French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalla fuqarolik jamiyatining noyob instituti
21:18 / 2022-05-18

«Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi “O‘zbekistonliklar mahalla haqida: tasavvurlar va umidlar” mavzusida telefon so‘rovi o‘tkazdi, unda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati to‘g‘risida respondentlarning fikri o‘rganildi, o‘zini o‘zi boshqarish organlarining o‘z tasarrufidagi hududni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy rivojlantirishning dolzarb masalalarini hal etishi samaradorligiga aholi tomonidan berilgan baho aniqlandi.

Tadqiqotda mamlakat barcha mintaqalarining aholisi, erkaklar va xotin-qizlar, yoshlar, o‘rta va katta yoshdagi fuqarolar, turli millatlar va ijtimoiy qatlamlar vakillari ishtirok etdi.

Tadqiqot davomida olingan natijalar jamoatchilik fikrida mahalla instituti davlat va jamiyatni, har bir fuqaroni birlashtiruvchi muhim bo‘g‘in hisoblanishi haqidagi tasavvur yetakchilik qilishini tasdiqladi. O‘zbekistonliklar mahalla fuqarolarining o‘zini o‘zi boshqarish organi sifatida aholining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga hissa qo‘shadi. Shuningdek, u aholining dolzarb masalalarini hal qilishda, muayyan normativ-huquqiy hujjatlarning u yoki bu qoidalarini amalga oshirishda fuqarolar va davlat tuzilmalarining vakillari o‘rtasida o‘ziga xos "ko‘prik" vazifasini o‘taydi, deb hisoblaydilar. O‘zbekistonda mahalla aholining bandligini ta’minlashda, jamiyatda oila poydevori va barqarorligini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi, tegishli hududda yashovchi fuqarolarga tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishda ko‘maklashadi, voyaga yetmaganlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha jamoat ishlarini tashkil etadi, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar va kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlaydi, bayramlar va muhim sanalar bilan bog‘liq ommaviy tadbirlarni tashkil etadi.

Tadqiqot davomida zamonaviy mahalla qanday bo‘lishi, u Yangi O‘zbekistonda qanday vazifalarni bajarishi kerakligi haqida fuqarolarning fikri aniqlandi. Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 45,2 foiz fuqarolarning ongida mahalla – bu xalqimizning asrab-avaylanib, kelgusi avlodlarga yetkazilishi lozim bo‘lgan boyligidir, zamonaviy mahalla oilalar, yoshlar, ayollar, keksa fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashi, barcha turdagi yordamni, jumladan, aholining kam ta’minlangan va ijtimoiy zaif qatlamlariga moddiy yordam ko‘rsatishi kerak.

37 foiz so‘rov ishtirokchilarining fikriga ko‘ra, zamonaviy mahalla – bu xalq bilan davlat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni amalga oshiruvchi fuqarolarning eng samarali o‘zini o‘zi boshqarish organi. Respondentlarning fikricha, mahalla aholining dolzarb muammolarini va ularni hal etish yo‘llarini muhokama qilish maydonchasiga aylanishi, fuqarolarni davlat boshqaruviga jalb qilishga yordam berishi va ularning qarorlar qabul qilishdagi ishtiroki darajasini oshirishi, shuningdek, hukumat bilan jamiyat o‘rtasida to‘laqonli muloqotni ta’minlashi kerak.

Telefon so‘rovi davomida 37,4 foiz fuqarolar zamonaviy mahalla – bu qishloq, shaharcha, ovul, mikrotuman, shahar chegarasidagi muayyan hudud aholisining birlashmasi bo‘lib, uning asosiy funksiyasi fuqarolarga eng dolzarb masalalarni, jumladan, jamoat tartibini ta’minlash va hududlarni obodonlashtirish, ijtimoiy ob’ektlar, xususan, bolalar maydonchalari, yoshlar va keksa avlod vakillari uchun dam olish joylarini qurish masalalarini hal qilishda yordam berishdan iborat bo‘lishi kerakligini ta’kidladilar.

