Mahalla – obod va osuda hayotning muhim bo‘lagidir.
Mamlakatdagi tinchlik-osoyishtalik, islohotlarning eng quyi bo‘g‘ingacha yetib borib, odamlar hayotini o‘zgartirishi bevosita mahalla tizimiga bog‘liq. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, qachonki mahallada o‘zgarish bo‘lsagina, xalqda davlatga ishonch paydo bo‘ladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, To‘rtko‘l tumani "G‘alaba" mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi bugun yasharish va yangilanish ayyomi Navro‘z bayramini o‘zgacha kayfiyatda nishonlamoqda. Hudud aholisi uchun Mahalla fuqarolar yig‘ini ma’muriy binosining ochilish marosimi yasharish va yangilanish ayyomi Navro‘z bayramida ajoyib tuhfa bo‘ldi.
Tumanda jami 37 ta mahalla va ovul fuqarolar yig‘inlarining 22 tasi mahalla fuqarolar yig‘inlari, 15 tasi ovul fuqarolar yig‘inlarini tashkil qiladi. «G‘alaba» mahalla fuqarolar yig‘inida jami 318 xonadonlarda 2 ming 256 aholi istiqomat qiladi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 1 fevraldagi «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari majmualarini tashkil etish bo‘yicha 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan manzilli dasturni tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida «G‘alaba» mahalla fuqarolar yig‘ini binosi qurib bitkazildi.
Bugun yangidan ishga tushirilayotgan «G‘alaba» mahalla fuqarolar yig‘inida yaratilgan shart-sharoitlar ham davr talabi darajasidadir.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA