Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Madrasai oliyalar oʻz zamonasida universitet mavqeiga ega boʻlgan
11:15 / 2020-08-13

Samarqand – qadimiy tarix sahnasida necha bor oʻz qudratini namoyon etgan, oʻz ulugʻvorligini jahonga haqli ravishda koʻz-koʻz qila olgan ulugʻ shahar.


Samarqand Davlat universiteti rektori, professor R.Xolmurodovning OʻzA saytida 2020-yil 5-iyulda eʼlon qilingan “Oʻzbekistonda ilm-fanning yangi renessans davri boshlanmoqda” nomli maqolasi gʻoyat dolzarb masalaga bagʻishlangan.

Universitetlar doimo taʼlimning asosiy markazlari sanalib kelingan. Ilm-fan sirlarini kashf etish, ulgʻayib kelayotgan avlod vakillaridan malakali mutaxassislar tarbiyalashda ularning oʻrni beqiyos. Oliy taʼlimning hozirgi shakli – universitetlar Gʻarb Renessansining markazlari – Italiya (Salerno va Bolonya), Fransiya (Sorbonna), Ispaniya (Salamanka) va Angliyada (Oksford) ancha keyin, XI-XII asrlarda, Sharq madrasalari taʼsirida paydo boʻlgan. 

Agar hozirgi kunda dunyoda eng qadimiy hisoblanadigan Bolonya, Sorbonna, Oksford universitetlari birinchi navbatda odamlarga diniy taʼlimot berish uchun tashkil etilganligini hisobga oladigan boʻlsak, u holda mamlakatimizdagi baʼzi universitetlarning asl yoshini ham sal uzoqroqdan boshlashimiz kerak. Masalan, Buyuk Britaniyaning eng koʻhna Oksford universiteti ruhoniylarga oliy maʼlumot berishni ixtiyor etgan Angliya dindorlari tomonidan 1117-yilda tashkil etilgan edi. Yevropada eng qadimiy hisoblanadigan Bolonya universitetiga asos solinganligi haqidagi hujjat 1158-yilda (XII asr) qoʻlga kiritilgan boʻlishiga qaramasdan, tarixchilar uning tashkil topgan sanasini eramizdan avvalgi 1088-yil deb hisoblaydi.

Mamlakatimiz hududidagi ilk oliy oʻquv yurti Abu Bakr Muhammad Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida qayd etilganidek, 937-yilgi yongʻindan zarar koʻrgan Forjak madrasasi boʻlgan. Sharqda oliy madrasalar siyosiy va ilmiy poytaxt hisoblanmish shaharlarda faoliyat koʻrsatgan. Ularga yirik-yirik vaqf yerlar ajratilgan boʻlib, oʻquv binolari ham shaharning eng hashamatli binolarida joylashgan. Oliy madrasada berilgan diplom (sanad) musulmon olamining barcha joylarida inobatga olingan. Madrasalardagi talabalar oʻzlashtirish darajalariga qarab, taʼlimning quyi (adno), oʻrta (avsat) va yuqori (aʼlo) bosqichlarini oʻtaganlar. Muayyan bosqichni sakkiz yilda oʻtay olmagan talaba madrasadan chetlatilgan.

Falakiyot ilmining asoschilaridan biri Mirzo Ulugʻbek tamal toshini qoʻygan Samarqand akademiyasi ona yurtimiz ilmu fani, maʼrifati, taraqqiyotini dunyoga tanitgan. Samarqand faqat dunyoviy maʼrifat va madaniyatning dastlabki buloqlaridan biri boʻlib qolmay, islomiy maʼrifat taraqqiyotining ham eng qadimiy beshiklaridan hisoblanadi.

