“Do‘stlik” ordeni, «Shuhrat» medali sohibasi, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, mohir chevar Madina Qosimboyeva an’anaviy kashtachilik san’atini rivojlantirishga o‘z ulushini qo‘shib kelayotgan respublikadagi ishbilarmon, tashabbuskor va taniqli hunarmandlardan biri.
Madina Qosimboyeva yaratgan kashtachilik matolari mahalliy va chet ellik san’at ixlosmandlarida katta qiziqish uyg‘otib, ekspertlar, san’atshunoslar, kolleksionerlar tomonidan milliy san’at namunasi sifatida yuqori baholangan.
U 100 dan ortiq xalqaro ko‘rgazma va tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan va hozir ham ko‘plab ijodiy loyihalarda qatnashib kelmoqda. Jumladan, 2008 yilda “Dizayn va moda” haftaligi, “Xalqaro podium-2008” ko‘rik-tanlovi qatnashchisi va g‘olibi. 2015, 2016, 2017 va 2018 yillarda Marg‘ilon shahrida o‘tkazilgan “Atlas bayrami” Xalqaro an’anaviy to‘qimachilik festivalida ishtirok etib, YUNESKOning “Sifat belgisi” sertifikati bilan taqdirlangan.
– Dong‘i yetti iqlimga ketgan o‘zbek amaliy san’atining bebaho bisotida qo‘l kashtado‘zligi durdonalarining alohida o‘rni bor, – dedi Madina Qosimboyeva. – Qo‘ligul ayollar ushbu hunarning sirli afsunini omonat o‘laroq asrlardan asrlarga, ajdodlardan avlodlarga yetkazganlar. Rango-rang so‘zanalarning nafis timsollar olami va jimjimador nashqu nigorlari hozirga qadar ko‘pchilikni maftun etib kelmoqda.
Madina Qosimboyeva bir qator ijodiy loyihalarning faol ishtirokchisi. Albatta, bunga ijodkor o‘z-o‘zidan erishmagan.
– Afsuski, 1980 yillarga kelib, oypalak, yulduzpalak singari Toshkent kashtado‘zlik maktabi namunalarini tayyorlash an’analari unutildi, – dedi Madina Qosimboyeva. – Hatto toshkentlik peshqadam kashtado‘zlar ham 2000 yillar boshida Nurota, Buxoro va Shahrisabz kashtado‘zlik maktabi usul va nashqu nigorlarini tiklash bilan mashg‘ul bo‘ldilar. Barcha qiyinchiliklarga qaramay, ko‘pgina san’atshunos olimlarimiz bilan suhbatlashib, maslahatlashgan holda 2012 yilda Toshkent kashtachilik an’analarini tiklash va davom ettirishga qaror qildim. O‘sha kundan san’atshunoslardan, kitoblardan, muzeylardan milliy kashtado‘zlik sirlarini o‘rgana boshladim. Ushbu hunarning tarixi, texnikasi, ranglar uyg‘unligi, timsollar va boshqa jihatlar bilan tanishdim.
Qo‘ligul chevar 2016 va 2017 yillarda Hindistonda bo‘lib o‘tgan “Rajasthan Heritage Week” xalqaro festivali hamda 2016, 2017, 2018, 2019 yillarda Santa Fe shahri (AQSH) da doimiy bo‘lib o‘tadigan “International Folk Art Market” xalqaro yarmarkasi qatnashchisi.
Madina Qosimboyevaning san’atshunos Binafsha Nodir bilan hamkorlikdagi Toshkent kashtachiligi an’analarini qayta tiklash va rivojlantirishga bag‘ishlangan loyihasi doirasida bajarilgan “Olis yulduz jilvasi” (2015), “Sehrli ipak jozibasi”(2016), “So‘zananing tug‘ilishi” (2019) shahsiy ko‘rgazmalari o‘zining betakrorligi, milliy san’atimizga bo‘lgan alohida mehri bilan ajralib turadi.
Ijodkorning 2023 yilda IV Toshkent xalqaro amaliy san’at biyennalesi doirasida o‘tkazilgan “Falakning gardishi yoxud bir kashtado‘z qissasi” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi uchun tayyorlangan Markaziy Osiyodagi eng katta so‘zanasi Gran-priga munosib ko‘rildi.
