AQSH armiyasi Venesuela Prezidenti Maduroni qo‘lga olish amaliyoti davomida “Anthropic” kompaniyasining “Claude” sun’iy intellekt modelidan foydalangan, deb xabar tarqatdi “Axios” yangiliklar portali.
SI qurilmasining bu jarayondagi aniq vazifasi noma’lum bo‘lsa-da, yuqori mansabdor manbalar aytishicha, model nafaqat tayyorgarlik payti, balki reyd chog‘ida ham qo‘llangan. Bu holat Pentagon doirasida xavotirni kuchaytirmoqda. Mudofaa vazirligi hozir kompaniya bilan hamkorlik masalasini qayta ko‘rib chiqmoqda.
AQSH rasmiylaridan biri “Harbiy xizmatchilarimizning jang maydonidagi amaliy muvaffaqiyatiga putur yetkazadigan kompaniya bilan munosabatni o‘ylab ko‘rishimiz kerak”, deya ta’kidlagan.
Ayni vaziyat bir tomondan harbiylar bilan ishlashni istagan, ikkinchi tomondan esa o‘z texnologiyasidan foydalanishga nisbatan qat’iy cheklovga amal qiladigan yirik AI laboratoriyalari o‘rtasida tortishuv keltirib chiqarmoqda. Xususan, o‘zini SI xavfsizligi sohasida yetakchi sifatida ko‘rsatayotgan “Anthropic” Pentagon bilan o‘z texnologiyasi ommaviy kuzatuv yoki avtonom qurollar uchun ishlatilmasligini ta’minlash uchun muzokara olib bormoqda. Qolaversa, Pentagon Xitoydan oldinda yurishga intilib, armiyaning turli jabhalariga SIni integratsiya qilish ustida faol ish olib boryapti.
“Anthropic” Pentagon bilan “Palantir” orqali hamkorlik qiladi. “Claude” Venesueladagi amaliyotda ishlatilishini shu bilan izohlash mumkin. Faqat reyd payti boshqa modellardan ham foydalanilganmi yoki yo‘qmi, noma’lumligicha qolmoqda.
“Axios” so‘roviga javoban “Anthropic” vakili shunday degan:
– “Claude” muayyan amaliyotda ishlatilganmi yoki yo‘qmi, biz izoh bera olmaymiz. Shunisi aniqki, qurilmadan foydalanish bilan bog‘liq barcha holatlar tegishli shartlarga mos keladi.
S.Rahimov, O‘zA