Magʻlubiyat va gʻalabani koʻrgan oʻzbek jangchisi
20 yoshimda Toshkent viloyati Piskent tumanidan Ikkinchi jahon urushiga chaqirilgan edim, – dedi suhbat chogʻida otaxon.
Gʻalabaning 75 yilligiga
– 20 yoshimda Toshkent viloyati Piskent tumanidan Ikkinchi jahon urushiga chaqirilgan edim, – dedi suhbat chogʻida otaxon. – Ot minishni yaxshi koʻrardim. Menga oʻxshagan yigitlardan 200 nafarini tanlab, har birimizga bittadan ulov berishdi. Otliq askarlar diviziyasi kabi shugʻullana boshladik. 1941-yilning dekabrida Chimkentga bordik. U yerdan Voroshilovgrad shahriga yuborishdi. Soʻngra Ukrainaning Donesk shahriga, Belarusga joʻnatishdi. Besh oylik qayta harbiy tayyorgarlikdan soʻng, 2-Belarus frontining 33-tank brigadasida jangga kirdik.
Maʼlumotlarga koʻra, Ikkinchi jahon urushida marshal K. Rokossovskiy qoʻmondonligidagi 2-Belarus fronti tub oʻzgarishlar davrini boshlab bergan ekan. Aynan shu harbiy qismda bizning hamyurtimiz Anorqul Hotamov qatorida yuzlab oʻzbek yigitlari urushning soʻnggi kunlarigacha jasorat koʻrsatgan.
– Men xizmat qilayotgan diviziyaning shtabi 1942-yilning iyun oylarida Belarus oʻrmonlarida joylashdi, – deb hikoyasini davom ettiradi A.Hotamov. – Oʻshanda kutilmaganda dushmanning havo hujumiga uchrab, koʻpchilik jangchilar halok boʻldi. Har kuni yuzlab kishilar halok boʻlardi. Bizning diviziya katta talafot koʻrib, ichkariga chekindi. Qahraton qish kirganligi bois, butun frontda mashaqqatli kunlar boshlandi. Okoplarda jangchilar ustidan oʻqlar vizillab uchardi. Bir zumga boʻlsa-da, koʻzni yumib ham boʻlmasdi. Kechayu kunduz shunday ahvol. Bugun yoningda boʻlgan safdoshing ertaga boʻlmasligi mumkin. Qorin toʻyib non yeyish, birpas mizgʻib olish xayoldagi orzu edi.
Faqat bir necha kundan keyingina dushman tomon butun front boʻylab qarshi hujumga oʻtildi. Xayriyatki, jangda oldinga qarab yurish boshlandi. Belarus va Ukraina yerlari, Boltiqboʻyi respublikalari nemis bosqinchilaridan ozod qilindi. Undan keyin Polsha va Chexoslovakiyadagi janglarda ham ishtirok etdim. Nemis armiyasi butun front boʻylab chekina boshladi. Shundan soʻng urush harakatlari Germaniya hududiga oʻtdi. Shu tariqa, 1945-yilning bahor oylarida Berlinni egallash uchun hujum boshlandi. Shiddatli janglardan keyin may oyining boshida Berlin egallandi.
...Gʻalaba! Oʻshanda Anorqul Hotamov quvonchdan koʻz yoshlarini yashira olmagandi. Bu gʻalabani jangchilar oʻzining qurollari bilan osmonga oʻq uzish bilan nishonlar, bir-birini tabriklardi. Askar Anorqul Hotamovga ham ana shunday lahzalarda bevosita ishtirok etish nasib etgandi.
Urushdan qaytgan oʻzbek qahramoni yuksak eʼtirofga sazovor boʻldi. A.Hotamov urushdagi jasorati tufayli II darajali “Ulugʻ Vatan urushi” ordeni, “Berlinni zabt etganligi uchun”, “Germaniya ustidan qozonilgan gʻalaba uchun”, “Jasorati uchun”, “Jangovar xizmatlari uchun” va boshqa oʻnlab medallar bilan taqdirlandi.
Ana shunday eʼzoz va hurmat bugun tabarruk 96 yoshli A.Hotamovni faol hayotga undayotgan boʻlsa, ajab emas. Urushdan keyin u Piskent tumanidagi Chimqoʻrgʻon qishlogʻida haydovchilik qildi. Otaxon umr yoʻldoshi bilan yetti oʻgʻil va ikki qizni tarbiyalab voyaga yetkazdi. Oʻqitdi, uyli-joyli qildi.
– Anorqul Hotamov kabi urush qatnashchilari viloyatimiz faxri, – dedi Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Behzod Qobulov. – Biz ularni ardoqlash va koʻklarga koʻtarishimiz lozim. Chunki bu yosh avlod tarbiyasida juda muhim. Shu bois, hukumatimiz tomonidan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari har doim qoʻllab-quvvatlanmoqda va koʻmak berilmoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning shu yil 30-mart kuni “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilinib, unda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga oʻn million soʻm miqdorida bir yoʻla pul mukofoti berilishi belgilangani bu fikrimiz isbotidir.