Bugun, 14 aprel kuni Fransiyaning Parij shahrida olti kundan beri dunyo shaxmat ishqibozlari e’tibor markazida bo‘lgan “Freestyle Chess Grand Slam Paris” turniri yakunlanadi. Dunyoning eng mahoratli 12 nafar shaxmatchisi qatnashayotgan turnirda kimlar qaysi o‘rinlarni egallashi to‘liq aniqlanadi.
Kecha so‘nggi tur o‘yinlarining dastlabki bahslari bo‘lib o‘tdi. G‘oliblikka asosiy da’vogar norvegiyalik Magnus Karlsen amerikalik Xikaru Nakamuruni 1:0 hisobida dog‘da qoldirgan bo‘lsa, 3-o‘rin uchun kechgan musobaqaning 1-turida Fabiano Karuana germaniyalik Vinsent Keymerni yengdi.
Hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov kecha FIDE bayrog‘i ostida harakatlanayotgan rossiyalik Yan Nepomnyashiy bilan 7-o‘rin uchun o‘tkazilgan dastlabki turda ro‘baro‘ keldi.

Saralash musobaqalaridagi ruhiy zo‘riqish, bosimlar ostidagi o‘yinlar bu safar ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi, nazarimizda. Abdusattorov oq donalarda raqibiga 7-o‘rin uchun kurashning dastlabki turida ochko ulashdi. Albatta, bu o‘yinda rossiyalik shaxmatchining ilk yurishlardanoq hujumkor o‘yin namoyish etgani ham samara berganini aytish lozim.
Umidimiz, bugun o‘tadigan hal qiluvchi bahsda Nodirbek Abdusattorov ruhiy muvozanatini tiklagan holda g‘oliblik sari katta yurishini amalga oshiradi.
Eslatib o‘tamiz, umumiy mukofot jamg‘armasi 680 ming AQSH dollaridan iborat turnirda g‘oliblikka erishgan shaxmatchi 200, 2-o‘rin sohibi 140, 3-o‘rin 100, 4-o‘rin 60, 5-o‘rin 50, 6-o‘rin 40, 7-o‘rin 30, 8-o‘rin 20, 9-o‘rin 15, 10-o‘rin 10, 11 va 12-o‘rindan joy olganlar 7500 AQSH dollari bilan taqdirlanadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA