Mahalla fuqarolar yig‘inlariga bo‘lgan e’tibor kuchaydi, vakolatlarining ko‘lami kengaydi. Endilikda mahalla aholi turmush tarzining barcha jabhalarida beminnat ko‘mak beruvchi ishonchli tuzilmaga aylandi. Mahallaning davlat va ijtimoiy hayotdagi o‘rni mustahkamlanib borayotganida “Mahalla” xayriya jamoat fondining munosib hissasi bor.
Fondning Farg‘ona viloyati bo‘limi tomonidan ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muxtoj, yakka- yolg‘iz qariyalar, chin yetimlar, boquvchisini yo‘qotgan hamda nogironligi bo‘lgan 2 ming 430 nafar oilalarga qariyb 1 milliard so‘mga yaqin moddiy yordam ko‘rsatildi. 31 nafar fuqarolarga nogironlik aravachasi, 6 nafariga tikuv mashinasi olib berildi. Fuqarolarning dori-darmon, sog‘liklari uchun muhim bo‘lgan jarrohlik amaliyoti o‘tkazish masalalarida ko‘maklashildi.

Aholining kundalik hayot tarzi uchun muhim bo‘lgan sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratildi. 64 kishiga zaruriy maishiy-texnika vositalari olib berildi. Shuningdek, 130 million 234 ming so‘mlik oziq- ovqat va 67 million 614 ming so‘mlik kiyim – kechak, pul va boshqa ko‘rinishdagi moddiy yordamlar ko‘rsatildi. 50 nafardan ortiq bolajonlar yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlarda dam oldi. Nogironligi bo‘lgan oilalar va yakka-yolg‘iz qariyalarning 15 nafari “Navbahor sihatgohi” dam olish maskanida sog‘lig‘ini tiklashiga ko‘maklashildi.
“Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisob raqamiga yil davomida kelib tushgan 29 milliard 712 million so‘m mablag‘lar Xalq deputatlari viloyat kengashi qaroriga va tasdiqlangan ro‘yxatlarga asosan ehtiyojmand, "Temir daftar", “Ayollar daftari” ga kiritilgan aholi qatlamlarini qo‘llab–quvvatlash, mehr-muruvvat ko‘rsatish ishlariga jalb etildi, manzilli yordamlar ko‘rsatildi.
Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tashkil etish, ish va xizmatlar samaradorligini oshirishga bo‘lgan e’tibor ham kuchaymoqda. “Mahalla” xayriya jamoat fondi Qo‘qon shahar bo‘linmasi ta’sischiligida tashkil etilgan non va non mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona tomonidan o‘ndan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Bag‘dod tumanida 3,9 gektar yerda intensiv bog‘ tashkil etildi.

Yana bir masala, “Mahala” xayriya jamoat fondi bo‘linmalari Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqаrolik jamiyati boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan grant tanlovi g‘oliblari bo‘ldi. Xususan, Oltiariq tuman bo‘linmasi “Yoshlar o‘rtasida tariximizni milliy qadriyat va an’analarimizni keng targ‘ib qilish maqsadida videoroliklar tayyorlash” mavzusida 40 million so‘m, Buvayda tumani “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash” mavzusida 80 million so‘m grant mablag‘lari g‘olibligini qo‘lga kiritdi.
Faqat bugina emas. Davlat – xususiy sherikchilik asosida yangi foydalanishga topshirilayotgan mahalla fuqarolar yig‘ini binolarini moddiy –texnika ta’minotini yaxshilash borasidagi ishlar salmog‘i oshdi. O‘tgan yilda bu maqsadlar uchun 610,1 million so‘m mablag‘lar yo‘naltirilib, mebel jihozlari, zamonaviy kompyuter jamlanmalari bilan ta’minlandi.
Albatta, joriy yilda ham bu boradagi ishlarning ko‘lami nihoyatda keng. Mahallada istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash ishlari tizimli davom ettirilib, ularni hayotdan rozi qilishga o‘z hissamizni qo‘shamiz.
Bahodirjon Yulbarsov,
“Mahalla” xayriya jamoat fondi
Farg‘ona viloyati bo‘limi boshqaruvi raisi.
O‘zA