Muhim masala
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ta’lim tizimida o‘tkazilayotgan islohotlar millat va mamlakat taqdirida muhim o‘rin tutmoqda. Mazkur jarayonlar bugungi kunga kelib, o‘zining ijobiy natijalarini bera boshladi. Navbatdagi vazifa tayyorlanayotgan mutaxassislar sifatini amaldagi iqtisodiy talablarga muvofiqligini ta’minlashdan iborat.
Islohotlarimiz muvaffaqiyati, davlat xizmatlari xodimlari sifati maktab ta’limiga bog‘liq ekanligini unutmagan holda, sohada saqlanib kelayotgan muammolarni bartaraf etish chora-tadbirlarini ko‘rish zarur.
Xalq ta’limi tizimidagi muammolarning yechimi, muayyan darajada pedagogik kadrlar tayyorlashga, ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalari faoliyatiga bog‘liq. Buning bosh nuqtasi oliy ta’limning magistratura bosqichidir.
Bo‘lg‘usi maktab o‘qituvchisining bilim darajasi va saviyasi birinchi navbatda magistratura bitiruvchisining sifat ko‘rsatkichlariga borib taqaladi. Chunki ularning bir qismi pedagogik oliy ta’lim muassasining o‘qituvchisi bo‘lib qoladi. Bu, bir qarashda ko‘zga tashlanmasa-da lekin ko‘plab muammolarning asosiy sabablaridan biridir. Afsuski, bunga keyingi 25 yildan buyon jiddiy e’tibor berilmay kelinmoqda. Aslida zanglagan qulfning kaliti aynan shudir.
To‘g‘ri, magistrlar tayyorlash maqomiga juda zarur o‘zgartirishlar kiritildi. Tor ixtisoslashuvdan muayyan darajada voz kechildi. Bu yildan qabulda chet tili sertifikati mavjudligi talab etilmoqda. Ixtisoslik fanlaridan sinov bo‘lishi, bakalavr diplomidagi natijalar hisobga olinishi inson omilini bekor qilib, bevosita adolatni ta’minlaydi. Bu, mubolag‘asiz, inqilobiy islohotdir. Bunday tartib, oliy ta’limning bakalavr bosqichida, joriy imtihonlar haqqoniyligini ta’minlaydi. Ta’lim sifatini ko‘tarishga jiddiy ta’sir qiladi. Maktab o‘quvchilari va talabalarning chet tilini o‘rganishga munosabatini o‘zgartiradi.
Ammo bitta lekini bor. Magistraturani yuqori samarali, haqiqatda mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy tizimini yetarli darajada oliy sifatli mutaxassislar bilan ta’minlash, ilmiy-pedagogik sohani kadrlar zaxirasini to‘ldirib borish uchun yuqoridagi, shubhasiz muhim bo‘lgan chora-tadbirlarning o‘zi yetarli emas, deb hisoblayman.
Magistrlik darajasining mehnat maqomi jozibadorligi qonun bilan ta’minlanmasa, raqobat muhiti shakllanmaydi va kutilgan samarani bermaydi.
Magistratura ta’limining davrga va bizning muayyan muammolarimizga munosib modelini qabul qilmasdan turib, ta’lim-tarbiyaning barcha bosqichlarida qo‘yilgan maqsadga erishish mushkul. Bu aksioma emas, balki haqiqat. Shu o‘rinda, tahlilni ta’lim tizimi islohotlarining yaqin tarixidan boshlamoqchiman.
O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari oxiriga kelib, oliy ta’limning besh yillik tizimidan ikki bosqichli bakalavr, magistr tizimiga o‘tildi. Bundan ko‘zlangan maqsad bakalavrlar o‘zining malakasi bilan an’anaviy besh yillik ta’lim mutaxassislarining o‘rnini bosadi, magistrlar oliy ta’lim muassasalaridagi ilmiy-pedagog kadrlar safini to‘ldirish edi. Afsuski, o‘tgan davr bizning bu umidlarimizni puchga chiqardi.
Darhaqiqat, maktab bitiruvchisining hozirgi bilimi negizida, oliy ta’lim muassasalarida to‘rt yilda yuqori malakali mutaxassis tayyorlash murakkab masala.
Bakalavr, bu muddat ichida faqat umumiy ma’lumotlarnigina o‘zlashtiradi. Lekin hozirgi zamon ilm-fani erishayotgan yutuqlar nuqtai nazaridan qaraganda bunday qisqa muddat ichida, mutaxassis egallashi lozim bo‘lgan, bilim va kompetensiyalarni o‘zlashtirish amri mahol.
Bizda, bakalavrlar, mehnat bozorining asosiy qismini tashkil qilayotganligini hisobga olsak, ularni qisqartirilgan ta’lim dasturlari asosida tayyorlash jiddiy ixtisoslashuvlarsiz amalga oshirilayotganligini ko‘ramiz. Bunday mutaxassislar to‘laqonli bo‘lishi uchun tegishli, mos, iqtisodiyot tizimlari shakllanib, rivojlangan va o‘z malaka oshirish tuzilmalariga ega bo‘lishi kerak. Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning hali zaruriy me’yoriga to‘laqonli yetkazilmaganligi sharoitida va iqtisodiy tuzilmalarda yosh mutaxassislarning amaliy ko‘nikmalarini ta’minlaydigan imkoniyatning chegaralanganligi ham bunga salbiy ta’sir etmoqda.
Ko‘p bosqichli oliy ta’lim tizimi rivojlangan mamlakatlarda, talaba haqiqiy professional bilimni magistratura bosqichida yoki ish beruvchilar malaka oshirish tuzilmasida egallaydi.
Chet el tajribalari yana shuni ko‘rsatmoqdaki, bakalavrlar o‘qishni tugatib, ishlashlari uchun, aksariyat hollarda, ular tegishli kasb bo‘yicha sertifikat olishlari lozim. Ular maktabda o‘qituvchilik qilishlari uchun qo‘shimcha, jiddiy pedagogik tayyorgarlikdan o‘tishlari kerak.
Buyuk Britaniyada talabgor maktab o‘qituvchisi huquqiga ega bo‘lish uchun dastlab, fanning qaysidir sohasi bo‘yicha universitetda bakalavr darajasini oladi. Shundan so‘ng maxsus tayyorlov kursini o‘taydi va malakali o‘qituvchi makomini tasdiqlovchi maxsus sertifikatni qo‘lga kiritadi. Keyin pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanadi.
Fransiyada ham o‘qituvchilar tayyorlash tizimi taxminan ana shunday. Oliy ta’limning ikki bosqichli tizimi amal qiladigan mamlakatlarda professional malaka to‘g‘risidagi hujjatlar tartibga ko‘ra, talabgorning o‘qishni tugatib, ixtisosligi bo‘yicha ma’lum muddat ish tajribasiga ega bo‘lganidan so‘ng tegishli professional jamiyatlar tomonidan beriladi. Aksariyat rivojlangan mamlakatlarda maktab o‘qituvchisidan magistrlik darajasi talab qilinadi.
Tarixan, AQSH va boshqa mamlakatlarning, oliy ta’limning ikki bosqichli tizimiga o‘tishi, o‘sha zamonning ma’lum talablari va shakllangan imkoniyatlari asosida amalga oshgan. Ijtimoiy-iqtisodiy sohalar yuqori malakali oliy ma’lumotli mutaxassislar bilan yetarli darajada to‘yingan sharoitda, jamiyatda oliy ma’lumotga ega bo‘lishga talab va qiziqish yuqoriligi saqlangan. Vujudga kelgan bunday talabni qondirish va cheklangan malaka talab etadigan vazifalarni bajaruvchi mutaxassislar bilan mehnat bozorini to‘ldirib borish uchun oliy ta’limning nisbatan qisqa va oddiy, birinchi bosqichi – ommaviy tarzda mutaxassislar tayyorlovchi, bakalavriat tizimi kiritilgan.
Aslida, ta’limning bakalavr darajasi, muayyan ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha, keng ommaga akademik oliy ta’lim berish maqsadida tashkil etilgan. Chuqur kasbiy mahoratni oliy ta’limning keyingi bosqichi bo‘lmish magistratura berishi ko‘zda tutilgan. Shu asosda, ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmalardagi yetakchi masalalarni hal etish, tegishli sohalarni chuqur va har taraflama keng o‘rgangan magistrlar zimmasiga yuklatilgan.
Magistraturani tugatganlar soni ham bu talablarga mos kelgan. Vaqt o‘tishi bilan bakalavrlar va magistrlar tayyorlash nisbati bakalavrlar tayyorlash hisobiga o‘sib borgan.
