French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maftunkor O‘zbekistonga sayohat qilish har bir xorijlik orzusi
13:22 / 2021-02-24

Surxondaryo viloyati turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasining feysbukdagi sahifasiga yurtdoshlarimiz murojaat etib, karantin davrida anchayin zerikib qolgani, so‘lim tabiat qo‘ynida sayr etishni, buyuk ajdodlarimizning hoki mangu qo‘nim topgan muqaddas qadamjolarni ziyorat qilishni sog‘ingani, shu bois bu yil vohaning tog‘ qo‘ynida o‘tkaziladigan Navro‘z sayllarini tomosha qilishga katta ishtiyoq paydo bo‘lganini yozishgan.

Agar xabar berishsa, albatta kelib ishtirok etishini, shu bahonada Sangardak sharsharasini ham ko‘rib qaytmoqchi ekanligini ma’lum qilishgan.

– Mamlakatimizda karantin cheklovlari yumshatilishi bilan sahifamizga shunga o‘xshash mazmundagi murojaatlar tez-tez kelib tushmoqda, – deydi hududiy boshqarmaning mas’ul xodimi Akram Xalilov. 

– Biz ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz orqali murojaat etayotgan yurtdoshlarimizning bu kabi istaklarini qo‘llab-quvvatlab, ularni viloyatga taklif etayapmiz. Rang-barang yangi turistik yo‘nalishlarimizni tavsiya qilayapmiz. Viloyatning maftunkor tabiati, milliy hunarmandchiligi va muqaddas qadamjolariga bildirilayotgan bunday qiziqish vohaning sayyohlik salohiyati oshib borayotganiga dalolatdir. Sayyoramizga chang solgan pandemiya mamlakatimizdan chekinib, karantin talablari yumshatilishi bilan yurtimizda yana ichki va ziyorat turizmiga ishtiyoq kuchaygani sezildi. Tarixiy shaharlarimiz, xushmanzara go‘shalarimiz mahalliy sayyohlar bilan gavjum bo‘la boshladi.  

Prezidentimizning joriy yil 9 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Shunga muvofiq Surxondaryo viloyatida ham mahalliy va xorijlik sayyohlarni munosib kutib olish, sifatli xizmat ko‘rsatish, ularning boy taassurotlar bilan qaytishi uchun qulay sharoitlar yaratish barobarida voha ahlining mamlakatimiz bo‘ylab sayohat qilishiga e’tibor kuchaytirilayotir. Shu maqsadda, ayniqsa, yoshlar va keksalarning taklif hamda tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Surxondaryo viloyati turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi boshlig‘i Zafar Namozovning ta’kidlashicha, davlatimiz rahbarining ichki va ziyorat turizmini rivojlantirishga oid mazkur farmoni bilan Termiz shahriga yangi aviareyslar ochilayotgani, poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilayotgani xalqimizning dilidagi gap bo‘ldi. Hujjatda ushbu yo‘nalishlardagi temir yo‘l qatnovi va aviareyslarni subsidiyalash nazarda tutilgani ham mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tiborning yana bir ifodasi, yurtimizning tarixiy shaharlari bo‘ylab maroqli sayru-sayohat uyushtirish uchun qulay imkoniyatdir. Masalaning e’tiborli yana bir jihati shundaki, Vatandoshdoshlarimizda viloyatning maftunkor tabiat manzaralari, shifobaxsh buloqlari va milliy urf-odatlariga ham intilish o‘sgan bo‘lsa, surxondaryoliklarning qadimiy shaharlardagi tarixiy obidalarga qiziqishi kuchayganini kuzatish mumkin.

Borliq uyg‘onib, kunlar isiy boshlashi bilan janubdagi vohada mehnat jamoalari, ta’lim muassasalari va keksa avlod vakillaridan iborat guruhlarning yurtimiz hududlariga sayohatga chiqishi ko‘paymoqda. Jumladan, Angor, Uzun va boysunlik bir guruh o‘quvchi-yoshlar yaqinda Termiz shahrida bo‘lib, tarixiy obidalar va diqqatga sazovor joylar bilan tanishdi. Eng fidoyi tibbiyot xodimlari, Bandixon tumanining bir guruh faol nuroniylari Samarqand safaridan zo‘r taassurotlar bilan qaytdi. Denovlik mehnat jamoalari va o‘quvchi-yoshlari guruhlarining viloyat bo‘ylab sayohati ham sermazmun kechdi. Viloyatda qayta jonlanayotgan ichki va ziyorat turizmi bilan bog‘liq bu kabi misollarni yana keltirish mumkin.

Xususan, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Termiz tumanidagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi ham vohada ichki va ziyorat turizmini yaxshi yo‘lga qo‘ygan muassasalardan biridir. Bu dargohda ta’lim olayotgan qo‘shni davlat yigit-qizlari uchun Surxondaryo viloyati va mamlakatimizning qadimiy shaharlariga qiziqarli safarlar uyushtirish ajoyib an’anaga aylangan. Talaba-yoshlar bu yilgi sayohatni Shahrisabz va Samarqand shahridan boshladi.

– O‘tmishda buyuk allomalarga beshik bo‘lgan qadimiy bu shaharlarni ziyorat qilish har bir afg‘on yoshining orzusidir, – deydi ta’lim markazining o‘zbek tili va adabiyoti fani yo‘nalishi talabasi Abdulloh Jaloliy. 

– Biz, tinch, osuda O‘zbekistonda ta’lim olib, kasb o‘rganish davrida bolalikdagi orzularimizni ruyobga chiqarib, o‘zbek xalqining boy tarixini chuqur o‘rganayotganimiz va ajdodlarning betimsol merosi bilan yaqindan tanishayotganimizdan behad mamnunmiz. Samarqanddagi Go‘ri Amir, Registon, Shohi Zinda ansambli, Hazrati Xizr, Islom Karimov yodgorlik majmuasi, Bibixonim masjidi kabi muqaddas joylarda bo‘lib, ziyorat amallarini bajo keltirdik. Shahrisabzdagi Oqsaroy, Muhammad Tarag‘ay, Shayx Kulol yodgorligi, Ko‘k gumbaz masjidlarida bo‘ldik. Samarqand va Shahrisabz ko‘p go‘zal qadimiy shahar ekanini bolaligimizda eshitgan va o‘qigan edik. Bugun bu shaharlarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, yaqindan tanishdik. O‘zbek xalqining bebaho tarix va madaniy merosga ega ekaniga yana bir karra guvoh bo‘ldik.  

Mutaxassislarning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, joriy yilda Surxondaryo viloyatidan 200 mingga yaqin kishi mamlakatimiz bo‘ylab sayohatga chiqishi kutilmoqda.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,

O‘zA