Magistral tabiiy gaz quvurlaridan foydalanishga oid muammolar boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuboriladi
Senatning yalpi majlisida tabiiy gaz quvurlari tizimi va ushbu sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi ahvoli yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi.
Senatning yalpi majlisida tabiiy gaz quvurlari tizimi va ushbu sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi ahvoli yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi.
Qayd etilganidek, soʻnggi yillarda yoqilgʻi-energetika tarmogʻini tubdan isloh qilish, isteʼmolchilarning tabiiy gazga boʻlgan ehtiyojini toʻliq qondirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, aholi bilan muloqotlar, joylardagi oʻrganishlar, gaz quvurlari tizimi ahvoli, tarmoqqa oid qonun hujjatlarining ijro etilishi va huquqni qoʻllash amaliyotining tahlili ushbu sohada qator tizimli muammo, kamchiliklar mavjudligini koʻrsatmoqda. Jumladan, “Oʻztransgaz” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi 13 ming 291 kilometr magistral gaz quvurlarining 208 kilometri 10 yilgacha, 1 ming 564 kilometri 10 yildan 20 yilgacha, 11 ming 519 kilometri 20 yildan 30 yilgacha va undan ortiq muddat foydalanib kelinmoqda.
Shuningdek, magistral gaz quvurlaridan foydalanish muddati, shartlari va meʼyorlari masalalariga oid qonun hujjatlarining ishlab chiqilmagani hamda quvurlar diagnostikasini toʻliq oʻtkazilmayotgani sabab ularning 67,7 foizining texnik holati maʼlum emas. Oqibatda, soʻnggi yillarda fuqarolarning hayoti, sogʻligʻi va mol-mulkiga, atrof muhit, ijtimoiy obyektlar, gaz quvurlari va uskunalari xavfsizligiga jiddiy tahdid soluvchi qator avariya hamda baxtsiz hodisalar sodir boʻlmoqda. Ushbu holatlar quvurlarning yaroqsiz holga kelishi va xavfsizlik qoidalariga rioya qilinmasligi tufayli kelib chiqqan boʻlib, ular natijasida faqat yoʻqotilgan gaz hisobiga 1,5 milliard soʻmdan ortiq zarar yetkazilgan.
Parlament aʼzolari isteʼmolchilarga tegishli, shu jumladan koʻp qavatli uylardagi gaz quvurlari va uskunalaridan maishiy ehtiyojlar uchun foydalanishda koʻplab avariya hamda insonlar oʻlimiga sabab boʻlayotgan baxtsiz hodisalarga ham toʻxtalib oʻtdi. Ayniqsa, bu holatlarning soni isitish mavsumida keskin koʻpaymoqda. Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, gaz quvurlarining nosozligi, avtomatik sozlash, nazorat qilish asboblariga ega boʻlmagan isitish moslamalaridan foydalanish, isitish moslamalari, dudboʻronlar va shamollatish kanallaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilinmasligi oqibatida fuqarolarning is gazidan zaharlanishi hamda boshqa favqulodda holatlar roʻy bermoqda.
Xususan, 2016-2017 va 2017-2018-yillardagi isitish mavsumlarida is gazidan zaharlanish bilan bogʻliq jami 144 ta holat sodir boʻlib, ularda 306 nafar fuqarolar jabrlangan. Kelgusida bu kabi muammolarni oldini olish boʻyicha tegishli vazifalarni amalga oshirish zarurligi aytib oʻtildi.
Shu munosabat bilan tegishli parlament soʻrovini yuborish zarurati yuzaga keldi. Masala senatorlar tomonidan maʼqullandi.