O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 sentyabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda joriy yilgi Davlat dasturining ijrosini ta’minlash maqsadida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tomonidan “Mafkuraviy tahdidlarning ma’naviy jarayonlar rivojiga ta’siri va ularning oldini olish mexanizmlari” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.
Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining birinchi o‘rinbosari Botu Alimov bugungi kunda jamiyatda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ma’naviy bo‘shliqlarni to‘ldirish, aholining ma’naviy immunitetini kuchaytirish uchun sohada olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish zarurligini ta’kidladi. Shu nuqtai nazardan, bunday ilmiy-amaliy konferensiyalar sohaning rivojiga amaliy turtki berayotganini qayd etdi. Shuningdek, zamonaviy targ‘ibot texnologiyalarini ishlab chiqish, global ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni muntazam tahlil qilib borish sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning asosiy vazifalaridan biri ekanini ta’kidlab o‘tdi.
– Bugun fikrlar xilma-xilligi kuchaygan bir paytda mafkuraviy tahdidlarni ajratib olish ham oson emas, – dedi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining birinchi o‘rinbosari Botu Alimov. – Sun’iy intellekt tobora rivojlanib borayotgan hozirgi davrda axborotlarni, ma’lumotlarni soxtalashtirib, ijtimoiy tarmoqlardan g‘arazli maqsadlarda foydalanish, kiberjinoyatchilikning avj olishi holatlari ham afsuski ko‘zga tashlanmoqda. Sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar tezkor rivojlanayotgan davrda tanganing ikkinchi tomoni borligini ham unutmasligimiz kerak. Ehtimolki, yoshi katta odamlarning ma’naviy immuniteti turli g‘arazli xabarlarni ajrata olishga yetishi mumkin, lekin yoshlarni bunday mafkuraviy tahdidlardan tobora ko‘proq himoyalash bugun o‘ta muhim. Internet tezligi ortishi bilan axborotlar oqimi ham ortmoqda. Afsuski, bunday axborotlar oqimi ichida zararli axborotlar ham ko‘p. Bu esa yoshlar tafakkuri, ma’naviyati uchun jiddiy tahdid sanaladi. Bugun olimlarimiz shu yo‘nalishda fundamental emas, amaliy tadqiqotlarni tobora ko‘proq olib borishlari kerak, deb o‘ylayman.
[gallery-25260]
Konferensiyaga moderatorlik qilgan Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti direktorining o‘rinbosari Muhammadjon Quronov yangi O‘zbekiston sharoitida kechayotgan ma’naviy jarayonlar rejali, tizimli va istiqbolli tarzda yo‘lga qo‘yilganini ta’kidladi. Shu bilan birga, mafkuraviy tahdidlarga qarshi kurashishda jamiyatda barqaror ma’naviy immunitetni shakllantirish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish maqsadida zamonaviy targ‘ibot texnologiyalarini joriy etish muhimligini alohida qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, ushbu anjumanda muhokama qilingan ilmiy tadqiqotlarning amaliyotga tatbiq etilishi konferensiyaning eng katta yutug‘iga aylanishi lozim.
Mazkur ilmiy-amaliy anjuman jamiyatdagi ma’naviy muhitni tahlil qilish, zamonaviy targ‘ibot texnologiyalari va ma’naviyat sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning holati hamda samaradorligini baholash, shuningdek, ularning yechimlarini ishlab chiqishga qaratildi. Anjumanda jamiyat birdamligini ta’minlovchi omillar, xalqparvar davlat barpo etishda ijtimoiy faol fuqarolikning o‘rnini mustahkamlash, taraqqiyotga olib boruvchi ustuvor qadriyatlarni aholi ongiga singdirish va ma’naviy muhitni barqarorlashtirish kabi dolzarb masalalar yuzasidan ilmiy muhokamalar o‘tkazildi.
Konferensiya doirasida yoshlarda ma’naviy immunitetni shakllantirish, zamonaviy targ‘ibot texnologiyalarining ta’sirchan shakllari va ularning milliy hamda ma’naviy muhit bilan uyg‘unligi kabi mavzular ham keng muhokama qilindi.
Konferensiya quyidagi bir necha sho‘’ba yo‘nalishlarida ish olib bordi. Mafkuraviy tahdidlar fenomeni: tabiati, turlari va salbiy oqibatlari – zamonaviy tahdidlarning xususiyatlari, radikalizm, ekstremizm va boshqa mafkuraviy xatarlarning kelib chiqishi hamda ularning jamiyatga ta’siri tahlil qilindi.
Yangi O‘zbekiston sharoitida mafkuraviy xavfsizlikni ta’minlash mexanizmlari – Yangi O‘zbekistonda mafkuraviy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan davlat siyosati, huquqiy asoslar va amaliyotdagi mexanizmlar muhokama etildi.
Yangi O‘zbekistonda ma’naviy jarayonlar va ularga qarshi tahdidlar – ma’naviy taraqqiyotning hozirgi tendensiyalari va uning ichki-tashqi tahdidlar bilan bog‘liq jihatlari o‘rganildi.
Ushbu anjumanda nafaqat nazariy va metodologik yondashuvlar, balki amaliyotga tatbiq etish mumkin bo‘lgan taklif va tavsiyalar ham ilgari surildi. Konferensiya ishtirokchilari tomonidan bildirilgan fikr va takliflar ma’naviy-ma’rifiy sohadagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA muxbirlari