Samarqand – qadimiy tarix sahnasida necha bor oʻz qudratini namoyon etgan, oʻz ulugʻvorligini jahonga haqli ravishda koʻz-koʻz qila olgan ulugʻ shahar. Ayniqsa, sohibqiron Amir Temur va temuriylar davrida bu muqaddas shahar muyassar boʻlgan shon-shuhrat choʻqqisiga dunyoning biror-bir boshqa shahri hali hanuz musharraf boʻla olganicha yoʻq.

Samarqand olimu ulamolari, ilmu fanining dunyo boʻylab shuhrat taratishida oʻz davrining oliy oʻquv yurtlari boʻlgan oʻnlab madrasalar ichida Mirzo Ulugʻbek madrasai oliyasi va Shayboniyxon madrasai oliyasining xizmatlari beqiyos. Mana shu madrasai oliyalar Samarqandda universitet taʼlimining shaklla¬nishi va taraqqiyotida mustahkam poydevor boʻlgan.

Taʼkidlash joizki, kuchli davlatchilik qaror topgan, jamiyat rivoji muayyan barqarorlik kasb etib, dunyoviy bilimlarga ehtiyoj kuchaygan joylardagina universitetlar ochilib, fan tarmoqlari boʻyicha alohida-alohida mutaxassislar tayyorlash keng yoʻlga qoʻyilishi mumkin. Boshqacha aytganda, jahon tan olgan qomusiy olimlar, yuksak bilim va koʻnikma egalari bir joyga toʻplangan zamindangina yetishib chiqishi oddiy haqiqatdir. Bu qadimiy madrasalar tinglovchilariga ham avvalboshda diniy bilimlar berilgan boʻlsa, keyinchalik ularga dunyoviy bilimlar ham oʻrgatila boshlangan.

Ulugʻ ajdodlarimizning boy anʼanalariga sodiq boʻlgan SamDU olimlari XX asr – texnika asrida ham, XXI asr – kompyuter va internet asrida ham ilmu urfon, taʼlim-tarbiya bobida oʻz oʻrnini topa bildi. Bu bejiz emas. Chunki, Samarqand davlat universitetining zalvor¬li tarixi, mustahkam poydevori buyuk ajdodlarimizning ilmu maʼrifati, tafakkur durdonalari bilan ziynatlangan.

Mamlakatimiz hududida oliy taʼlim tizimi tarixi qadim-qadimlarga borib taqalib, uning oliy dargohi – madrasai oliyalar oʻz zamonasida hozirgi universitet mavqeiga ega boʻlgan. Buni Samarqand Davlat universitetining Mirzo Ulugʻbek asoslagan madrasayi oliyasining bevosita vorisi ekanligi misolida ham kuzatishimiz mumkin. Bu gap Buxoro, Xiva, Toshkand va h.k.shaharlarda avvaldan mavjud boʻlgan madrasai oliyalar va ularning vorislari boʻlmish universitetlarga ham taalluqlidir.

Shu nuqtayi nazardan universitet faoliyatining olis tarixga ega ekanligi, uning oʻziga xos va mos shakllanish jarayoni jahonning nufuzli oliy oʻquv yurtlari bilan har tomonlama raqobatlasha olishini koʻrsatadi. Bunda, ayniqsa, Mirzo Ulugʻbek hukmdorligi yillarida faoliyat koʻrsatgan Ulugʻbek akademiyasi aʼzolari – Qozizoda Rumiy, Xoja Fazlulloh Abu Laysiy, Mirzo Ulugʻbek, Gʻiyosiddin Jamshid ibn Maʼsud al-Koshoniy-Koshiy, Hasan Miram Chalabiy, Husayniy Birjandiy, Alouddin Ali ibn Muhammad Qushchi Samarqandiylarning jahon ilmu fanida qoldirgan jahonshumul ilmiy merosi alohida ahamiyat kasb etadi. Zero, universitet tarixining taraqqiyot pillapoyalari ana shu davr bilan belgilanishi ham mantiqan, ham mazmunan asoslidir.

Q.DAVRONOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar
akademiyasi Mikrobiologiya instituti
direktori, b.f.d., professor