Mahalla faqatgina yurtimizga xos bo‘lgan institutdir. Bu aholi bilan bevosita ishlashning eng samarali va an’anaviy mexanizmidir. Zero mavjud muammolar joyida tez va samarali hal qilinsa insonlar farovonligi yaxshilandi.
Shuni inobatga olib, aholi bandligini ta’minlash va tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga kambag‘allikni qisqartirishga e’tibor qaratish, aholi hayotidagi muammolarni tizimli o‘rganish va o‘z vaqtida, to‘lig‘icha hal etishga xizmat qiluvchi «mahallabay» ishlash tizimi joriy etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 dekabrdagi farmoniga muvofiq, har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi lavozimi ta’sis etilgan edi.
«Mahallabay» ishlash tizimining asosiy yo‘nalishlari sifatida quyidagilarni keltirib o‘tish mumkin:
– aholida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga oid qiziqish va intilishlarini aniqlash va ularning mazkur faoliyat bilan shug‘ullanishlari uchun bilim va ko‘nikmalarni hosil qilishga qaratilgan o‘quv kurslarini tashkil etish;
– yoshlar va xotin-qizlar tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishlarini amalga oshirishlari uchun amaliy yordam ko‘rsatish orqali kambag‘allikni qisqartirish.
Jumladan, tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan ishsiz, shu jumladan, «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan fuqarolarga faoliyatini boshlash uchun kerak bo‘lgan asbob-uskuna, mehnat qurollarini xarid qilish uchun 7 million so‘mgacha, xotin-qizlarga 10 million so‘mgacha subsidiyalar ajratiladi;
– banklar mahallalardagi aholining tadbirkorlik intilishlarini ro‘yobga chiqarishda kreditlardan foydalanishlari uchun biznes-rejalarni ishlab chiqishda maslahatlar berish, zarur biznes axborotlarni berib borish;
– hududlarda aholi tadbirkorlik faoliyati uchun zarur bo‘ladigan shart-sharoitlarni yaratish, mavjud to‘siqlarni to‘lig‘icha bartaraf etish orqali aholining tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali daromadga ega bo‘lishlarini ta’minlash.
Misol uchun tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan ishsiz fuqarolarga tadbirkorlik sub’ekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgandan so‘ng dastlabki uch oy mobaynida olingan bino va inshootning ijara to‘lovini to‘lash uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha subsidiyalar beriladi.
Yuqorida ko‘rsatilgan vazifalarni bajarish maqsadida maqsadida 48 503 nafar fuqaroga jami 196,7 mlrd.so‘m subsidiya ajratildi. Shundan, 39 749 nafar xotin-qizlarga 163,7 mlrd so‘m, shu jumladan, "Ayollar daftari"ga kiritilganlar 23 199 nafarga 110,7 mlrd so‘m ajratilgan.
Hududlardagi ahvolni mahalla ahli va faollaridan yaxshi hech kim bilmaydi. Binobarin, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash, extiyojmand oilalarga manzilli yordam ko‘rsatish kabi eng dolzarb masalalarning yechimi birinchi navbatda mahallalarda topilishi kerak.
Ko‘plab masalalar ortiqcha qog‘ozbozliksiz, yugur-yugurlarsiz mahalladan chiqmay turib hal bo‘ladigan bo‘ldi. Bir necha yillardan buyon yechimi topilmay kelayotgan muammolarga xonadonbay ishni tashkil etgan holda yordam berilmokda.
Yana bir muhim jihatlardan biri – mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish, fuqarolarni tadbirkorlikka jalb etish orqali oilaviy sharoitlarni yaxshilashga erishildi.
O‘zA