18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun
Davlatimiz ramzlari kuchli tarbiya vositasi sifatida yoshlarimizning milliy g‘ururini yuksaltirish, ularni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Ana shunday ramzlardan biri davlat bayrog‘idir. Doimo o‘zbek xalqining shon-sharafi va g‘ururidek yuksaklarda hilpirab turgan bayrog‘imiz 1991 yil 18 noyabrda "O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida"gi qonun qabul qilingan kundan boshlab davlat suverenitetining ramziga aylandi.
O‘ttiz to‘rt yildirki, davlat bayrog‘imiz O‘zbekiston delegatsiyalarining xorijiy mamlakatlarga safarlari chog‘ida, davlatimizning chet ellardagi elchixonalari va xalqaro tashkilotlardagi vakolatxonalari, xalqaro konferensiyalar, jahon ko‘rgazmalari, sport musobaqalari, yurtimizdagi barcha rasmiy idoralarda ozod va obod Vatanimiz timsoli sifatida baland hilpiramoqda.
Ayniqsa, sportchilarimiz Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida, qit’a hamda jahon chempionatlarida mamlakat sharafini munosib himoya qilib, bayrog‘imizni baland ko‘tarmoqda.
Bugun yurtimiz faxri va iftixorlari bo‘lgan sportchi va murabbiylarimiz yurt bayrog‘ini ko‘targanda qalbidan qanday tuyg‘ular kechishi haqida fikr bildirdi.

Akbar Jo‘rayev, og‘ir atletika bo‘yicha uch karra jahon chempioni:
– Har safar nufuzli musobaqalarda davlatimiz bayrog‘i ko‘tarilib, madhiyamiz yangraganida O‘zbekiston farzandi ekanimizdan dilimizda cheksiz faxr tuyamiz. Davlatimiz bayrog‘ini doimo baland tutish bizning ham sportchi, ham Vatan himoyachisi sifatidagi muqaddas burchimiz. Bu tuyg‘u bizga ulkan g‘ayrat-shijoat bag‘ishlaydi, yangidan-yangi g‘alabalar sari ruhlantiradi. Mana qariyb 5 yildirki, g‘alabalarim tufayli yurt bayrog‘ini Osiyo chempionatida ikki, dunyo birinchiligida uch, Olimpiya o‘yinlarida bir va yaqindagina VI Islom birdamligi o‘yinlarida qatorasiga uch marotaba yuksaklarga ko‘tarishga muyassar bo‘ldi.

Zaynab Dayibekova, Osiyo o‘yinlari sovrindori:
– Bayroq kuch-qudrat, jasorat, g‘alaba timsolidir. Shu bois, davlatimiz bayrog‘i biz, sportchilar uchun muqaddas, uni doimo baland tutish uchun kurashamiz. Xalqaro maydondagi g‘alabalarimiz evaziga Vatanimiz bayrog‘i ko‘tarilib, davlatimiz madhiyasi yangraganida qalbimiz faxr-iftixorga to‘ladi, ko‘zimizda quvonch yoshlari qalqiydi. Ko‘plab, sportchilar kabi men ham nufuzli musobaqalarda delegatsiyamiz bayroqdori bo‘lishni orzu qilar edim. Bu orzum 2023 yil Xitoyda o‘tgan Osiyo o‘yinlarida ushaldi. O‘shanda men tajribali dzyudochimiz Muzaffar To‘raboyev bilan birga bayrog‘imizni baland ko‘targan holda stadion uzra aylangan edik. Navbatdagi orzum, Olimpiya o‘yinlarining oltin medalini mamlakatimizga olib kelish.
Bahodir Jalolov, boks bo‘yicha ikki karra Olimpiya o‘yinlari, jahon va Osiyo chempioni:
– Har bir sportchi xalqaro maydonlarda o‘z Vatani bayrog‘ini baland ko‘tarishni orzu qiladi. Har doim xalqaro sport musobaqalariga otlanganimizda davlatimiz bayrog‘ini yonimizda olib ketamiz, musobaqada g‘alaba qozonib, milliy bayrog‘imiz ko‘tarilganda qalbimiz cheksiz g‘urur va iftixorga to‘ladi. Xalqaro musobaqalarda g‘alabamiz sharafiga Vatanimiz bayrog‘i ko‘tarilganda, qalbimizni chulg‘ab oladigan cheksiz iftixorni so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi, bunday hayajonli lahzalar bizni yanada ulkan zafarlar sari chorlaydi. Umid qilamanki, professional boksda ham jahon chempioniga aylangan holda bayrog‘imizni yanada balandroq parvoz ettiraman.

Sharifa Davronova, yengil atletika bo‘yicha Osiyo o‘yinlari g‘olibi:
– Turli yosh toifalarida jahon va qit’a birinchiliklarida, Islom birdamligi o‘yinlari va Osiyo o‘yinlarida g‘alabam sharafiga Vatanimiz bayrog‘i ko‘tarilganda shunday yurtda tug‘ilib, voyaga yetayotganimdan g‘ururlanib ketaman. Xalqaro maydonlardagi g‘alabalarimiz mamlakatimizda yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi, iqtidorini namoyon etishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar tufayli. Kelgusida ham jahon va qit’a chempionatlari Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida ham yurtimiz bayrog‘ini yanada ko‘klarga ko‘taraman.

To‘lqin Qilichev, boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiysi:
– Har bir sportchi jahon chempioni bo‘lishni, Olimpiya o‘yinlarida yurt bayrog‘i ostida shohsupaga ko‘tarilishni orzu qiladi. O‘zim yetishmagan orzular ro‘yobini shogirdlarim g‘alabalari timsolida ko‘rmoqdaman. Albatta, bugunga qadar Bahodir Jalolov, Abdumalik Xalakov, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, Murodjon Ahmadaliyev, Hasanboy Do‘smatov, Shahram G‘iyosov kabi shogirdlarim turli musobaqalarda bir necha bor mamlakatimiz bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tardi. Ayni kunlarda ularning g‘alabali yo‘lini davom ettira oladigan yangi avlod kamolga yetmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida sportni rivojlantirishga, iqtidorli yosh sportchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan ulkan e’tibor tufayli O‘zbekiston o‘g‘il-qizlari hech kimdan kam emasligini, har qanday sohada eng yuqori cho‘qqilarni zabt etishga qodir ekanini amalda isbotlamoqda.
Ha, bugun sportchilarimiz yurt iftixori, faxrimiz bo‘lgan bayrog‘imizni baland ko‘tarmoqda. Bu g‘alabalar bardavom bo‘lsin, bayrog‘imiz ko‘klarda doim mag‘rur hilpirayversin!
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA