English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalla – inson qadri ulug‘lanadigan qadriyatlar maskani
16:11 / 2026-01-20

Azaldan mahalla ilm, ma’rifat, tinchlik va osoyishtalikni saqlash va milliy qadriyatlar maskani bo‘lib hisoblanadi. Mahalla xalq bilan mamlakat o‘rtasidagi ishonch ko‘prigi sifatida xizmat qiladigan, insonni jamiyatning bir qismi bo‘lishga o‘rgatadigan, uni bag‘rikenglik va xalqparvarlik ruhida tarbiyalaydigan makondir.

Manbalar tahliliga ko‘ra, “Mahalla” atamasi arabcha bo‘lib, joy-o‘rin-makon, hudud, guzar, kengash ma’nosini anglatadi. Mahalla turli mintaqalarda jamoa, mahallot yoki qo‘shin ma’nolarida qo‘llanilgan. “Boburnoma”da Andijondagi “qal’aning girdo-girdi tamom mahallottur”, - deyilganda “mahallot” “joy” ma’nosida ishlatilgan. O‘zbekistonda uch ming yillik davlatchilik tarixi, boy va betakror madaniyatiga ega bunyodkor xalq istiqomat qiladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 127-moddasiga ko‘ra, shaharchalar, qishloqlar va ovullarda, shuningdek shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va ovullardagi mahallalarda fuqarolarning yig‘inlari o‘zini o‘zi boshqarish organlari bo‘lib, ular raisni saylaydi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmaydi hamda mahalliy ahamiyatga molik masalalarni fuqarolarning manfaatlaridan, rivojlanishning tarixiy o‘ziga xos xususiyatlaridan, shuningdek milliy qadriyatlardan, mahalliy urf-odatlar va an’analardan kelib chiqqan holda, qonunga muvofiq mustaqil ravishda hal etishga haqli. Davlat fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi, ularga qonunda belgilangan vakolatlarini amalga oshirishida ko‘maklashadi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari saylovi tartibi, ularning faoliyatini tashkil etish va vakolatlari qonun bilan belgilanadi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida ta’kidlanganidek, bugungi murakkab zamonda yoshlarimizni turli sinovlarga chidamli, vatanparvar insonlar etib tarbiyalash, xalqimizni yanada birlashtirish va jipslashtirishda, hech shubhasiz, o‘zini o‘zi boshqarishning noyob tizimi bo‘lgan mahallaning o‘rni va ahamiyati katta. Bugungi kunda jamiyatimizda turli xil fikr va qarashlar bo‘lishi tabiiy. Bu – demokratiyaning birlamchi talabi. Ammo, millati, tili va dinidan qat’i nazar, butun el-yurtimizni birlashtiradigan ulug‘ bir g‘oya bor. U ham bo‘lsa, Vatan manfaati, xalqimiz manfaatidir. Mana shunday buyuk maqsadga erishishda mahalla tizimining o‘rni va ta’siri beqiyos. 

Prezidentimiz tomonidan 2026 yilni yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb e’lon qilingani Vatanimiz taraqqiyotining ustuvor vazifalarini hal qilishga xizmat qiladi. 2026 yilda belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish uchun alohida davlat dasturi qabul qilinadi. Ushbu dasturda mamlakatdagi 9 mingdan ziyod mahallani, avvalo, mehr-oqibat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish kabi dolzarb masalalar o‘z ifodasini topadi. Har bir viloyatda 2-3 tadan tumanni tanlab, hamma mahallasidagi barcha muammolarni bir vaqtning o‘zida hal qiladigan tizim yaratiladi. 

Ularda bir vaqtning o‘zida tadbirkorlik infratuzilmasi ham rivojlantiriladi. Ushbu maqsadlar uchun barcha manbalar hisobidan 8,5 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi. Kelgusi yilda ilk bor mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun 20 trillion so‘m viloyatlarning o‘ziga beriladi. Kelgusi yilda “Barqaror shahar” platformasi ishga tushirilib, “yashash uchun qulaylik indeksi”ni yuritish yo‘lga qo‘yiladi. Bu indeks orqali shaharlardagi har bir mahallaga xos muammolar aniqlanib, ularga mos yechimlar beriladi. Bu orqali tumanlar budjetida 5 trillion so‘mlik qo‘shimcha manba shakllanadi va u mahallalar infratuzilmasini yaxshilashga sarflanadi.

Darxaqiqat, mamlakatimiz mahallalarning tarixiy  taraqqiyotida yangi davr boshlanmoqda.  Hozirda O‘zbekistonda 10 mingga yaqin mahalla bor. So‘nggi yillarda mahalla institutini isloh qilish va uni xalq hayotiga yaqin, samarali tizimga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Mahallalarda aholi bilan ishlashga qaratilgan jarayonlarni raqamlashtirish orqali «Ijtimoiy mahalla» tizimi doirasida mahallalardagi shart-sharoitlar, infratuzilma va ob’ektlar ahvoli, qurilish va obodonlashtirish ishlarining borishi, ekologik vaziyat va boshqa masalalarni fuqarolar tomonidan virtual monitoring (mobil ilova, ijtimoiy tarmoqlar va h.k.) qilish amaliyoti joriy etilmoqda. 

