Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Mahalla byudjeti” tizimi – mahallaning o‘zidayoq ko‘plab muammolarni hal qilishga yordam beradi
18:55 / 2023-05-08

“Mahalla byudjeti” joriy etilgani mahallabay ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan. Tizim orqali kambag‘allikni qisqartirish, respublika, viloyat, tuman va shaharlarda ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari va manzilli moliyaviy qo‘llab-quvvatlash vositalarining bevosita mahalla darajasiga tushirilishi ta’minlanadi.

Mahallaning o‘zidayoq ko‘plab muammolarni hal qilish, jumladan, mahalla infratuzilmasini yaxshilash, obodonlashtirish, moddiy yordam, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, kutubxonalar, sport maydonchalari qurish kabi masalalarni hal qilishga zamin yaratadi.

Oliy Majlis Senatida    tashkil etilgan seminar shu mavzuga bag‘ishlandi. Tadbirda “Mahalla byudjeti” tizimining amalga oshirish mexanizmi va unda shakllantirilgan mablag‘lardan foydalanish tartibi, jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini undirishda aholining soliq to‘lash savodxonligini oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

“Mahalla byudjeti” tizimi eksperiment tariqasida 14 tumandagi 764 mahallada joriy etilgan. Joriy yilning birinchi choragida 45 milliard 249 million so‘m yoki o‘tgan yilga nisbatan 1,8 baravar ko‘p jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer soliqlari undirilishiga erishilgan.

Bundan tashqari, mahalla fuqarolar yig‘ini raislari uchun “Soliq.uz” mobil ilovasining “Mening mahallam” bo‘limi orqali hududlaridagi soliq to‘lovchilar tomonidan to‘lashi lozim bo‘lgan mol-mulk va yer soliqlarini real vaqt rejimida aniqlash imkoniyati yaratilgan.

Seminarda “Mahalla byudjeti” tizimini amaliyotga joriy etishda jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer soliqlarini undirish mexanizmini takomillashtirish zarurligiga e’tibor qaratildi.

Xususan, soliq to‘lovchilarning soliq sohasida bilim va ko‘nikmasi yetarli emasligi oqibatida soliq qarzi yuzaga kelayotgani senatorlar tomonidan ta’kidlandi.

Seminarda mahallalar o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga erishishga salbiy ta’sir etishi mumkin bo‘lgan holatlar borasida fikrlar bildirildi.

Senatorlar, vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda  soliqqa oid misollardan foydalangan holda roliklar tayyorlash va ommaviy axborot vositalari orqali aholiga keng yetkazish, bunda hayotiy misollar keltirish orqali soliqlar aholining yashash sharoitlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini aks ettirishga e’tibor qaratish lozimligiga urg‘u berildi.

N.Abduraimova, O‘zA