So‘rov ishtirokchilariga: "Sizning fikringizcha, mahalla jamiyatga foyda keltiradimi, fuqarolarning dolzarb muammolarini hal qilishda yordam beradimi yoki yo‘qmi?", degan savol berildi. Olingan natijalarga ko‘ra, aksariyat respondentlar – 80,9 foiz – "mahalla fuqarolarga yordam beradi, aholi manfaatlaridan, uning tarixiy va mahalliy an’analaridan kelib chiqib, jamiyat va davlatga katta foyda keltiradi", mahallalar hududida aholining qulay hayot kechirishi uchun sharoit yaratishga, fuqarolar har kuni duch keladigan muammolarni hal qilishga yordam beradi, deb hisoblaydilar.

Olingan natijalar bugungi kunda mahalla odamlar hayotining ajralmas qismiga aylanganini, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini manzilli ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha ko‘plab masalalarni samarali hal etayotganini tasdiqlab turibdi: 38,3 foiz respondentlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining aholi dolzarb muammolarini hal etish borasidagi ishi darajasi va samaradorligiga ijobiy baho berdilar, 36,5 foiz so‘ralganlar mahallaning faoliyatini baholashga doir savolga "ijobiy degan bo‘lardim", deb javob berishdi.

Jamoatchilik fikrida o‘zini o‘zi boshqarish organlarining faoliyatiga berilgan ijobiy baholar ustuvorlik qilmoqda, ayni vaqtda telefon so‘rovi davomida 13 foiz respondentlarning mahalla faoliyatiga salbiy baho berganligi aniqlandi, 9,6 foiz so‘ralganlar ushbu savolga "salbiy degan bo‘lardim", deb javob berishdi.

So‘nggi yillarda fuqarolarni jamiyat hayotiga jalb etishga ko‘maklashuvchi tashabbuslar soni ortib bormoqda, aholi keng qatlamlarining jamiyat hayotida va qarorlar qabul qilishda ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.

So‘rov natijalariga asosan, tadqiqot ishtirokchilarining yarmidan ko‘prog‘i hozirgi vaqtda o‘z mahallasi faoliyatida shaxsan ishtirok etishini bildirdi.

Telefon so‘rovi “odamlarga, jamiyatga yordam berish, ularni qo‘llab-quvvatlash va ularning muammolari hamda masalalarini hal qilishda samimiy va beg‘araz yordam berish istagi” aholini fuqarolik faolligini namoyon etish va mahalla hayotida ishtirok etishga undovchi asosiy turtki ekanligini ko‘rsatdi. 60,4 foiz respondentlar ana shunday deb hisoblaydi. Shuningdek, fuqarolar javoblarida o‘z mahallasining ishi va hayotida ishtirok etishining sabablaridan biri – bu, umuman, jamiyatga hamda qo‘llab-quvvatlanish va yordamga muhtoj bo‘lgan muayyan insonlarga foyda keltirish istagi ekanligini qayd etdilar.

Telefon so‘rovi shuni ko‘rsatdiki, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlarining faoliyati va mahallaning hayotida faol ishtirok etmaydigan fuqarolarning yarmidan ko‘prog‘ida (54,4 foiz) ishtirok etish istagi mavjud, ular mahalliy o‘zini o‘zi boshqarishning dolzarb masalalarini hal qilishda ishtirok etishga, mahalla qo‘mitalarining ishida yordam berishga, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlariga takliflar, shikoyatlar bilan murojaat qilishga, yig‘ilish va majlislarda ishtirok etishga, hududlarni obodonlashtirish, aholining bo‘sh vaqtini tashkil etish va faoliyatning boshqa turlarida ishtirok etishga tayyor.

Telefon so‘rovi natijalariga ko‘ra, jamoatchilik fikrida o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlari, mahalla oqsoqollari va faollarining ijobiy qiyofasi shakllangan: 60,9 foiz respondentlarning fikriga ko‘ra, bular – odamlarga yordam ko‘rsatishdan manfaatdor, samimiy, beg‘araz va insofli, jamiyat va davlat manfaati uchun ishlaydigan kishilardir.

