Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” sport majmuasida gandbol bo‘yicha erkaklar va ayollar jamoalari o‘rtasida o‘tayotgan O‘zbekiston chempionati 1-davra o‘yinlarining beshinchi kungi o‘yinlari ortda qoldi.
Kecha o‘tkazilgan erkaklar jamoalari o‘rtasidagi bahslarda Samarqand viloyatining "SamDU" jamoasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi gandbolchilariga 31:38 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Toshkent shahri vakillari Buxoroning "BuxDU" jamoasini 31:24, Andijon yigitlari Farg‘onaning "Qo‘qon DU" gandbolchilarini 37:28 hamda Toshkent viloyatining "OKMK" jamoasi Navoiy viloyati jamoasini 27:17 hisobida mag‘lub etdi.
Ayollar jamoalari o‘rtasidagi 1-davra o‘yinlarining beshinchi kungi uchrashuvlarida o‘tgan turlarda mag‘lubiyatga uchramagan Toshkent jamoasiga bu safar ham omad kulib boqdi. Poytaxtliklar Jizzax jamoasi ustidan 45:31 hisobida ustun keldi.
Xorazmning “Ranch” jamoasi qizlari Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlari markazi gandbolchilarini 27:22 ko‘rinishida yenggan bo‘lsa, Namangan – Samarqand 31:32, Navoiy – “OKMK" 22:42 hisobida poyoniga yetdi.
Bugun, 26-fevral kuni erkaklar jamoalari o‘rtasida o‘tkaziladigan oltinchi kungi o‘yinlarda "Qo‘qon DU" – Toshkent, Navoiy – Xorazm, "BuxDU" – Termiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasi – "OKMK" jamoalari to‘qnash keladi. Ayollar musobaqasida esa Namangan – “Ranch”, Navoiy – Toshkent, “OKMK” – Samarqand, Jizzax – ROPSSTM jamoalari o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Musobaqalar 28-fevralda yakunlanadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA