Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 2-tur uchrashuvlari Urganch shahridagi bahs bilan yakunlandi. Biroq turning eng ko‘p muhokama qilingan o‘yinlaridan biri Samarqandda o‘tkazilgan “So‘g‘diyona” — “Nasaf” uchrashuvi bo‘ldi. Ushbu uchrashuv yana bir bor jizzaxliklar jamoasidagi tizimli muammolarni ochiq-oydin ko‘rsatib berdi.
Aslida mazkur o‘yin Jizzaxda o‘tkazilishi kerak edi. Ammo viloyat markazidagi stadionda ta’mirlash ishlari davom etayotgani bois uchrashuvni o‘tkazish imkoni bo‘lmadi. Mahalliy mutasaddilar dastlab “So‘g‘diyona”ning uy o‘yinlarini Zomin shaharchasidagi stadionda tashkil etishni rejalashtirgan edi. Biroq u yerdagi yoritish tizimi O‘zbekiston Professional futbol ligasi talablariga javob bermagani sababli, bu variant ham rad etildi. Natijada jamoa o‘yinni o‘z maydonidan uzoqda — Samarqandda o‘tkazishga majbur bo‘ldi.
Bir qarashda bu holat jamoa uchun muayyan qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Ammo maydon muammosini “So‘g‘diyona” mag‘lubiyatlarining asosiy sababi sifatida ko‘rsatish to‘g‘ri emas. Chunki Samarqanddagi bahsda jamoaning o‘yini taktik va psixologik jihatdan tayyor emasligi yana bir bor namoyon bo‘ldi.

Birinchi turda Andijonda 0:4 hisobidagi og‘ir mag‘lubiyatdan keyin jamoa jiddiy xulosa chiqaradi, degan umidlar bor edi. Ammo “Nasaf”ga qarshi uchrashuv bu umidlarni oqlamadi. O‘yin manzarasi shundan dalolat berdiki, jamoa hamon o‘z o‘yinini topa olmayapti.
Uchrashuv boshida “So‘g‘diyona” hujumga zo‘r berishga harakat qildi. Biroq bu hujumlar tizimli kombinatsiyalarga emas, ko‘proq improvizatsiyaga asoslangani sabab samara bermadi. Aksincha, bu holat mehmonlarga qarshi hujum taktikasini muvaffaqiyatli qo‘llash imkonini berdi. Qarshi jamoasining bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev bu borada ancha puxta reja ishlab chiqqanini maydondagi harakatlardan anglash qiyin emas edi.

Uchrashuvning 14-daqiqasida “So‘g‘diyona” yarim himoyachisi Nodirjon Soyibov maydon markaziga yaqin hududdagi kurashda Oybek Rustamovga to‘pni boy berdi. Oybek esa hech qanday jiddiy qarshilikka uchramasdan, jarima maydoniga yaqinlashib, aniq zarba bilan hisobni ochdi. Bu vaziyatda serbiyalik darvozabon Nikola Mirkovich ancha sodda ko‘ringan zarbani qaytarishga ulgura olmadi.
Oradan yetti daqiqa o‘tib, hisob yana o‘zgardi. “Nasaf” futbolchilari tezkor qarshi hujum uyushtirib, Zafarmurod Abdurahmatovning aniq uzatmasidan so‘ng, Sharof Muhitdinov 16–17 metr masofadan darvozaning yaqin burchagiga kuchli zarba yo‘lladi. Bu vaziyatda ham Mirkovichning harakati savollar uyg‘otdi. Odatda hatto kam tajribali darvozabonlar ham bunday vaziyatda yaqin burchakni yopishga harakat qiladi. Ammo bu gal jizzaxliklar posboni bunga ulgurmadi.

