yordam jamiyatning barqaror rivojlanishida hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Murojaatnomada 2026 yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb nomlash taklif etildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan 2026 yilga berilgan nom ramziy emas, balki aniq dasturiy mazmunga ega.
Zamonaviy davlat boshqaruvi tizimida davlat rahbarining parlament va xalqqa murojaat qilishi – siyosiy ritorikadan ancha keng mazmunga ega bo‘lgan strategik hujjat hisoblanadi. U bir vaqtning o‘zida hisobot, dastur, prognoz va mafkuraviy yo‘naltiruvchi vazifalarni bajardi. Yurtdoshlarimiz Murojaatnomani tahliliy o‘rganib, amalga oshirishimiz zarur bo‘lgan ustuvor vazifalarni yana bir karra anglab, belgilangan marra va maqsadlarga chuqur mas’uliyat bilan yondashmoqda.
O‘tkir Xoliqulov,
Olmaliq davlat texnika instituti rektori