Venesuela prezidenti Nikolas Maduro Argentinada ushlab qolingan Boeing 747-300M transport samolyotini qaytarib berishni talab qildi.
"Londonda oltinlarimizni o‘g‘irladi, AQSH hududida Citgo neftni qayta ishlash kompaniyamizni o‘g‘irlashdi, endi ular samolyotimizni o‘g‘irlamoqchi. Biz Venesuelaning samolyotini qaytarib berishini talab qilamiz", – deb bayonot berdi davlat rahbari VTV telekanali efirida chiqish qilib.
Kuni kecha AQSH Adliya vazirligi Argentinadan Boeing 747-300M transport samolyotini hibsga olishni so‘ragan edi. Amerikaliklar olgan ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot Eron aviakompaniyasi tomonidan venesuellalik hamkasblariga berilgan bo‘lgan. Bunga esa Amerikaning eksport nazorati tartiblarini buzish, deb qaralmoqda.
Xabarda keltirilishicha, Eronning Mahan Air kompaniyasiga tegishli samolyot Venesuelaning Emtrasur kompaniyasi nazoratiga o‘tgan, ya’ni AQSH hukumati ruxsatisiz havo kemasining reeksport qilinishiga yo‘l qo‘yilgan.
Argentina hukumati havo kemasi bilan qo‘shib, samolyot ekipajini, jumladan, besh nafar eronlikni ham hibsga olgan. Ekipaj komandiri Eron Islom inqilobi himoyachilari korpusining sobiq zobiti bo‘lib chiqqan. Ushdu harbiylashtirilgan tuzilma AQSHning terrorchilar ro‘yxatiga kiritilgan, deb ma’lum qildi AQSH Adliya vazirligi.