Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalla – barqaror ekologik kelajak uchun munosib maskanga aylanmoqda
11:54 / 2026-02-05

Bugun global iqlim o‘zgarishi, atrof-muhitga bosimning ortishi va ekologik muammolarning kuchayishi sharoitida jamiyatning har bir bo‘g‘ini oldiga yangi mas’uliyat yuklanmoqda. Shu nuqtai nazardan qaralganda, O‘zbekistonda mahalla instituti nafaqat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazi, balki ekologik madaniyatni shakllantirish va barqaror kelajakni ta’minlashda muhim tayanch maskanga aylanib bormoqda.

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida 2026 yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi ham mahallaning jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyati yanada ortib borayotganini yaqqol tasdiqlaydi. Bu tashabbus mahallaning faqat maishiy yoki ijtimoiy masalalari bilan cheklanmasdan, ekologik barqarorlikni ta’minlashda ham faol ishtirok etishini taqozo etmoqda.

Aynan shu maqsadda O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan joylarda tizimli va amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Navoiy viloyatining Navbahor, Xatirchi, Nurota, Karmana, Uchquduq, Qiziltepa tumanlari hamda Zarafshon, G‘ozg‘on va Navoiy shaharlaridagi qator mahalla fuqarolar yig‘inlari qoshida “Mahalla – barqaror ekologik kelajak uchun munosib maskan!” shiori ostida yangi boshlang‘ich partiya tashkilotlarining tuzilishi bu yo‘nalishdagi muhim qadamlardan biridir.

Beshrabot, Janubiy, Abay, Alisher Navoiy, Binokor, Jaloyir, Oltin Vodiy va G‘afur G‘ulom kabi mahallalarda tashkil etilgan mazkur boshlang‘ich tuzilmalar mahalla hayotida ekologik masalalarga e’tiborni kuchaytirish, aholini atrof-muhit muhofazasiga daxldor masalalarga jalb etishga xizmat qilmoqda.

– Tadbirlar doirasida O‘zbekiston Ekologik partiyasining doimiy axborot va targ‘ibot burchaklarining tashkil etilgani esa aholining ekologik bilim va ongini oshirishda samarali vosita bo‘lmoqda, – deydi partiyaning viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Alijon Jo‘rayev. – Ushbu burchaklarda partiyaning dasturiy maqsad va vazifalari, chiqindilarni saralash, yashil hududlarni kengaytirish, tabiatga ehtiyotkorona munosabatni shakllantirishga qaratilgan ko‘rgazmali materiallar joylashtirilib, ular mahalla aholisi, ayniqsa, yoshlar uchun ochiq axborot maydoniga aylandi. Zero, ekologik madaniyat qonun yoki qarorlar bilan emas, balki mahalladagi kundalik hayot orqali shakllanadi.

O‘tkazilayotgan tadbirlar yakunida mahalla faollari va partiya vakillari hamkorlikda ekologik targ‘ibot ishlarini muntazam yo‘lga qo‘yish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini kengaytirish, mahallalarni yanada yashil va fayzli hududga aylantirish bo‘yicha aniq rejalarni belgilab oldi.

Albatta, bugun mahalla ekologik madaniyat shakllanadigan, barqaror rivojlanish poydevori qo‘yiladigan eng muhim jamiyat bo‘g‘iniga aylanmoqda. O‘zbekiston Ekologik partiyasi tashabbuslari esa mahallalarni ekologik islohotlarning faol ishtirokchisi va ishonchli hamkoriga aylantirib, kelajak avlodlar uchun sog‘lom va musaffo muhit yaratishga xizmat qilmoqda.

A.Bo‘riyev, O‘zA