Yurtimizda xotin-qizlarning ilm-fan, ta’lim va jamiyat hayotidagi o‘rni tobora mustahkamlanib bormoqda. Bu yo‘lda yuksak bilim, fidoyilik va tashabbuskorlik bilan namuna bo‘layotgan yoshlar davlatimiz tomonidan munosib rag‘batlantirilmoqda. Ana shunday e’tiroflarning eng nufuzlilaridan biri — “Zulfiya” davlat mukofotidir. Ushbu mukofot nafaqat yutuq, balki katta ishonch va yuksak mas’uliyat timsolidir.
2025-yilda ushbu mukofotga sazovor bo‘lganlar safida Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida tug‘ilib, ilm yo‘lida tinimsiz mehnat qilib kelayotgan pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Maftuna G‘aniyeva ham bor. Uning bu yutug‘i — yillar davomidagi izlanish, sabr va qat’iyat samarasidir.
1997-yilda xizmatchi oilasida dunyoga kelgan Maftuna bolaligidan bilimga chanqoq, izlanuvchan va faol bo‘lib voyaga yetdi. Maktab yillaridayoq fan olimpiadalarida qatnashib, tuman va viloyat bosqichlarida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. 2013-yilda maktabni a’lo baholar bilan tamomlab, keyinchalik kollejda ham namunali va faol talabalardan biri bo‘ldi.
– Bilasizmi, 2016-yil men uchun omadli yil bo‘ldi. O‘sha yili Guliston davlat universitetiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindim. O‘sha paytda o‘zimni juda baxtli va masrur his qilgandim. Chunki bolalikdan orzu qilib kelgan niyatim sari ilk qadamni qo‘ygandim, – deydi u.
Talabalik yillari u uchun unutilmas xotiralarga boy bo‘ldi. Tinimsiz o‘qish, izlanish, ustozlar maslahati va yaqinlar qo‘llab-quvvati natijasida 20 dan ortiq ilmiy maqolalari respublika va xalqaro miqyosdagi ilmiy-ommabop jurnallarda nashr etildi. Bu esa uning tanlagan sohasida yetuk mutaxassis bo‘lish mas’uliyatini yanada oshirdi.
2020-yilda universitetni imtiyozli diplom bilan tamomlab, magistratura bosqichida tahsilni davom ettirdi. Ilmiy izlanishlarini izchil ravishda olib borib, boshlang‘ich ta’lim sohasida ixtirochilikka oid topshiriqlar tizimini ishlab chiqish bo‘yicha dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Keyinchalik tayanch doktoranturada tahsil olib, 2025-yilda “Bo‘lajak boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining o‘quvchilarni mantiqiy fikrlashga metodik tayyorgarligini takomillashtirish” mavzusidagi ilmiy ishini 100 foiz ovoz bilan himoya qildi va pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega bo‘ldi.
– Bugungi kunga qadar 70 dan ortiq ilmiy maqola va tezislarim, 2 ta o‘quv qo‘llanmam, 6 ta monografiyam nashr etildi, – deydi yosh olima kamtarona.
Ayni vaqtda u Innovatsion Texnologiyalar Universitetida faoliyat olib borishi bilan birgalikda, oliy ta’lim tizimida bo‘lajak boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarini mantiqiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar ustida ish olib bormoqda.
Yosh bo‘lishiga qaramay, uning xizmatlari e’tibordan chetda qolmadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-martdagi qaroriga muvofiq “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
– “Zulfiya” davlat mukofoti — bu shunchaki mukofot emas. Bu — ishonch, e’tirof va yuksak bahodan tashqari, yanada mas’uliyatli bo‘lishga chorlovdir. Ilm — bu uzluksiz izlanish. Agar izlanishdan to‘xtasak, rivojlanish ham to‘xtaydi. Men har bir qiz ilm olishi, o‘z salohiyatini namoyon etishi va jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shishi mumkin deb hisoblayman, – deydi Maftuna G‘aniyeva.
[gallery-27767]
U nafaqat olima va pedagog, balki mehribon ona hamdir. Uch nafar farzand tarbiyasini ilm bilan uyg‘un olib borishi uning matonati va irodasini yanada yorqin namoyon etadi. Uning hayot yo‘li shuni ko‘rsatadiki, ayolning imkoniyati cheklanmagan, bilim va intilish uni yuksak marralarga yetaklay oladi.
Boyovutlik yosh olimaning “Zulfiya” mukofotiga sazovor bo‘lishi — bu nafaqat bir shaxsning yutug‘i, balki yurtimizda ilm-fanga, ayniqsa, xotin-qizlarning intellektual salohiyatiga qaratilayotgan e’tiborning amaliy ifodasidir. Uning muvaffaqiyati ko‘plab qizlar uchun ilhom manbai bo‘lib, “orzu qil va harakat qil” degan hayotiy shiorning yorqin tasdig‘iga aylandi.
G‘ulom Primov, Doston Qalandarov (surat), O‘zA