Bu haqda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov rahbarligida soha mas’ullari, oliy va professional ta’lim muassasalari rahbarlari, professional ta’lim boshqarmalari boshliqlari ishtirokida 2022/2023 o‘quv yili uchun qabulni samarali tashkil etishga oid kengaytirilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Unda yangi o‘quv yilida kasbiy (ijodiy) imtihonlarni shaffof o‘tkazish bo‘yicha 46 ta oliy ta’lim muassasasining tayyorgarlik holatiga e’tibor qaratildi. O‘tgan o‘quv yilidagi kamchiliklarni takrorlamaslik uchun har bir oliy ta’lim muassasasi rahbari mas’uliyat bilan yondashishi zarurligi ta’kidlandi.

Ajratilgan bino va auditoriyalar sifatli videoyozuv jihozlari bilan ta’minlanishi, jamoatchilik nazoratining kuchaytirilishi, imtihon natijalarini o‘z vaqtida rasmiy manbalar orqali e’lon qilinishiga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, imtihon jarayonlarini kuzatish uchun kelgan ota-onalar va komissiya a’zolariga zarur sharoit yaratish borasidagi tashkiliy masalalar ham batafsil muhokama etildi.
Kun tartibidan o‘rin olgan navbatdagi masala magistraturaga qabulni tashkil etish bo‘ldi. Bunda kelib tushgan 4 ming 332 ta arizaning 1 ming 282 tasi talab darajasida emasligi, ayrim hollarda soxta sertifikatlar ham yuklanayotgani aytildi.
Magistraturaga qabul tugashiga oz muddat qolganiga qaramay, hamon aksariyat OTM tomonidan bakalavriat bosqichi bitiruvchilari diplomlarini o‘z vaqtida rasmiylashtirish yakunlamagani tanqid qilindi. Bu o‘z navbatida, magistraturaga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlarning asosli noroziliklarini keltirib chiqarayotgani qayd etildi.

Mas’ullarga barcha imkoniyatlarni ishga solgan holda qisqa vaqt ichida bitiruvchilar diplomlarini rasmiylashtirishni yakuniga yetkazish va qat’iy nazorat olish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Shu bilan birga ikkinchi oliy ta’limga hujjatlar qabul qilishning borishi, tartibi bilan bog‘liq ma’lumotlarni rasmiy saytlarda e’lon qilishdagi sustkashliklar ham tanqid ostiga olindi. Ikkinchi oliy ta’limga qabulni amalga oshiradigan barcha OTM rektorlariga yuqorida qayd etilgan ma’lumotlarni aniq va batafsil e’lon qilish borasida ko‘rsatma berildi.
Yana bir muhim masala – texnikum bitiruvchilarini suhbat asosida o‘qishga qabul qilish haqida so‘z yuritildi. OTM rektorlariga ushbu jarayonni yuqori saviyada tashkil etish yuzasidan aniq vazifalar topshirildi.

Afsuski, so‘nggi kunlarda talabalar va ularning ota-onalari uchun yetarlicha tushuntirish ishlari olib borilmagani sababli talabalar tomonidan belgilangan tartiblarni tushunmasdan hujjat topshirishga urinish holatlari kuzatilmoqda. OTM rektorlariga ushbu holatlarni bartaraf etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilab berildi.
Vazir yig‘ilishda, shuningdek, OTMda energiya tejamkorligi, to‘lov-kontrakt miqdorlarini belgilash, murojaatlar bilan ishlash, call-markazlar faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish kabi masalalarda OTM rektorlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish lozimligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda yuqorida ko‘tarilgan bir qator masalalar yuzasidan oliy ta’lim muassasalari rektorlarining taklif va mulohazalari tinglandi.
N.Usmonova, O‘zA