Xalqaro media xollda o‘tkazilgan ochiq muloqotda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Gulnora Marufova so‘zga chiqib, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘rilgan asosiy choralar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Xotin-qizlarning muammolarini “fuqarobay” hal etish va ularni rozi qilishga qaratilgan eng avvalo “Ayollar daftari” tizimi yaratilib, bu jahonning biror davlati amaliyotida ham uchramaydigan analogi yo‘q noyob tizimdir. Bu tizimda ishchi guruhlar 6 milliondan ortiq xonadonga birma-bir kirib o‘rgandi. Bunda birorta ham ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qiz e’tibordan chetda qolib ketmasligiga alohida e’tibor qaratildi.
2021 yil 28 aprelda ushbu tizimni yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 250-son qarori qabul qilinib, Vaqtinchalik tartib yangi tahrirda tasdiqlandi. Vaqtinchalik tartibga binoan 30 yoshdan oshgan xotin-qizlar 9 ta mezon asosida bo‘lingan holda “Ayollar daftari”ga kiritildi.
Joriy yil davomida sektorlar rahbarlari taklifi asosida shakllantirilgan “Ayollar daftari”ga kiritilgan jami 883 ming 751 nafar xotin-qizlarning muammolari xal etildi.
Xususan 395 ming 729 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlarning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashildi. Jumladan, 209 ming 767 nafari yaratilgan yangi ish o‘rinlari va bo‘sh (vakansiya) ish o‘rinlari bo‘yicha ish bilan ta’minlandi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlar uchun 37 milliard 80 million so‘m mablag‘ sarflandi. 53 ming 701 nafari kasb-hunarga o‘qitildi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlar uchun 22 milliard 692 million so‘m mablag‘ sarflandi.
2-toifa bo‘yicha 75 ming 467 nafar boquvchisini yo‘qotgan ehtiyojmand xotin-qizlarga 58 milliard 929 million so‘m miqdorida moddiy yordam berildi. 66 ming 422 nafar nogironligi bo‘lgan va o‘zgalar parvarishiga muhtoj xotin-qizlarga 55 milliard 879 million so‘mlik moddiy yordamlar belgilangan tartibda to‘lab berildi.
5 ming 140 nafar uy-joyini ta’mirlashga muhtoj I guruh nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarga moddiy yordam berildi va uy-joylari ta’mirlab berildi.
Shu o‘rinda ta’mirlash ishlarini tashkil etishda barcha hududiy sektor rahbarlari va homiylar, tadbirkorlar faol ishtirok etganini ta’kidlash lozim. Uy-joylarni ta’mirlash ishlariga homiylik mablag‘lari va qonunda taqiqlanmagan manbalar hisobidan 28 milliard 558 million so‘m mablag‘ sarflandi.
Noturar joylarda istiqomat qilayotgan, o‘zining yoki birgalikda yashovchi oila a’zolarining nomida turar joy mavjud bo‘lmagan 10 ming 953 nafar xotin-qizlardan 4 ming 65 nafariga 14 milliard 682 million so‘mlik ijara kompensatsiyasi to‘lab berildi, 4 ming 769 nafari imtiyozli arzon uy-joylar bilan ta’minlandi.
21 ming 100 nafar qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan bolasi mavjud yolg‘iz ayollarga “Ayollar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 4 milliard 831 million so‘m hamda “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan 785 million so‘m, shuningdek, homiylik va boshqa manbalar hisobidan 1 milliard 344 million so‘m, ja’mi 18 milliard 228 million so‘m miqdorida moddiy yordamlar ajratildi. 161 ming 578 nafar tibbiy himoyaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlarga tibbiy xizmat ko‘rsatildi.
O‘tkazilgan tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra, xotin-qizlarning 17 ming 539 nafari ambulator, 3 ming 917 nafari statsionar sharoitda sog‘lomlashtirildi. 3 ming 37 nafar ayollar esa viloyat va respublika markazlaridagi ixtisoslashtirilgan klinikalarda order orqali bepul sog‘lomlashtirildi.
232 nafar og‘ir bemor bo‘lgan xotin-qizlar respublika miqyosidagi klinik kasalxonalarga yotqizilib, bepul operatsiya qilindi. Shuningdek, 19 ming 298 nafar xotin-qizlarga boshqa turdagi bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatildi.
Tibbiy maqsadlarda jamg‘armalardan 11 milliard 335 million so‘m hamda orderlar uchun 12 milliard 148 million so‘mdan ortiq va jami 65 milliard 483 million so‘m mablag‘ sarflandi.
74 ming 14 nafar huquqiy yordam olishga muhtoj xotin-qizlarga huquqiy maslahatlar va amaliy yordam berildi. Birgina misol, ushbu yo‘nalishda aliment bilan bog‘liq muammosi bo‘lgan 490 nafar ayollarga 1 milliard 89 million so‘mlik aliment to‘lovlari undirib berildi.
71 ming 198 nafar psixologik maslahatga muhtoj xotin-qizlarga psixologik yordam ko‘rsatildi. Bundan tashqari, daftarga kiritilgan xotin-qizlarning 64 ming 591 nafariga, ikkilamchi ehtiyojlarini qondirish maqsadida qator amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
Masalan, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga 6 ming 564 ta salohiyatli fermer xo‘jaliklari va “Tomorqa xizmati” korxonalari biriktirilib, ular tomonidan ehtiyojmand 35 ming 628 nafar xotin-qizlarning 1 ming 343 gektar ekin maydonlari shudgorlab berildi, ularga 24 ming 205 ta parranda, 304 ming 500 tup mevali va 2 million 512 ming donadan ortiq sabzavot ko‘chatlari bepul tarqatildi.
Shu bilan birga, boquvchisini yo‘qotgan, I va II guruh nogironi, qaramog‘ida nogiron farzandi mavjud yolg‘iz ayollarning 5 ming 834 nafariga ijtimoiy reyestr orqali 6 oy muddatga moddiy yordam tayinlandi. Bundan asosiy maqsad Prezidentimizning qat’iy talablariga ko‘ra, daftarga kiritilgan ayol hayotini tom ma’noda tiklab olishini ta’minlash edi.
“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini moliyalashtirish uchun jami 1 trillion 950 million 109 ming so‘m so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi.
N.Usmonova, O‘zA muxbiri