Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Piskent tumanidagi bir qator mahallalarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar va yangi loyihalar bilan tanishdi.
Dastlabki manzil “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini bo‘ldi. Bu hudud og‘ir toifa ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, aholi uchun qulay infratuzilmaviy sharoitlar yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi. Shuningdek, hokim yangidan qurib bitkazilgan mahalla binosini ko‘zdan kechirib, fuqarolarga xizmat ko‘rsatish uchun yaratilgan zamonaviy qulayliklar bilan tanishdi.

Shundan so‘ng, Birlik mahallasida joylashgan tadbirkorlik tuzilmasi faoliyati o‘rganildi. Tomchilatib sug‘orish tizimi bo‘yicha barpo etilgan dala maydonida salat bargi yetishtirilmoqda. Mahsulotlar asosan Rossiya Federatsiyasiga eksport qilinadi. Viloyat hokimi bu kabi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidlab, xo‘jalikdagi ish jarayonini samarali tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Viloyat rahbari Toshkent magistral kanali bo‘yida amalga oshirilayotgan “Sohil bo‘yi” loyihasi doirasida barpo etilayotgan savdo va ko‘ngilochar maskan qurilishini ko‘zdan kechirarkan, loyihadagi ayrim kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berdi. Ushbu hududda aholi dam olishi uchun qulay, zamonaviy va ekologik talablarga javob beradigan infratuzilmani yaratish zarurligini qayd etdi.

Bundan tashqari, Oybek mahallasidagi 8,7 gektar sobiq paxta tozalash korxonasi maydonidan samarali foydalanish bo‘yicha ishlab chiqilgan taklif va loyihalar muhokama qilindi. Navoiy mahallasida yangi tashkil etilgan “Nuroniylar maskani” faoliyati bilan ham o‘rganishlardan chetda qolmadi.
Mo‘minobod mahallasida esa yoshlar istirohat bog‘ini obodonlashtirish va zamonaviy dam olish maskani tashkil etishga oid rejalar ko‘rib chiqildi. Hokim mazkur hududda aholi uchun madaniy va oilaviy hordiq chiqarish imkoniyatlarini yaratish muhimligini ta’kidladi.

Mingtepa mahallasida ham uzumchilikni rivojlantirish va yangi plantatsiyalar barpo qilish borasida keng ko‘lamli sa’y-harakatlar qilinmoqda. Xususan, xitoylik investorlar tomonidan tashkil etilgan zamonaviy yig‘ma konstruksiyali inshootda pilla qurti parvarishlash loyihalari amalga oshirilmoqda.
Viloyat hokimi korxona faoliyati bilan tanishib, mazkur yo‘nalishda mahalliy xomashyo bazasini kengaytirish va ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
A.Musayev, O‘zA