MAGATE boshqaruv kengashi Rossiyani Zaporoje AESini tark etishga chaqirdi
MAGATE boshqaruv kengashi Rossiyani Zaporoje AESini tark etishga va Ukraina yadro ob’ektlariga qarshi harakatlarni to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiya qabul qildi, deb xabar bermoqda Frans Press agentligi diplomatik manbalarga tayanib.
Rezolyutsiya matni Kanada va Finlandiya tomonidan tayyorlangan bo‘lib, uni boshqaruv kengashiga kiruvchi 35 mamlakatdan 24 tasi ma’qulladi, deyiladi xabarda. Mazkur hujjatga Rossiya va Xitoy qarshi ovoz bergan.
Zaporoje AESi Dnepr daryosining so‘l qirg‘og‘ida Energodar shahri yaqinida joylashgan. U quvvati bo‘yicha Yevropadagi eng katta AES hisoblanadi. Stansiyada har biri 1 gigavatt quvvatga ega bo‘lgan oltita blok mavjud. Mazkur ob’ektni mart oyidan buyon Rossiya harbiylari qo‘riqlamoqda.