– Toshkent maktabiga xos ishim Markaziy Osiyodagi eng katta so‘zana (8x5,30 m) bo‘lib, uning tikilishiga 2,5 yil ketdi, – dedi Madina Qosimboyeva.– Biyennalening barcha xalqaro hay’at a’zolari tomonidan bir ovozdan ma’qullanib, ushbu asarim uchun Gran-priga loyiq topildim. Yuqorida tilga olingan barcha ko‘rgazmalar Toshkent kashtachiligi maktabi an’analarini qayta tiklashga bag‘ishlangan. Bu ijodiy ish nafaqat unutilgan an’analarni qayta tiklash, balki uni davom ettirib, kelajak avlod uchun to‘la-to‘kis yetkazib berish va rivojlantirishga xizmat qildi. Ko‘rgazmalar uchun bajarilgan turkum kashtachilik buyumlarim an’analar asosida tayyorlangan. Ipak bo‘yashdan tortib, to kashta tikishgacha bo‘lgan jarayonlarning barchasini o‘zim bajarganman va nazorat qilganman. Kashtalarni tikishda asosan yo‘rma (ilmoqli igna yoki bigiz bilan tikish) va bosma (igna bilan tikish) kabi chok usullarini qo‘llaganman.
BMT Bosh Assambleyasi tomonidan ishlab chiqilgan maxsus rezolyutsiyada "2030 yilgacha bo‘lgan davr uchun kun tartibi" deb nomlangan Barqaror rivojlanish maqsadini o‘zida aks ettirgan 2023 yilgi "Matonatning 17 qiyofasi" nomli fotoko‘rgazmada turli sohalarda muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan o‘zbekistonlik ayollardan, ya’ni 17 qahramondan biri sifatida Madina Qosimboyeva ham qatnashdi.
Uning saralangan ijodiy ishlari nafaqat mamlakatimizda, balki Avstraliya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Hindiston, AQSH, Turkiya, Fransiya, MDH mamlakatlari va boshqa davlatlardagi shaxsiy to‘plamlarda saqlanmoqda. 2023 yildan buyon Britaniya muzeyining doimiy ekspozitsiyasida Madina Qosimboyevaning 2 ta kashtali choponi namoyish etilmoqda.
Mohir ijodkor ayol “Tashabbus - 2016” ko‘rik-tanlovining Respublika boskichida "Yilning eng yaxshi hunarmandi" nominatsiyasi g‘olibi bo‘lib, avtomobil va oltin medal sohibi bo‘lgan.
M.Qosimboyeva mana necha yillardan buyon nafaqat o‘z shogirdlariga, balki respublika va xalqaro miqyosdagi tadbirlarda, treninglarda o‘z bilim va ko‘nikmalarini, o‘zbek kashtachiligi sirlarini bo‘lajak kashtado‘z ustalar, umuman barcha ushbu san’at turiga qiziquvchilarga o‘rgatib kelmoqda. 2005-2012 yillarda "Tadbirkor ayol" O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assosiatsiyasida kashtachilik bo‘yicha professional trenerlik faoliyatini olib bordi.
“Assouline Publishing” nashriyotida O‘zbekiston amaliy bezak san’ati va zamonaviy hunarmandlariga bag‘ishlangan “O‘zbekistonning jonli xazinalari: hunarmandlik tantanasi” kitobining nodir muqovasida aks etgan betakror so‘zana bolaligidan shu sohaga mehr qo‘yib, umrini baxshida etgan Madina Qosimboyevaning nodir ijod namunalaridan biridir.
Joriy yilning 5-9 mart kunlari Riga shahrining “Birja” muzeyida Madina Qosimboyeva ijodiga bag‘ishlangan shaxsiy ko‘rgazma katta muvaffaqiyat bilan o‘tkazildi.
– Mana, ko‘p yillardirki, faqatgina amaliyot bilan shug‘ullanib qolmay, yosh avlodga kashtado‘zlik sirlarini ham o‘rgatmoqdaman, – dedi Madina Qosimboyeva. – Ko‘plab shogirdlar tayyorladim. Ularning aksariyati – ko‘rik-tanlovlar g‘oliblari, Toshkent va respublikamizning barcha viloyatlarida ijodiy faoliyat yuritib kelishmoqda. Yaqinda Prezidentimiz farmoni asosida “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlanganimdan boshim osmonga yetdi. Quvonchimning cheki yo‘q. Axir, bir ijodkorga e’tibor bo‘lsa, shunchalik bo‘ladi-da!
N.Usmonova,
O‘zA