2022 yil O‘zbekistonda "Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili" deb e’lon qilingan. Jamoatchilik fikrida ustuvor yo‘nalishi fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish, adolatli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish, aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish uchun mahallaning imkoniyat va vakolatlarini kengaytirish orqali uning aholi orasida nufuzini oshirishdan iborat bo‘lgan 2022 yilgi Davlat dasturining ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash va ma’qullashning yuqori darajasi ustuvorlik qilmoqda.

So‘rovda ishtirok etgan 40,8 foiz fuqarolarning qayd etishicha, «Siz o‘z mahallangiz faoliyatida nimani o‘zgartirishni xohlardingiz?» degan savolga javoblarda, birinchi navbatda, mahalla infratuzilmasini modernizatsiyalash, mahallalarni me’moriy rejalashtirishni takomillashtirish va ularning qiyofasini yaxshilash, arzon uy-joy va ijtimoiy soha inshootlarini qurish, barcha aholi uchun qulay va xavfsiz muhitni yaratish zarurligi ta’kidlandi.

Fuqarolarning fikricha, mahallalarda aholi daromadlari va bandligi darajasini oshirish, mahallalarda aholini, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha harakatlarni faollashtirish, yangi korxonalar, xizmat ko‘rsatish va savdo ob’ektlarini ishga tushirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish zarur.

Ko‘rsatilayotgan uy-joy kommunal xizmatlari sifatini takomillashtirish so‘rov ishtirokchilari uchun dolzarb hisoblanadi. Ularning fikricha, har bir mahalla aholisi elektr energiyasidan, ichimlik suvi va isitish tizimidan uzluksiz foydalanish imkoniga ega bo‘lishi zarur.

So‘rov doirasida ishtirokchilarning fuqarolar yig‘iniga bo‘lajak saylovdan xabardorligi haqidagi fikrini o‘rganish masalasi qo‘yildi. So‘rov respondentlarning ko‘pchiligi (63,5 foiz) 2022 yilda bo‘lib o‘tadigan fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi haqida xabardor ekanligini ko‘rsatdi.

Telefon so‘rovi fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovida fuqarolarning shaxsan ishtirok etish bo‘yicha faolligini aniqlashga imkon berdi. So‘rov jarayonida respondentlarga: «Siz fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovida ishtirok etishni rejalashtirayapsizmi?», degan savol berildi, unga 87,8 foiz fuqarolar ijobiy javob berishdi.

Umuman olganda, tadqiqot natijalarining tasdiqlashicha, jamoatchilik fikrida “mahalla fuqarolik jamiyatining noyob instituti hisoblanadi, u fuqarolarning o‘z yashash joylarida hayot asoslarini ta’minlash, aholini manzilli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, xususiy tadbirkorlik va oilaviy biznesni rivojlantirish, jamiyatda o‘zaro hurmat, do‘stlik va totuvlik muhitini vujudga keltirish masalalariga daxldor samarali qarorlar qabul qilmoqda, shuningdek, yosh avlodni tarbiyalash, oilani mustahkamlash, xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish vazifalarini samarali bajarmoqda”, degan fikr yetakchilik qiladi.

O‘tkazilgan telefon so‘rovi "Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili" Davlat dasturida belgilangan vazifalar fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning samarali mexanizmi sifatida mahalla faoliyatini yanada takomillashtirishga yordam berishini ko‘rsatdi. Mahallaning vazifalarini kengaytirish, uning davlat hokimiyati organlari bilan yaqin hamkorligini ta’minlash mamlakat aholisi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda hamda aholining fuqarolik ongini oshirishga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga 2022 yil may oyida bo‘lib o‘tayotgan saylovda aholining elektoral faolligi va tashabbuskorligini oshirishga yordam bermoqda.

«Ijtimoiy fikr» respublika

jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi.

O‘zA