«Ijtimoiy mahalla» tizimi orqali mahallada ahvolni o‘rganish yuzasidan ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmoqda. Mahallalarning institutsional asoslarini takomillashtirish, mazkur tizim uchun yuqori malakali mutaxassislarni maqsadli tayyorlash ishlari bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. “Mahalla yettiligi” tizimi amaliyotga tatbiq etilgandan buyon aholining muammolarini mahalla darajasida hal etish samaradorligi oshib, yettilikning kollegial qarorlari asosida mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli tobora yaxshilanmoqda. 

Shuningdek, mahallalarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanyapti, infratuzilmasi takomillashib, yangi, zamonaviy qiyofa bilan boyib bormoqda. Mahallada kredit, subsidiya, kompensatsiya, moddiy yordam ajratish kabi 100 dan ziyod xizmatlar mahalla darajasiga tushirilgani hisobiga 7,5 million fuqaro kambag‘allikdan chiqdi, ishsizlik darajasi 2 barobar qisqardi. Shuningdek, 3,5 ming mahalla qiyofasi zamonaviy ko‘rinishga keldi. Mahalla raislarining vakolat muddati 3 yildan 5 yilga uzaytirildi. Ular boshchiligida “yettilik” vertikal tizimi yaratildi, yetarli sharoit, resurs va vakolatlar berildi. «Mahalla yettiligi» a’zolari tomonidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha mahalla fuqarolar yig‘ini oldida hisobot berish tartibi hamda ko‘chaboshi va uyboshilar faoliyatini tashkil etish tartibining xuquqiy asoslari yaratildi. 

Mahalladagi har bir imkoniyatni loyihaga aylantirib, ish o‘rni yaratish uchun mahallalarga bankir va soliqchilar biriktirildi, infratuzilmaga ham alohida mablag‘ ajratilmoqda. O‘zbekistonda mahallalarning nomi, joylashgan hududi, STIRi kabi ma’lumotlar to‘planadigan MFY yagona reyestri shakllantiriladi. Mazkur reyestr mahallaga oid to‘liq ma’lumotlarni shakllantirish, jismoniy shaxslarning manzil ma’lumotlari, yuridik shaxslar va kadastr ob’ektlari ma’lumotlarini mahalla kesimida shakllantirish, davlat organlari va tashkilotlari hamda ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik birlashmalari tomonidan o‘zlarining axborot tizimlarida shakllanadigan mahalla kesimidagi ma’lumotlarni "Elektron hukumat" tizimining yagona infratuzilmasiga birlashtirish maqsadida  yuritiladigan bo‘ldi. Mazkur reyestr tashkilotlar bilan hamkorlik uchun zarur bo‘lgan mahallaga oid yagona ma’lumot manbai hisoblanadi. Endilikda raqamli mahalla institutini shakllantirish maqsadida 2030 yilga qadar mahallalarni 100 foiz raqamlashtirish vazifalari belgilangan. Shu ma’noda, hududlarda mavjud ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni mahallaning o‘zida hal qiladigan xalqchil tizim yaratish vazifalarini amalga oshirish borasidagi ishlar o‘z samarasini bermoqda.

Ayniqsa, mahallalarning joylardagi vakillik organlari bilan, mahalliy Kengashlarning Oliy Majlis Senati bilan, hokimliklarning vazirliklar va ularning hududiy bo‘linmalari bilan aloqalarini mustahkamlash borasidagi ishlarning natijadorligiga erishilmoqda. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 19 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2025 yil 1 maydan boshlab oilaviy mediatsiya ishlari bo‘yicha fuqarolar yig‘ini raislari professional mediatorlikka bepul o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zbekistonning 2030 yilgacha barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish to‘g‘risida ixtiyoriy milliy hisobotida ham ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda aholi farovonligini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish, manzilli ijtimoiy himoya masalalarini bevosita aholi yashash joylarida (mahallalarda) ko‘rib chiqiladigan, boshqa xorijiy mamlakatlardan farq qiluvchi mahalla milliy modeli amalga oshirilmoqda. Mazkur tamoyil asosida bir qator institutsional islohotlar amalga oshirilib, boshqaruv tizimi isloh qilinmoqda. "Ochiq byudjet" tizimi faol ishlab chiqilib, yangi "mahalla byudjeti" tizimi amaliyotga joriy qilinishi natijasida aholi mahalliy byudjet mablag‘larini aniq talab va ehtiyojlardan kelib chiqqan holda taqsimlashda bevosita ishtirok etib, o‘zlarining muammolarini mustaqil hal etishmoqda.

