Adliya vazirligining “Biz birgamiz!” ijtimoiy loyihasi doirasida “Maftunkor ranglar jilosi-2023” respublika ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi. Unda 7 yoshdan 17 yoshgacha nogironligi bo‘lgan iqtidorli bolalar ishtirok etdi.
Mazkur tadbir Adliya vazirligi va O‘zbekiston nogironlar jamiyati bilan hamkorlikda 2018 yildan boshlab o‘tkazib kelinmoqda.“Biz birgamiz!” ijtimoiy loyihasi doirasida amalga oshirib kelinayotgan tadbir nogironligi bo‘lgan shaxslarni birlashtirish hamda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Tanlovda hududlarda g‘olib bo‘lgan nogironligi bo‘lgan bolalarning rassomlik va shaxmat sport turi borasidagi mahoratlari yana bir bor sinovdan o‘tkazildi. Unda respublikaning 14 hududidan jami 28 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Tanlov doirasida nogironligi bo‘lgan bolalar tomonidan yaratilgan san’at asarlarining ko‘rgazmasi ham tashkil qilindi.
Ko‘rik-tanlovning asosiy maqsadi — rasm chizish va sportning shaxmat turi bo‘yicha iqtidorli bolalarni saralash va ularni rag‘batlantirish.
Ma’lumot uchun: Tadbir 2018-2022 yillar davomida 4 marta o‘tkazildi. Mazkur tadbir 2018-2022 yillar davomida respublika bo‘yicha jami 5 mingga yaqin ishtirokchi qamrab olindi.

Tanlovning rasm chizish turi bo‘yicha Hurliman Saparniyazova (Qoraqalpog‘iston Respublikasi), Muhammadsodiq Abdushukurov (Toshkent shahri), Oybarchin Umarova (Surxondaryo) sovrinli o‘rinlarni egalladi.
Shaxmat turnirida esa Uralbek Normo‘minov (Surxondaryo), Azizbek Ismoilov (Xorazm), Muhammadyusuf Ahmedov (Namangan) g‘oliblar safida bo‘ldi.

Tanlov ishtirokchilarining barchasi qimmatbaho sovg‘alar, medal va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
Bundan tashqari, adliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish” huquqiy aksiyasi doirasida Adliya vazirligi hamda “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti xodimlari tomonidan sayyor qabul o‘tkazildi.

Qabul davomida nogironligi bo‘lgan shaxslarning qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlardan xabardorligini ta’minlash maqsadida bukletlar tarqatildi. Shuningdek, ularni qiziqtirgan huquqiy masalalar yuzasidan tushuntirish berildi.
N.Abduraimova, O‘zA