Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Maftunkor ranglar jilosi”dan kuch olgan iste’dodlar
12:35 / 2024-09-20

Yoshlarning huquq va manfaatlari himoyasini yanada kuchaytirish va amalda ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Adliya vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Adliya yoshlarga ko‘makdosh!” shiori ostida keng qamrovli tadbirlar o‘tkazilmoqda. 

Uch kunga mo‘ljallangan tadbirlarning birinchi kunida yoshlar adliya idoralariga tashrif buyurib, ularning faoliyati bilan tanishgan bo‘lsa, ikkinchi kuni Nukus shahridagi Mono markazda “Adliya sayli” huquqiy aksiyasi o‘tkazildi.

Uchinchi kun esa “Maftunkor ranglar jilosi” ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Aytib o‘tish kerakki, inson hamisha jamiyatda o‘z o‘rnini topishga harakat qiladi. Buning uchun intilish, izlanish, sabot, mas’uliyat zarur.  Imkoniyati cheklangan insonlarga esa bu xislatlar ikki hissa ko‘proq kerak. “Maftunkor ranglar jilosi” ko‘rgazmasi ana shunday insonlarni kashf etish va rag‘batlantirishga qaratilgan.

Mazkur ko‘rgazma muntazam ravishda Adliya vazirligi, O‘zbekiston nogironlar jamiyati, Badiiy akademiya bilan hamkorlikda “Biz birgamiz” ijtimoiy loyihasi doirasida tashkil etib kelinmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida  tashkil etilgan bu safargi ko‘rik-tanlovda 15 nafar nogironligi bo‘lgan bolalar va ularning ota-onalari, 17 ta tuman va shaharlardagi Nogironlar jamiyati bo‘limlarining hunarmandlari, sportchilar va boshqa yoshlar ishtirok etdi.

Adliya vaziri o‘rinbosari Sherzod Rabiyev har bir ishtirokchining ijod namunalarini alohida e’tirof etar ekan, mazkur xayrli tashabbus nogironligi bo‘lgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va doimiy ravishda rag‘batlantirib borish maqsadida o‘tkazib kelinayotganini ta’kidladi. Bu yoshlarning iqtidorini yuzaga chiqarish, doim oldinga intilishi va o‘zlariga bo‘lgan ishonchni oshirishga xizmat qiladi.  

Nogironligi bo‘lgan bolalarning ta’lim, ilm-fan, texnika, san’at va sport bilan shug‘ullanishini qo‘llab-quvvatlash juda muhim. Chunki shu orqali ular o‘zini jamiyatning bir bo‘lagi sifatida tasavvur etadi, o‘z kechinmalarini, intellektual salohiyatini, jismoniy kuch va g‘ayratini namoyish qiladi.  

Tadbirda ana shunday katta kuch, iroda, mehnat bilan yaratilgan  ijod namunalari keng jamoatchilikka taqdim etildi. Bolalarning rassomlik va shaxmat borasidagi mahoratlari yana bir bor sinovdan o‘tkazildi.

Bolalar oq qog‘ozlarga hayotga bo‘lgan ishonchini, umidini, kelajakdagi orzularini yorqin ranglarda aks ettirdi. Ularning nozik qalbini aks ettirgan suratlar hech kimni befarq qoldirmadi.

Tadbir doirasida nogironligi bo‘lgan bolalar o‘z qo‘llari biri yaratgan hunarmandlik mahsulotlarining ko‘rgazmasi ham tashkil qilindi. Hunarmandlarning mahsulotlari yarmarkasi, bolalar konsert dasturlari, multfilm qahramonlari ishtirokida turli namoyishlar va sport tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Bu bolajonlarga yanayam katta zavq, ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Tadbir ishtirokchilari qimmatbaho sovg‘alar, medal va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

Adliya vaziri o‘rinbosari Sh.Rabiyev Qoraqalpoq davlat universiteti yuridik fakulteti yoshlari bilan ham uchrashdi. Rahbar va yoshlar uchrashuvida yoshlarga berilayotgan e’tibor va imkoniyatlar haqida so‘z bordi.

Adliya vazirligi, Toshkent davlat yuridik universiteti bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligi qayd etildi.  Tizimda o‘z faoliyatini olib borayotgan yoshlarning mulohazalari ham tinglandi. Ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, turli g‘oya va startap loyihalar borasidagi takliflari qabul qilindi.

Shu bilan birga, tadbir davomida qonunchilik hujjatlaridagi yoshlarga berilayotgan imkoniyat va yengilliklar haqida batafsil huquqiy tushuntirishlar ham berildi.

Qoraqalpog‘istonda shu kunlarda bo‘lib o‘tayotgan tadbirlar aholining huquqiy madaniyati, bilim va ko‘nikmalari yanada oshishi, yurt taraqqiyotiga daxldorlik tuyg‘usi kuchayishi, vatanparvarligi ortishiga  xizmat qiladi.

N.ABDURAIMOVA, O‘zA