Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va mamlakatimiz xalqiga yo‘llagan murojaatnomasi mamlakat taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlari, jamiyat birligi va davlat siyosatining ustuvorliklarini belgilab berdi. Ushbu murojaatnomada mahalla institutiga alohida urg‘u berilishi, uning ijtimoiy kapitalni shakllantirish va milliy birdamlikni mustahkamlashdagi beqiyos o‘rnini yana bir bor tasdiqladi. Prezidentning nutqi mahallani nafaqat ma’muriy birlik, balki O‘zbekistonning betakror taraqqiyot modelining markaziy bo‘g‘ini sifatida qabul qilishga qaratilgan strategik yondashuvni aks ettiradi.
Murojaatnomada davlatimiz rahbari “mahalla va yaxshi qo‘shnichilik qadriyatlari ijtimoiy kapitalni boyitishga xizmat qilishi”ni ta’kidladi. Ijtimoiy kapital deganda, odatda, jamiyat a’zolari o‘rtasidagi ishonch, hamkorlik, ijtimoiy normalar va tarmoqlar yig‘indisi tushuniladi. O‘zbekiston sharoitida mahalla azaldan ana shu ijtimoiy kapitalni yaratish va rivojlantirishning asosiy mexanizmlaridan biri bo‘lib kelgan. Bu yerda odamlar bir-birini yaxshi taniydi, qiyinchilikda yordam beradi, quvonchda birga bo‘ladi va umumiy muammolarni birgalikda hal qiladi. Mahallaning an’anaviy tuzilmalari, qariyalar kengashlari, xotin-qizlar qo‘mitalari va yoshlar yetakchilari orqali jamoaviy qarorlar qabul qilinadi, nizolar tinch yo‘l bilan hal etiladi va jamoat tartibi saqlanadi. Bularning barchasi aholi o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va birdamlikni mustahkamlab, ijtimoiy kapitalni boyitadi.
Prezidentimiz o‘z nutqida milliy birdamlik masalasiga alohida urg‘u berib, “iarix davomida qanday og‘ir sinovlarga duch kelmaylik, biz avvalo, birdamlikdan kuch oldik. Mashaqqatli kunlarda odamlarimiz, mahalla ahli yelkadosh bo‘lib qiyinchiliklarni yenggan” degan fikrlarni ilgari surdi. Bu tarixiy tajribaning bugungi kundagi ahamiyati, ayniqsa, global murakkabliklar sharoitida yanada ortadi. Mahalla yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda, xalqni yanada birlashtirishda beqiyos rol o‘ynaydi. Bu yerda milliy qadriyatlar, urf-odatlar va an’analar avloddan avlodga o‘tadi, umumiy g‘oya – Vatan va xalq manfaati yo‘lida birlashish hissi shakllanadi. Prezidentning yoshlarni ulkan bunyodkor kuch sifatida e’tirof etishi ham, ularning mahalla muhitida shakllanadigan salohiyatiga bo‘lgan ishonchni anglatadi.
Mahalla tinch va ahil bo‘lsa, jamiyatimiz ham tinch va hamjihat bo‘ladi. Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi. Demakki, mahalla jamiyatning eng asosiy poydevori. Bu – mahalla darajasidagi barqarorlik va ijtimoiy ahillik, umumiy milliy barqarorlikning garovi ekanligini anglatadi. Mahalladagi ijobiy muhit fuqarolarning farovonligini ta’minlashga, ijtimoiy muammolarni erta aniqlash va hal qilishga yordam beradi. Bundan tashqari, mahalla davlat va jamiyat o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini o‘tab, davlat siyosatining bevosita aholiga yetib borishini ta’minlaydi.
Prezidentimizning 2026 yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilish taklifi, mahalla institutiga bo‘lgan davlat e’tiborining yangi bosqichiga ishora qiladi. Bu nafaqat mahalla tizimini yanada mustahkamlash, uning infratuzilmasini yaxshilash, kadrlar salohiyatini oshirish, balki mahallaning ijtimoiy-siyosiy rolini yanada kuchaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli davlat dasturlarini amalga oshirishni anglatadi. Ushbu tashabbus mahallani mamlakatning butun ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish strategiyasining markaziga qo‘yishga qaratilgandir.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning murojaatnomasi O‘zbekistonning bugungi va kelajak taraqqiyotida mahalla institutining muhimligini strategik darajada belgilab berdi. Mahalla – bu nafaqat o‘zbek jamiyatining tarixiy merosi, balki ijtimoiy kapitalni shakllantiruvchi, milliy birdamlikni ta’minlovchi, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalovchi va umuman, mamlakat tinchligi va ravnaqining asosiy poydevoridir. 2026 yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilish taklifi esa, bu tizimning kelgusidagi yanada mustahkamlanishi va O‘zbekistonning o‘zgarishlar davridagi muvaffaqiyatida hal qiluvchi rol o‘ynashini anglatadi. Ushbu yondashuv O‘zbekistonning o‘ziga xos, inson qadri va jamoaviy birdamlikka asoslangan taraqqiyot yo‘lining yaqqol namoyonidir.
Gulchehra Dadamirzayeva,
NamDU tarix kafedrasi dotsenti.