O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Mahalla fuqarolar yig‘ini yagona reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, mahalla fuqarolar yig‘ini tashkil etilishi, qayta tashkil etilishi va (yoki) tugatilishi bilan bog‘liq mahallaga oid ma’lumotlarni Reyestr orqali onlayn yuritish hamda undan foydalanish tartibini nazarda tutuvchi Mahalla fuqarolar yig‘ini yagona reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomda:
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Reyestrni yuritish bo‘yicha mas’ul organ hisoblanishi;
Reyestr Uyushmaning “Raqamli mahalla” axborot tizimida shakllantirilishi va yuritilishi;
Reyestrning ma’lumotlar bazasini tashkil etish, amaliyotga joriy qilish va yuritish Uyushmaning byudjetdan tashqari mablag‘lari hamda homiylik xayriyalari hisobidan moliyalashtirilishi;
Reyestr davlat organlari hamda boshqa tashkilotlar bilan idoralararo elektron hamkorlik uchun zarur bo‘lgan mahallaga oid yagona ma’lumot manbai hisoblanishi;
Reyestr “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali elektron hamkorlik asosida “Elektron hukumatning ma’lumotnomalar va klassifikatorlar registri” axborot tizimida joylashtirilishi va yangilab borilishi;
davlat organlari va tashkilotlari hamda ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik birlashmalarining axborot tizimlari va resurslarida mahallaga oid ma’lumotlar Reyestrga asosan shakllantirilishi inobatga olinishi tartibi belgilab berilgan.
2025 yil 1 noyabrga qadar Reyestrga kiritiladigan mahallaga oid ma’lumotlarning haqqoniyligi va dolzarbligini ta’minlash bo‘yicha mahallalar xatlovdan o‘tkaziladi.
2025 yil 1 dekabrga qadar Reyestr to‘liq ishga tushiriladi.
Reyestr davlat organlari hamda boshqa tashkilotlar bilan idoralararo elektron hamkorlik uchun zarur bo‘lgan mahalla fuqarolar yig‘iniga oid yagona ma’lumot manbai hisoblanadi.
O‘zA