Shu tariqa o‘yinning bor-yo‘g‘i yetti daqiqasi ichida uchrashuv taqdiri deyarli hal bo‘ldi.
Ikkinchi bo‘limda “So‘g‘diyona” biroz faollashdi. Jizzaxlik muxlislar umid qilgan voqea 74-daqiqada yuz berdi: Suhrob Izzatov jarima maydonida qoida buzilishiga sabab bo‘lib, penalti ishlab oldi. Bu hisobni qisqartirish va o‘yinga intriga qaytarish uchun juda yaxshi imkoniyat edi.
Biroq jamoa sardori Lyupcho Doriyev 11 metrlik zarbani golga aylantira olmadi. “Nasaf” darvozaboni Abduvohid Ne’matov to‘pni qaytarib, jamoasini qiyin vaziyatdan qutqardi.

Shundan keyin ham “So‘g‘diyona” o‘yinni o‘zgartirish uchun yetarli kuch va iroda namoyish eta olmadi. Qarshiliklar esa ortiqcha kuch sarflamay, tartibli himoyalanib, vaqti-vaqti bilan xavfli qarshi hujumlar uyushtirib turdi.
“So‘g‘diyona” tarkibiga nazar tashlasak, maydonga bir vaqtning o‘zida besh nafar yevropalik legioner va bir nafar tojikistonlik futbolchi tushganini ko‘ramiz. Bu — moliyaviy va tashkiliy imkoniyatlar muayyan darajada mavjudligini anglatadi.
Biroq muammo shundaki, bu legionerlar jamoa o‘yiniga kutilgan ta’sirni ko‘rsata olmayapti. Aksincha, mahalliy futbolchilar — Jasur Jaloliddinov, Suhrob Izzatov, Otabek Ahadov kabi o‘yinchilar ko‘proq tashabbus ko‘rsatayotgandek taassurot qoldirmoqda.
Bu esa jamoa seleksiyasida ham jiddiy muammolar mavjudlgini anglatadi. Legioner futbolchi mahalliy o‘yinchidan farq qilishi, jamoa o‘yiniga yangi sifat olib kirishi lozim. Aks holda bunday transferlar o‘zini oqlamaydi.
Mutaxassislar fikricha, “So‘g‘diyona”dagi asosiy muammo taktik tizimning mukammal emasligi va futbolchilar ruhiyatining pastligi bilan bog‘liq. Andijondagi yirik mag‘lubiyatdan keyin ham jamoa ruhiy jihatdan tiklanmagani aniq ko‘rindi.
Bosh murabbiy Ivan Boshkovich avvalo futbolchilar ruhiyatini ko‘tarish, ularda o‘zlariga, qolaversa g‘alabaga ishonch uyg‘otish ustida ishlashi kerak edi. Ammo ikki tur davomida bu borada ijobiy o‘zgarish ko‘zga tashlanmadi.
O‘yindan keyingi matbuot anjumanida murabbiyning bayonoti ham ko‘pchilikni qoniqtirmadi. Unda mag‘lubiyat sabablarini chuqur tahlil qilishdan ko‘ra, umumiy va rasmiy iboralar ustunlik qildi.
Superligada mavsum endi boshlangan bo‘lsa-da, ikki tur natijalari “So‘g‘diyona” uchun jiddiy ogohlantiruvchi signal bo‘lib turibdi. Agar jamoa yaqin vaqt ichida taktika, standart vaziyatlar, kombinatsion o‘yin va psixologik tayyorgarlik ustida jiddiy ish olib bormasa, mag‘lubiyatlar seriyasi davom etishining ehtimoli katta.
Bunday holatda jamoa turnir jadvalining quyi qismida qolib ketishi, hatto mavsum yakunida quyi ligaga tushib ketish xavfi ham yo‘q emas.
Shu bois, klub rahbariyati, murabbiylar shtabi va futbolchilar bugungi vaziyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarishlari lozim. Aks holda “So‘g‘diyona” mag‘lubiyatlar botqog‘idan chiqish o‘rniga, unga yanada chuqurroq botib ketishi mumkin.
Abdujalol Qayumov, O‘zA