Dunyoda, bir bosqichli oliy ta’lim tizimidan ikki bosqichliga o‘tgan mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, faqat to‘g‘ri, mamlakat iqtisodiyotining muayyan bosqichdagi holati va talabiga qat’iy mos keluvchi magistratura modeligina, oliy ta’limda ikki bosqichli tizimning qabul qilinishini oqlaydi. Aks holda, ikki bosqichli tizimga o‘tish, undan kutiladigan ijobiy samara, sohadagi jiddiy yo‘qotishlarga olib keladi.
Jahon globallashuv jarayonining, oliy ta’limdagi hosilasi bo‘lmish, ikki bosqichli ta’lim tizimini qabul qilishimiz muqarrarligini hisobga olsak, magistratura bosqichi albatta bo‘lishi kerak. Masala, mamlakat rivojlanishining ushbu bosqichida magistraturaning qaysi modeli samarali ekanligida. Bu haqda biz o‘tgan yillarda juda ko‘p fikr-mulohaza va takliflarni ilgari surganmiz.
1997-1998 yillarda O‘zbekistonda amaldagi magistratura tizimining kiritilishidagi konseptual xato shundan iboratki, o‘shanda magistratura – asosan oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tadqiqot institutlarining zaxira kadrlarini tayyorlaydi degan g‘oyaning qabul qilinishidir.
Mening nazarimda, 1998 yil magistraturaning hozirgi, harakatdagi konsepsiyasining qabul qilinishi uchun u asosan hozircha saqlangan, bakalavrlarning boshqacha sifat darajasi, tegishli ta’lim sifati madaniyati, jamiyatning oliy malakali mutaxassislar bilan to‘yinganlik darajasi, maktabning faoliyat sifati ancha yuqoriroq bo‘lishi kerak edi. Bu omillardan hatto birortasining ham bo‘lmasligi, oliy ta’limni ikki bosqichliga o‘tilishining maqsadga muvofiqligini murakkablashtirishi aniq. Shunday bo‘ldi ham.
Oliy malakali mutaxassislarning mutlaqo yetishmovchiligi, iqtisodiy islohotlarning tugallanmaganligi va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari sifatini baholay olishga qodir zamonaviy ish beruvchilar yetarli darajada shakllanmaganligi sharoitida bundan ortig‘ini kutib bo‘lmaydi. Demak O‘zbekistonda o‘tish davrida, magistratura, oliy ta’limning keyingi seleksion bosqichi bo‘lishi kerak xolos.
Ayni paytda va yaqin kelajakda bizga bakalavriatura bitiruvchilaridan jiddiy saralash natijasida shakllantirilgan va 1-2 yil ichida, kasb fanlarni chuqur amaliy yondashish asosida o‘zlashtirgan, an’anaviy atama bilan aytganda, xalq xo‘jaligining tegishli sohalarida faol va innovatsion xizmat kilish saviyasiga qodir magistrlar zarur. Ulardan, ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanish qobiliyatini namoyon qilgan magistratura bitiruvchilarining ayrimlari, o‘qishni doktoranturada davom ettirishlari yoki stajyor-tadqiqotchi maqomiga o‘tishlari mumkin bo‘ladi.
O‘tgan davr shuni ko‘rsatdiki, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning kadrlarga bo‘lgan talabini bakalavrlargina qanoatlantira olmaydi. Ayniqsa, iqtisodiyotni shakllantiruvchi ta’lim yo‘nalishlari – muhandislik, mashinasozlik, qayta ishlash, qishloq xo‘jaligi va boshqalar.
Prezidentimiz davlat xizmatlari xodimlarining maqomi haqidagi qonunning qabul qilinishi munosabati bilan mutassadi rahbarlar oldida turgan vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda boshqaruv tizimidagi xodimlar professionalligi va tashkiliy qobiliyatlarini oshirishga qaratilgan vazifalarga ham to‘xtaldi. Bu muammolar yechimining kaliti ham asosan mamlakatning samarali magistratura ta’limiga bog‘liq.