Aytish joizki, mamlakatimiz fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari taraqqiyotidagi yangi bosqichida milliy qonunchilikni rivojlantirishning ob’ektiv ehtiyojidan kelib chiqib bu borada norma ijodkorlik faoliyatini amalga oshirishni taqazo etmoqda. Shu maqsadda, O‘zbekiston Respublikasining 2013 yil 22 apreldagi “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunini (yangi tahriri) takomillashtirish zaruriyati vujudga kelmoqda. Mazkur qonunni hozirda  Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan strategik  siyosiy, iqtisodiy va xuquqiy islohotlarga monand tarzda uni tizimlashtirish va birxillashtirish hamda aqlli tartibga solish elementlari bilan uyg‘unlashtirishni taqozo etmoqda.

Eng avvalo mazkur qonunni “Raqamli mahalla”ga oid  ustuvor normalar bilan to‘ldirish lozim. Raqamli mahalla platformasini boshqa tegishli davlat tashkilotlar axborot tizimlari bilan integratsiya qilish ishlarini huquqiy ta’minlashni yanada  takomillashtirish lozim. Boshqacha aytganda, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatida axborot kommunikatsion texnologiyalardan foydalanish tartibi va asoslariga bag‘ishlangan normalarni belgilash zarur. Zamonaviy raqamli boshqaruv tizimini shakllantirish maqsadida kelgusida fuqarolarning o‘zini–o‘zi boshqarish organlari faoliyatida sun’iy intellektdan foydalanishga oid normalarni nazarda tutish zamonaviy raqamli texnologik o‘zgarishlarga ham mos bo‘lgan bo‘lar edi. Shuningdek, mahalla kadrlarini tayyorlash va malakasini oshirish maqsadida mahalla raisi va xodimlari shu jumladan, mahalla yettiligi vakillarini maxsus raqamli dasturiy ta’minotlarlarga muvofiq davriy ravishda o‘qitish, qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimi, ular faoliyatini ilmiy tadqiq etib o‘rganishning samaradorligini oshirish hamda uni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi va moliyalashtirish tartibi va asoslariga oid ustuvor normalarni belgilash lozim.

Bundan tashqari, fuqarolar yig‘ini raislari professional mediatorlikka bosqichma-bosqich o‘qitib borish, professional mediatorlikka o‘qitilgan fuqarolar yig‘ini raislari otaning (onaning) voyaga yetmagan farzandlari uchun ota-onalik huquqlarini ta’minlash bilan bog‘liq nizolar bo‘yicha mediatorlik faoliyatini bepul amalga oshirishga xaqliliga oid ustuvor normalarni nazarda tutish ham sohaviy maxsus  qonunchilikning bu xaqdagi normalarni  tizimli mazmunda ifoda etishning zamonaviy tendensiyalariga mos bo‘lgan bo‘lar edi. Eng muhimi, bugungi kunda mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish, aholining daromadlarini ko‘paytirish bir so‘z bilan aytganda, mahallaning iqtisodiy rivojlanishining huquqiy asoslarini takomillashtirishni taqazo etmoqda.

Shu maqsadda, mahallaningmoliyaviy- iqtisodiy rivojlanishi qonun ustuvorligi, iqtisodiy faoliyat erkinligi, xususiy mulk daxlsizligi, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy sheriklik prinsiplariga asoslanadi. Mahalla hududida startap loyihalarni, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, oilaviy tadbirkorlik, ijtimoiy va raqamli ishlar, xizmatlar, o‘zini o‘zi band qilishni qo‘llab-quvvatlashda mahalla davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda tadbirkorlik sub’ektlari bilan hamkorligi xaqida aniq normalarni belgilash lozim. 

Boshqaruv servis kompaniyasida yoshlar uchun kasb-hunar o‘quvlari, maishiy xizmat shoxobchalarini joylashtirish ayniqsa,  mamlakatimiz va dunyoning nufuzli kutubxonalari bilan raqamli integratsiyalashtirilgan kichik kutubxonalarni joylashtirish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Mahallaning iqtisodiy rivojlanishiga oid dasturlar va loyihalar davlat va mahalliy dasturlar bilan uyg‘un holda amalga oshiriladi hamda ularni moliyalashtirish qonun hujjatlarida belgilangan manbalar hisobidan ta’minlanadi. Mahallaning iqtisodiy faoliyatda ishtirok etishi fuqarolar manfaatlari, ochiqlik va shaffoflik prinsiplariga rioya etilgan holda tasdiqlangan yo‘l xaritalarning amaliy ro‘yobga chiqarishning mukammal asoslari bilan bog‘liq normalarni ifoda etish maqsadga muvofiq. 

Xulosa qilib aytganda, Yangi O‘zbekistonda  mahalla  nafaqat inson qadri ulug‘lanadigan va qadriyatlar beshigi balki uning ma’naviy yuksalishiga beshik bo‘lgan, tarixi bir necha ming yillik tarixga borib taqaladigan, dunyoning barcha taraqqiyot bosqichlariga guvoh bo‘lgan, bag‘rida ham olis o‘tmish, ham bugungi tamaddun jarayonlarini namoyon etuvchi fuqarolar hayotning xaqiqiy qiyofasini ifoda etadigan ta’lim-tarbiya maskani bo‘lib hisoblanadi. 

Shuhrat Ro‘zinazarov, Toshkent davlat yuridik 

universitetining professori, yuridik fanlari doktori.