Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Madhiyamiz jahon maydonlarida baralla yangrayversin!
19:05 / 2021-12-10

1992 yil 10 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Oliy Kengashi XI sessiyasida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasida xalqimizning azaliy hamda abadiy xohish-irodasi, teran tafakkuri, salobatli salohiyati, ming yillar mobaynida istiqlol va istiqbol yo‘lida, g‘animlarga qarshi kurashlarda so‘nmagan or-nomusi, g‘urur-iftixori, kayfiyati, qadr-qimmati, o‘z boshini va qaddi-qomatini baland ko‘tarib yurish uchun tayanch va suyanch manbai bo‘lmish buyuk va mustaqil Vatan barpo etish g‘oyasi aks ettirilgan.

Agarda e’tibor bersangiz, ko‘p davlatlar madhiyasi qo‘shiq tarzida yaratilgan. Bizning madhiyamizda bo‘lsa ulug‘vorlik, tantanavorlik hamda shiddat, ta’sirchanlik yaqqol aks etib turadi. Boz ustiga esa musiqadagi o‘zbekona g‘urur yurak-yuragingizga qadar yetib boradi. Shu sabab uni tinglaganda insonning ichki tuyg‘ulari ham o‘zining bor tug‘yonlari bilan yuzaga qalqib chiqadi.

Davlat madhiyamizning matni muallifi, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov shunday degan edi: “Madhiyaga qo‘yiladigan talab juda ham baland, behad yuksak. Har bir mamlakatda shunday. Unda, eng avvalo, xalqning o‘tmishi, bugunini, kelajagini o‘zida mujassam qiladigan she’r, ohang ifodalanishi lozim. Ikkinchidan, u nihoyatda ko‘tarinki ruhda bo‘lishi ham zarur. Toki o‘tirgan odam madhiyani eshitganida o‘rnidan oyoqqa qalqishi, o‘z xalqiga, yurtiga, Vataniga mehr-muhabbati yana bir karra barq urishi ham kerak. Madhiyaning ana shunday sehrli ta’siri bordir. Buning uchun esa musiqa bilan so‘z uyg‘un kelishi shart.

Fikrimizcha, aynan shu jihatdan butun dunyodagi eng kuchli madhiyalarning ikkitasidan biri – bizniki! Basharti, bitta bo‘lsa, shak-shubhasiz, u ham bizning madhiyamiz – dilbar va milliy! Unda xalqimizning musiqa xazinasidagi unsur-elementlar va ohanglar uchraydi. Aytishim joiz, bu kabi fazilatlar tanlovda qatnashgan 74 ta madhiyaning hammasida ham bor edi. Ular ham samimiyat bilan, dildan yozilgan. Lekin, madhiya bitta bo‘ladi-da! Tanlovdan bo‘lsa bizniki o‘tdi. 

Ammo, bu – boshqa do‘stlarmiz tomonidan yozilgan so‘z yoxud musiqalar yaramaydi, degan ma’noni bildirmaydi. Madhiya rasman qabul qilingach, unga endi odatiy she’r yoxud musiqadek qaralmaydi. U endi shaxsiy ijodning namunasi emas, balki davlatning, xalqimizning qonuniy mulkiga aylanib qoladi.Madhiya yangraganida, jumladan, mening ham qo‘lim ko‘ksimda. Men ham so‘zsiz unga bo‘ysunaman! Chunki, u muazzam va muqaddas davlatimizning eng oliy ramzlaridan biridir”.

Serquyosh hur o‘lkamiz erta tongda madhiyamiz bilan “uyg‘onib”, u bilan “uyquga” ketadi. Ya’ni, madhiya yangrayotgan ekan, yorug‘ va serquyosh kunni quvonch bilan kutib olib, tunda esa bexavotir, xotirjam shirin uyquga ketamiz.

Zafar XUDAYBERDIEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.