Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Madrid yarim million muhojirga qonuniy maqom bermoqchi
13:25 / 2026-01-28

Ispaniya hukumatida mamlakatda noqonuniy yashab kelayotgan qariyb yarim million muhojirga qonuniy maqom berishni ko‘zda tutuvchi qaror loyihasi muhokama qilinyapti. Sotsialistlar yetakchiligidagi hukumat bu qadamni mehnat bozoriga muhojirlarni faol integratsiya qilish orqali iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash zarurati bilan izohlamoqda. Yevropaning ko‘plab davlatlari immigratsiyani cheklayotgan bir payt, bunday yondashuv bilan Ispaniya alohida yo‘l tanlaganini ko‘rsatmoqda.

Migratsiya vaziri Elma Saiz 2025 yil oxirigacha kamida besh oy Ispaniyada yashagan, sudlanmagan va yil oxirigacha boshpana so‘rab murojaat qilgan shaxslar soddalashtirilgan tartibda yashash ruxsatnomasi olishi mumkinligini e’lon qildi. Hukumat hisob-kitobiga ko‘ra, bu chora asosan Lotin Amerikasi davlatlaridan kelgan 500 000 ga yaqin kishi foydasiga ishlaydi. Ruxsatnoma kattalar uchun bir yilga, bolalar uchun besh yilga beriladi va keyinchalik uzaytirilishi mumkin.

Rasmiylar so‘nggi yillardagi kuchli iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, ishsizlikni kamaytirishga muhojirlar salmoqli hissa qo‘shganini ta’kidlamoqda. Ayniqsa, mehmonxona xizmati va parvarish sohalarida xorijiy ishchi kuchiga talab yuqori.

Tahlil markazlari ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yil boshida Ispaniyada hujjatsiz muhojirlar soni 800 000 dan oshgan. Bu 8 yil avvalgi ko‘rsatkichdan juda ko‘p.

Yangi qaror hukumat tomonidan parlament roziligisiz ham amalga kiritilishi ehtimoli siyosiy bahsni kuchaytirishi kutilyapti. Muxolifat tomonidan keskin tanqidga uchrayotgan mazkur siyosat,agar hokimiyat almashsa, bekor qilinishi mumkin. Shunga qaramay, Madrid o‘z pozitsiyasini aniq belgiladi: muhojirlarni cheklash emas, balki qonuniy va iqtisodiy jihatdan foydali tizimga qo‘shish kerak.

Musulmon Ziyo, O‘zA