Butun dunyoda, seleksion oliy ta’lim tizimi sohiblarigina davlat boshqaruvida xizmat qiladi. Bizda bu tushuncha hali shakllanmagan ham. Busiz davlat xizmatchilarining saviyasi va sifatini nuqul malaka oshirish bilan ko‘tarib bo‘lmaydi. Shu bilan birga oliy ta’limning magistrlik bosqichi jozibadorligini ta’minlaydigan choralar ham ko‘rilmagan. Magistraturaning jozibadorligini oshirish, unga kerakli darajadagi tanlov imkoniyatini yaratish haqiqiy seleksiyaga yo‘l ochadi. Natijada, rivojlangan mamlakatlardagidek, chet tilini biladigan, yetuk boshqaruv kadrlar tayyorlanadi. Bunga bakalavr bitiruvchilarining taxminan 30-40 foizini magistraturaga saralab olish evaziga erishiladi. Pirovardida, mamlakatning barcha sohalari yuqori malakali mutaxassislar bilan shakllana boshlaydi. Shuningdek, davlat boshqaruviga tanlash imkoniyati paydo bo‘ladi. Boshqaruv kadrlarining hozirgi holati negizida ayni shu muammo, mamlakatning ikki bosqichli oliy ta’limga o‘tish modelining samarali yakuniga yetkazilmaganligidir.
Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning bugungi bosqichida, asosiy maqsad, iste’molchilarning, o‘z kasbiy sirlarini chuqur o‘zlashtirgan mutaxassislarga bo‘lgan talabini qondirishdan iboratdir. Umumkasbiy ma’lumotgagina ega bakalavrlardan o‘tib, umummilliy ma’lumotga ega magistr mutaxassislarimiz bilan iste’molchilar talab-ehtiyojini qondira olmaymiz. Natijada, iste’molchilarning asosiy qismi haqiqiy oliy ma’lumotli mutaxassislarsiz qolishmokda. Magistraturamizning bugungi asosiy maqsadi, mutaxassislik fanlarini chuqur amaliy yondoshuv bilan o‘zlashtirgan mutaxassislar tayyorlashdan iboratdir.
Ijtimoiy-iqtisodiy tizimlarimizdagi yuqori malakali mutaxassislarga bo‘lgan hozirgi talabni tegishlicha ta’lim olgan magistrlargina qoniqtira oladi. Keyingi davrlarda, yillar osha, maktabgacha ta’lim, maktab va ularning negiziga tayangan bakalavr oliy ta’lim turi o‘zgacha to‘yinganlik mazmun va sifat darajasiga yetgach va iste’molchilar bozori zaruriy oliy sifatli mutaxassislar bilan muayyan darajada ta’minlangandan keyin, mehnat bozorida bakalavrlar, balki mutaxassislarning asosiy qismiga aylanib, magistratura, balkim ilmiy-ijodiy malaka beradigan oliy ta’lim bo‘lib qoladi.
Magistr va bakalavr diplomi sohiblarining mehnat maqomini ham tegishli qonunlar bilan belgilab olish juda zarur. Oliy ta’lim bosqichlari diplom sohiblari mehnat maqomini qabul qilish va unga rioya qilish, magistraturaga tanlov darajasini jiddiy ko‘tarib, pirovardida magistr-mutaxassislar sifatini oshirish garovi bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, ushbu davr magistratura modelining asosiy maqsadi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar talablarini qoniqtiradigan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashdan iborat bo‘lishi kerak.
Magistratura ta’lim modelini tahrir qilish, mubolag‘asiz, nafaqat istiqbolimiz poydevorini ta’minlaydigan oliy ta’lim sifatini belgilaydi, balki ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarimizning kelajak o‘n yillardagi taqdirini ham hal etadi.
Prezidentimizning, yuqorida zikr kilingan majlisida ishtirok etar ekanman, ilgarilari ham ko‘p bora ko‘targan, mazkur masala haqidagi mulohazalarimni o‘rtaga tashladim.
Haqiqat bahslarda tug‘iladi. Hamkasblarimni, soha xodimlarini, xalqaro tajribaga ega olimlarimizni bahs-munozaraga chorlamoqchiman. Balki ulardan bundan ham yaxshiroq, jo‘yaliroq fikrlar chiqar. Maqsad bitta. Kimnidir ayblashdan yiroqman. Balki mazkur sohani rivojlantirish mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shish...
Rustam XOLMURODOV,
Sharof Rashidov nomidagi
Samarqand davlat universiteti rektori, professor,
Oliy Majlis Senati a’zosi.