O‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qiladigan firibgarlarning noqonuniy harakatlaridan aholi qancha ogohlantirilmasin, bilib-bilmay yana shu jirkanch ishga qo‘l urayotganlarning uchrashi kishini o‘yga toldiradi.
Nima, xalqimiz shunchalik soddami yoki ayrimlar har qanday qonun, tartib-qoidani chetlab o‘ta olaman, deb o‘ylaydimi? Har qanday holatda ham qonunga zid harakat fosh etilib, aybdorlar buning uchun qonun oldida javob berishiga to‘g‘ri keladi.
Qashqadaryo viloyatidan ro‘yxatdan o‘tgan “Kesh turon Centr-C” MCHJ rahbari S.S. bilan ham shunday holat yuzaga keldi. U Jomboy tumanida yashovchi U.Sh.ni Samarqand veterinariya meditsinasi institutining magistraturasiga o‘qishga kiritib qo‘yish uchun 17 ming AQSH dollari olayotgan vaqtida Samarqand viloyati DXX va IIB xodimlari tomonidan ushlandi.
Samarqand shahridagi Ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi devonxona inspektori S.O. esa Bulung‘ur tumanida yashovchi fuqaroga mazkur o‘quv muassasasiga 800 AQSH dollari evaziga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qiladi.
Nafsi buzuq inspektor fuqarodan kelishilgan pulning 700 AQSH dollarini olayotgan vaqtida DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir chog‘ida fosh etildi.
Yana bir holatda, Samarqand davlat chet tillar instituti “Ingliz tili II” fakulteti dekanining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari I.S. mazkur institut 2-kurs talabasining oraliq imtixonlardan o‘tishida ko‘maklashish va talabalar safidan chetlatmaslik evaziga 600 AQSH dollarini pora sifatida talab qilgan. Dekan o‘rinbosari talabadan kelishilgan pulning 550 AQSH dollarini xizmat xonasida olayotgan vaqtida jinoyat ustida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
O‘zA