Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Maftunkor ranglar jilosi” tanlovi g‘oliblari
10:28 / 2021-06-12

Adliya vazirligi O‘zbekiston nogironlar jamiyati bilan hamkorlikda imkoniyati cheklangan shaxslarni birlashtiruvchi nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Biz birgamiz!” ijtimoiy loyihasini amalga oshirib kelmoqda.

Yoshlar ijod saroyida “Biz birgamiz”ijtimoiy loyihasi doirasida “Maftunkor ranglar jilosi” respublika tanlovi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad  nogironligi bo‘lgan yoshlarning orasidan san’at va sport sohasi bo‘yicha iqtidorli yoshlarni aniqlash hamda munosib taqdirlashdir.

Aytib o‘tish kerakki, bolalar tomonidan yaratilgan san’at asarlarida hayotga bo‘lgan mehr va intilish, yashashga bo‘lgan tirishqoqlik, kelajakka bo‘lgan orzu mutlaqo o‘zgacha ranglarda namoyon bo‘ladi.

Ma’lumot uchun: 2019 yilda 7 yoshdan 17 yoshgacha nogironligi bo‘lgan iqtidorli yoshlar o‘rtasida rasm chizish bo‘yicha “Maftunkor ranglar jilosi” respublika ko‘rik- tanlovi tashkil qilingan. 2020 yilga kelib mazkur tanlovning rassomchilik yo‘nalishiga shaxmat sport turi ham qo‘shildi.

“Yecobozor”, “Korzinka.uz” savdo majmualari rahbarlari bilan tuzilgan kelishuvlar asosida ushbu savdo nuqtalarida tanlov ishtirokchilari mahsulotlarini sotish yo‘lga qo‘yilgan.

Tadbirda rasm chizish va shaxmat sport turi bo‘yicha o‘z hududida g‘olib bo‘lgan (har bir viloyatdan bittadan) o‘g‘il va qizdan iborat 28 nafar ishtirokchi qatnashdi.

Tanlov natijalariga ko‘ra, rasm chizish musobaqasi bo‘yicha birinchi o‘rin Norjon Fattoyevaga nasib qildi. Lola Sirojova ikkinchi,  Hulkar Egamberganova uchinchi o‘rinni egalladi.

Shaxmat musobaqasida Hojiakbar Saidmurodovga birinchi o‘rin nasib qildi. Shehroz Daminov ikkinchi, Shahriyorbek G‘ulomov uchinchi o‘rinni egalladi.

Tanlov ishtirokchilarining barchasiga noutbuk, shaxmat, elektr choynak, kitob va boshqa qimmatbaho sovg‘alar, medal va faxriy yorliqlar topshirildi.

Adliya vazirligi huzuridagi “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarga qonunchilikda belgilangan imtiyozlar bo‘yicha tushuntirish materiallari tanlov ishtirokchilarining ota-onalariga va yaqinlariga tarqatildi.

O‘zA