Bu yilgi qishning har yilgidan biroz sovuq kelishi aholini tashvishga soldi. Kommunal xizmat bilan bog‘liq muammolar ham joylarda har qachongidan ko‘p uchramoqda. Ayniqsa, elektr, gaz ta’minotidagi kamchiliklar, olis hududlardagi yo‘llarning nosozligi odamlarning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Mazkur holatlar ayrim joylarda bu yilgi kuz-qish mavsumiga mutasaddi idoralar tomonidan yetarli darajada tayyorgarlik ko‘rilmaganidan dalolat beradi.
Bu masala yaqinda davlat rahbari tomonidan o‘tkazilgan videoselektorda ham tanqid qilinib, joylardagi real holatni o‘rganish va aholiga zarur yordamlarni ko‘rsatish bo‘yicha topshiriq berilgandi.
Shundan kelib chiqib, bugungi kunda Samarqand viloyatidagi mahallalarda ham aholining turmush tarzi, ularga ko‘rsatilayotgan kommunal, tibbiy va boshqa xizmatlar o‘rganilmoqda. Odamlarning dardu tashvishlari eshitilib, muammolariga yechim topilmoqda.
Bu jarayonda mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash, favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbarlari, mutasaddi iddoralar mas’ullari ham ishtirok etmoqda.

Jumladan, respublika ishchi guruhi Bulung‘ur tumanining Xo‘jamazgil mahallasida aholi bilan uchrashib, ularning muammolari va takliflarini eshitdi.
Xususan, 750 nafar aholi yashovchi Farmontepa qishlog‘i aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, maktabgacha ta’lim muassasasi, tibbiyot punkti va dorixona tashkil etish, 41-umumiy o‘rta ta’lim maktabini ta’mirlash va sport zali qurish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

Qishloq ichki yo‘llarini yo‘llarni ta’mirlash, eskirgan va yaroqsiz elektr sim yog‘ochlarni almashtirish, aholiga ko‘mir mahsulotlari yetkazib berish va suyultirilgan gaz ballonlarini almashtirishga shu kunning o‘zida kirishildi. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan mahalladagi besh qishloq aholisi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ko‘rik davomida kasallik aniqlangan bemorlar tuman, viloyat shifoxonalariga yo‘llanma oldi.

Mahallaning tog‘li huddagi joylashgani va qishloqlar o‘rtasida masofa olisligi hisobga olinib, mazkur hududga xizmat ko‘rsatish uchun “UAZ” tez yordam avtomashinasi ajratildi. Farmontepa qishlog‘idagi ichki yo‘llarning qariyb 10 kilometr qismiga tosh to‘kilib tekislandi.

Tumandagi 2500 dan ortiq aholi yashovchi Avliyo Parpi mahallasida 561 nafar 18-30 yoshli yigit-qizlar borligi, ulardan 56 nafarining muommolari borligi aniqlandi. Shuningdek, mahalladagi 700 metr ichki yo‘llarni ta’mirlash, gaz ballonlarni o‘z vaqtida almashtirish, 67-umumiy o‘rta ta’lim maktabida sport zal qurish zarurligi ma’lum bo‘ldi. Ushbu masalalar yuzasidan ham zarur chora-tadbirlar belgilandi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri R.Mamatov Paxtachi, Narpay, Pastdarg‘om, Qo‘shrabot tumanlaridagi o‘rganishlarda ishtirok etib, aholi va mahallalar mutasaddilari bilan suhbatlashdi, ularning talab va takliflarini eshitdi.
Jumladan, Pastdarg‘om tumani Chimboyobod mahallasi aholisi bilan uchrashuvda elektr energiyasi ta’minotidagi muammolar, aholini suyultirilgan gaz ballonlari bilan ta’minlash, 7300 metr ichki yo‘llarga shag‘al tosh yotqizish, xotin-qizlar va yoshlarni ishga joylashtirish masalasi ko‘tarildi. Qayd etilgan muammolarni bartaraf etish uchun tuman mutasaddilari bilan birgalikda zarur chora-tadbirlar belgilandi.
G‘.HASANOV, O‘zA