Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Mahalla huquqshunosi” loyihasi amalga oshirilmoqda
17:17 / 2024-06-03

Aholining ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquq va manfaatlarini himoya qilishda adliya idoralarining o‘rni va ahamiyati beqiyos. Prezidentimizning 2024 yil 24 maydagi “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi farmoni soha xodimlarining bu boradagi faoliyat yo‘nalishlarini yanada kengaytirdi, ularning zimmasiga bir qator mas’uliyatli vazifalarni yukladi.

Namangan viloyati adliya boshqarmasida ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida mazkur farmon mazmun-mohiyati va uni qabul qilishning zarurati haqida batafsil ma’lumot berildi.

– Farmondan ko‘zlangan eng asosiy maqsad  adliya organlari ko‘proq odamlar orasida, mahallalarda bo‘lib, ularning dardu tashvishlarini tinglab, muammolarini birgalikda hal etishga ko‘maklashishdir, – deydi viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Dilmurod Ahmedov.–- Maqsadimiz joylarda aholi ko‘tarayotgan dolzarb muammolarni hal qilish, fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatish, huquqiy muammolarini mahallaning o‘zida hal qilish hamda aholiga, avvalo ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatilishini ta’minlashdir. – Shu boisdan “Namangan tajribasi” sifatida haftaning dam olish kunlari viloyat adliya tizimidagi 450dan ortiq xodim tomonidan “Mahalla huquqshunosi” loyihasi amalga oshirilmoqda. Ular o‘z yashash manzilidagi “mahalla yettiligi” bilan birgalikda fuqarolarga huqiqiy masalalarda tushunchalar berish asnosida hududdagi dolzarb muammolarning huquqiy yechimlarini topishda yaqindan ko‘maklashmoqda. Darvoqe, viloyatdagi mavjud 788 ta mahalla fuqarolar yig‘inida “Adliya burchagi” tashkil qilinmoqda. Ayni vaqtda esa viloyat adliya boshqarmasi hamda uning shahar va tuman bo‘limlari, Davlat xizmatlari markazlari tomonidan viloyatdagi tanlab olingan 224 ta mahallada haftaning chorshanba kunlari huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda va fuqarolarga sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda.

Ta’kidlash joizki, Prezident farmonida maktablardagi huquqiy ta’lim-tarbiyaga alohida e’tibor berilgan. Shu orqali yosh avlod ongiga huquq va burch, halollik va poklik tushunchalarini hamda odob-axloq me’yorlarini singdirib borish, Konstitutsiyaning muhim jihatlarini ularga bolaligidanoq chuqurroq o‘rgatish maqsad qilingan.

Qolaversa, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qonunchilik hujjatlari va islohotlar mazmun-mohiyatini aholiga yetkazishning yangi tartibi joriy etilmoqda. 2024 yilning iyun oyidan davlat organlariga huquqiy axborotni yetkazish bo‘yicha yagona huquqiy axborot almashish tizimi ishga tushiriladi. Shu yilning 1 iyulidan “Madad” nodavlat tashkilotining barcha tuman va shaharlarda maslahat byurolari bosqichma-bosqich tashkil qilinadi. Bugungi kunda Namangan viloyatida o‘nta: Namangan shahri, Pop, Chust, To‘raqo‘rg‘on, Yangiqo‘rg‘on, Namangan, Uychi, Chortoq, Uchqo‘rg‘on va Norin tumanlarida ularning filallari mavjud.

Mazkur hujjat bilan markazlar orqali yana 13 ta yangi xizmat joriy etilmoqda. Yil yakuniga qadar davlat xizmatlarini ko‘rsatishda shaxsni biometrik identifikatsiya qilish (“Face-ID”) usuli joriy qilinadi va fuqarolar tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish talab etilmaydi.  

Aholi gavjum joylar, mahallalar 24/7 rejimida onlayn davlat xizmatlarini ko‘rsatadigan interaktiv kioskalar bilan bosqichma-bosqich ta’minlanadi, yil yakuniga qadar markazlar va Yagona portal orqali ko‘rsatiladigan 13 ta yangi davlat xizmatlari joriy etiladi, 18 ta xizmat proaktiv va kompozit shakllariga o‘tkaziladi, 15 ta davlat xizmati yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan agent sifatida ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yiladi.

2025 yil 1 yanvardan mamlakatimiz fuqarolari, O‘zbekistonda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning shaxsga doir ma’lumotlari yagona elektron bazasi – Aholining yagona elektron reestri joriy etiladi. Shuningdek, Adliya vazirligining bir qator muassasalarini birlashtirgan holda yaxlit ikkita institut tashkil qilinmoqda, bular Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti hamda Qonunchilikni tahlil qilish va tartibga solish ta’sirini baholash instituti.

Matbuot anjumanida jurnalistlar va ijtimoiy tarmoqlar faollari tomonidan adliya idoralari faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan taklif-mulohazalar bildirildi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri