Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalla gazchilari aholining yaqin ko‘makchisi
15:00 / 2025-12-18

Aholiga xizmat ko‘rsatish tizimida qulaylik va ochiqlikni ta’minlash bugungi kunda dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, tabiiy gaz ta’minoti sohasida olib borilayotgan islohotlar aholi turmush sifatini yaxshilashga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Shu jihatdan mahalla gazchilari faoliyati iste’molchilar bilan ishlashda samarali mexanizm sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Ayni paytda Navoiy shahrida 57 ming 200 nafar tabiiy gaz iste’molchisi mavjud bo‘lib, ularga 23 nafar mahalla gazchisi xizmat ko‘rsatmoqda. Bu tizim orqali har bir mahallada aholining gaz ta’minoti bilan bog‘liq murojaatlarini joyida hal etish, muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish imkoni yaratilgan. Eng muhimi, iste’molchilar ortiqcha ovoragarchiliklarsiz o‘z mahallasida mutaxassis bilan bevosita muloqot qilish imkoniga ega bo‘lmoqda.

“Navoiyshahargaz” gaz ta’minoti bo‘limi xodimi Nurbek Adizovga biriktirilgan Yoshlik, Me’morlar va Yangi hayot mahallalarida ikki mingdan ortiq iste’molchi mavjud. 

– Kunlik faoliyatimiz xonadonlarga kirib, elektron gaz hisoblash uskunalarining sozligini tekshirish, nosoz qurilmalarni ishga tushirish, gazdan xavfsiz va tejamkor foydalanish bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borishdan iborat, – deydi N.Adizov. – Bugungi kunda faoliyatimizga zamonaviy axborot texnologiyalarining joriy etilgani esa ish samaradorligini yanada oshirmoqda. Planshet orqali gaz hisob-kitoblarini onlayn kuzatish, iste’molchiga oid ma’lumotlarni tezkor olish imkoniyati mavjud. 

 Yoshlik mahallasidagi 1 412 nafar gaz iste’molchisi bilan olib borilayotgan ishlar aholi xavfsizligini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Xonadonlarda elektron gaz hisoblash uskunalarining sim-kartalarini almashtirish, qurilmalarni soz holatda saqlash, is gazidan zaharlanishning oldini olish bo‘yicha muntazam targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Bu esa aholining gazdan foydalanish madaniyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

– Iste’molchilar ham mazkur tizimning samarasini o‘z hayotida his etmoqda, – deydi Olim Sattorov. – Xonadonimizga ikki konturli isitish qozoni o‘rnatilgan. Bu esa gazdan tejamkorlik bilan foydalanish imkonini bermoqda. Shu bilan birga, mahalla gazchilari tomonidan berilgan amaliy tavsiyalar gaz jihozlaridan xavfsiz foydalanishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tabiiy gaz bosimining barqarorligi esa yashash sharoitimizni yanada yaxshilamoqda.

Qish mavsumida mahalla gazchilari zimmasiga tushadigan mas’uliyat yanada ortadi. Sovuq ob-havo sharoitida ham ular aholi xonadonlarida bo‘lib, xizmat vazifalarini bajarmoqda. Bu fidoyilik, shubhasiz, xalqning gaz ta’minoti tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlamoqda. Mahalla gazchilari faoliyati bugun faqat texnik xizmat emas, balki aholi bilan bevosita muloqot, profilaktika va ijtimoiy mas’uliyat namunasi sifatida ham namoyon bo‘lmoqda.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri