Rossiya-Ukraina
NATOga a’zo mamlakatlar 11-12 iyul kunlari Vilnyus sammitida Ukrainaga harbiy yordamni kuchaytirish va kelajakda ham davom ettirish masalasini muhokama qilishadi. Bu haqda Shimoliy Atlantika alyansi Bosh kotibi Yens Stoltenberg “PBS” telekanaliga intervyusida aytib o‘tdi.
“Sammitda ittifoqdoshlar Ukraina uchun muhim ahamiyatga ega yangi bayonotlar berishiga ishonaman, Kiyevni to‘la qo‘llab-quvvatlashga sodiqligimizni namoyish etamiz”, dedi u.
Shuningdek, Stoltenberg Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi bo‘yicha aniq muddatni aytib bo‘lmasligini, “mamlakatda urush davom etayotgani”ni aytgan.
AQSH mudofaa vaziri Lloyd Ostin Bryusselda NATOdagi ittifoqdoshlar bilan Ukrainaga havo hujumidan himoya tizimi, tankka qarshi majmua, artilleriya va boshqa qurol-aslaha yetkazib berilishini muhokama qiladi. Bu haqda Pentagon matbuot xizmati xabar berdi.
“Ittifoqdoshlar bilan Ukrainaning kelajagi to‘g‘risida fikr almashiladi”, deya qo‘shimcha qilingan xabarda.
AQSH Dengiz piyodasi qo‘shini qo‘mondoni lavozimiga nomzod, general Erik Smit Rossiya – Ukraina ziddiyati hali yaxshi o‘rganib chiqilmagan, deb hisoblashini aytdi.
Germaniya Ukrainada ishdan chiqqan har bir “Leopard-2” tankini almashtirib berishga qodir emas, ammo Kiyevga qurol-aslaha yetkazib berishni davom ettiradi, deya bayonot berdi mamlakat mudofaa vaziri Boris Pistorius “Bild” gazetasi muxbiri bilan suhbatda.
– Iyul oyidan boshlab ta’mirdan chiqqan “Leopard-1A5” tanklarini ko‘proq jo‘natishga harakat qilamiz, yil oxirigacha 100 ta shunday mashina yetkazib beriladi, – qo‘shimcha qildi vazir.
MAGATE Bosh direktori Rafael Grossi Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga Kaxovka GES to‘g‘oni talafotidan kelib chiqib tayyorlangan Ukrainaga yordam dasturini taqdim qildi.
Ijtimoiy tarmoqda Grossi dasturda “sog‘liqni saqlash sohasida yadro texnologiyasi, oziq-ovqat va ichimlik suvi xavfsizligi, hayvonlar salomatligi, tuproq va suvni boshqarish, shuningdek, suv toshqinidan keyingi infratuzilma holati aks etgan”, deb yozdi.
Minsk AQSH Prezidenti saylovida Donald Trampga xayrixohlik ko‘rsatadi, chunki u Rossiya – Ukraina ziddiyatida NATOni bir kunda to‘xtata oladi. Bu haqda Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko bayonot bergan:
– Tramp qat’iy harakat qila oladi: samolyotga o‘tirib, muammoni hal etish uchun yo‘lga chiqadi. U urushni to‘xtatish va’dasini bajarishiga ishonaman!
AQSH rahbari ma’muriyati Ukrainaga “Abrams” tanki uchun to‘yintirilgan uran snaryadi yetkazib berilishini ma’qullashga tayyor. Bu haqda “The Wall Street Journal” o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Shvetsiyaning Psixologik himoya boshqarmasi xodimlari Ukraina ziddiyati boshlangandan beri mahalliy mutaxassislarni axborot urushi sohasidagi tayyorgarligiga yordam bermoqda. Bu haqda “SVT” telekanaliga mazkur idora bo‘lim boshlig‘i Mikael Tofvesson ma’lum qildi.
Ukrainadagi jangovar harakatda qatnashib kelgan finlyandiyalik yollanma askar o‘ldirilgan. Bu haqda finlarning “Yle” teleradiokampaniyasi xabar berdi. Ma’lumotga ko‘ra, 30 yoshli askar Kiyev hokimiyati tomonida turib jangda ishtirok etgan. Finlyandiya TIV konsullik departamenti boshlig‘i Yussi Tanner “Xelsinki o‘z fuqarosining o‘limidan xabardor”, dedi.
Kiyev hokimiyati 250 tagacha modulli beton boshpana sotib olish uchun 8 million dollardan ziyod mablag‘ ajratdi, deya xabar berdi shahar meri Vitaliy Klichko.
Abror XON, O‘zA