Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalla — barchamizni jipslashtiradigan maskan
17:16 / 2024-05-08

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tomonidan “Mahalla — oqko‘ngil, bunyodkor xalqimiz qalbining ko‘zgusidir” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Unda mahalla institutining jamiyatdagi rolini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar keng muhokama qilindi.

Qo‘mita raisi Sh.Bafayev tadbirni kirish so‘zi bilan ochar ekan, mahalla xalqimizga xos alohida tuzilma, barchamizni jipslashtiradigan, mehr-oqibatni, insoniylikni o‘rgatadigan, asrlar osha milliy urf-odat va an’analarimizni bezavol saqlab keladigan maskan ekanini alohida ta’kidladi. Ayniqsa, keyingi yillarda mahalla hayotimizga daxldor bo‘lgan barcha masalalarni hal etishda xalq va davlatni bir-biriga yaqinlashtirib, munosabatlarni tartibga soluvchi muhim tuzilmaga aylanayotganini qayd etdi. 

— Konstitutsiyaviy islohotlar doirasida mahalla institutining maqomi yanada oshirilib, chinakam xalq dardi va tashvishi bilan ishlaydigan yirik fuqarolik jamiyati institutiga aylantirildi, — dedi deputat M.Hasanova. — Jumladan, Konstitutsiyaning 69-moddasiga asosan endilikda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari fuqarolik jamiyati instituti sifatida e’tirof etildi. Davlatimiz rahbari hamda hukumatning qator qarorlariga asosan mahallalar vakolatlari kengaytirildi, ularning moliyaviy mustaqilligi kuchaytirildi. Fuqarolarning o‘z mahallasi hayotidagi ishtirokini hamda davlat organlari va mahallalar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqani ta’minlash, mahallalarda aholi bilan ishlashga qaratilgan jarayonlar raqamlashtirildi. Aynan mahalla tizimini takomillashtirishga qaratilgan 100 yaqin normativ-huquqiy xujjatlar qabul qilindi. 

Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, mahallalarning “o‘sish nuqtalari” va ularda yashovchi aholining tadbirkorlik faoliyatidagi ixtisoslashuvidan kelib chiqib, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi kuchaytirilmoqda, — dedi ma’ruzachi. 

Davra suhbatida O‘zbekiston mahallalari uyushmasi vakili va boshqa mutaxassislar so‘zga chiqib, mamlakatimizdagi 9400 dan ortiq mahalla fuqarolar yig‘inlari faoliyatida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, ularning fuqarolar hayotidagi ishtiroki haqida batafsil to‘xtaldilar. Ayniqsa, “Mahalla yettiligi” mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirishda, yoshlar va ayollar bilan ishlashda muhim omil bo‘layotgani aytib o‘tildi. 

Shuningdek, davra suhbatida “O‘zbekiston-2030” strategiyasi hamda joriy yilgi Davlat dasturida mahalla tizimiga oid belgilangan maqsad-vazifalar haqida to‘xtalib o‘tildi. Qayd etilganidek, mahallaning mablag‘larini aholining ovoziga ko‘ra, infratuzilma loyihalariga yo‘naltirish amaliyotini joriy qilib, mahallalardagi muammolarni hal etish uchun ajratiladigan mablag‘lar miqdorini kamida 3 barobar ko‘paytirish, aholi tashabbusi bilan infratuzilmani yaxshilashga ajratilan mablag‘larni 24 trillion so‘mga yetkazish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, mahallalarda yuzdan ortiq davlat xizmatlarini “bir qadam”da ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, mahallalarda aholi bilan ishlashga qaratilgan jarayonlarni 100 foiz raqamlashtirib, har bir mahallada “elektron xizmat nuqtalari”ni ishga tushirish maqsad qilingan. 

Muhokamalar davomida mahalla institutining imkoniyatlaridan samarali foydalanish, “mahalla yettiligi”ning faoliyati unumdorligini oshirish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi. 

Muhtarama Komilova, O‘zA