Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalla — barqaror jamiyat asosi
12:22 / 2025-12-29

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining navbatdagi murojaatnomasi mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning inson manfaatiga yo‘naltirilgani, jamiyat barqarorligi va xalq farovonligini ta’minlashda mahalla institutining o‘rni beqiyos ekanini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, tarix sinovlariga boy bo‘lgan xalqimiz har qanday og‘ir vaziyatda ham avvalo birdamlik va hamjihatlikka tayanilgan holda muvaffaqiyat qozongan. Ana shu birdamlikning ildizi esa, shubhasiz, mahalladan boshlanadi.

Murojaatnomada qayd etilganidek, mashaqqatli kunlarda oila — oilaga, qo‘shni — qo‘shniga yelkadosh bo‘lib, mahalla ahli qiyinchiliklarni birgalikda yengib kelgan. Turli fikr va qarashlarning mavjudligi demokratik jamiyatning tabiiy talabi ekani e’tirof etilar ekan, millat, til va dinidan qat’i nazar, 38 millionli xalqimizni birlashtiruvchi oliy g‘oya — Vatan va xalq manfaati ekani alohida urg‘ulab o‘tildi.

Aynan shu buyuk maqsadga erishishda mahalla tizimining o‘rni va ta’siri beqiyosdir. Zero, mahalla tinch va ahil bo‘lsa, jamiyat ham tinch va barqaror bo‘ladi. Mahalla rivojlansa, butun mamlakat yuksaladi.

Shularni inobatga olgan holda, Prezidentimiz 2026 yilni mamlakatimizda «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili» deb e’lon qilish tashabbusini ilgari surdi. Bu tashabbus mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy tayanchi sifatida yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim qadamdir.

Murojaatnomada belgilangan vazifalar doirasida kelgusi yildan boshlab mahallani rivojlantirish bo‘yicha yangi — kompleks yondashuv joriy etilishi qayd etildi. Unga muvofiq, har bir viloyatda 2–3 tadan tuman tanlab olinib, ushbu hududlardagi barcha mahallalarda mavjud muammolarni bir vaqtning o‘zida hal etishga qaratilgan tizim yo‘lga qo‘yiladi. Bu jarayonda ijtimoiy sohalar bilan bir qatorda tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilishi ahamiyatlidir.

Belgilangan maqsadlarni amalga oshirish uchun barcha manbalar hisobidan jami 8,5 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilgani, deputatlarga o‘z saylov okruglaridagi dolzarb muammolarni hal etish uchun 500 milliard so‘m ajratilishi, shuningdek, “yashil hudud” va “yashil bog‘”lar barpo etish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha mablag‘lar belgilangani mazkur islohotlarning amaliy ifodasidir.

Ta’kidlanganidek, ushbu kompleks yondashuv orqali 2030 yilga qadar sharoiti og‘ir bo‘lgan barcha tumanlardagi mahallalarga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish maqsad qilingan.

Xulosa qilib aytganda, Prezident murojaatnomasida belgilangan vazifalar mahalla institutiga tayanilgan holda jamiyatni yanada barqaror va taraqqiy etgan bosqichga olib chiqish, xalq farovonligini oshirish va mamlakat taraqqiyotini ta’minlashga xizmat qiladigan mustahkam dasturiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Nurlibay Qaypbergenov,

O‘zbekiston “Adolat” SDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashining raisi

O‘zA