10 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan
Shunday lahzalar bo‘ladiki, uni bo‘g‘zingga bir yutumgina nimadir tiqilganicha jim kuzatasan.
Qaysidir uzoq mamlakatdagi katta sport arenasini ko‘z oldingizga keltiring. Vatan bayrog‘i baland ko‘tarilmoqda. Minglab tomoshabinlar orasida bir daqiqa jimlik cho‘kadi. Yuragingizni titratib, ruhingizni ko‘klarga ko‘tarib O‘zbekiston madhiyasi yangraydi.
Serquyosh hur oʻlkam, elga baxt, najot,
Sen oʻzing doʻstlarga yoʻldosh, mehribon!
Yashnagay to abad ilmu fan, ijod,
Shuhrating porlasin toki bor jahon! …
Shu tantanovor onlarga guvoh bo‘layotgan har bir yurtdoshning ko‘zi chaqnaydi. Ich-ichidan “mening Vatanim g‘olib!”, degan shovqinsiz hayqiriq otilib chiqadi. Ana shu his madhiyamizning izohlab bo‘lmas ta’rifi bo‘ladi.
Madhiya bu shunchaki kuy yoki she’r emas. U yurtning qo‘shiqqa aylangan tarixi, avlodlar orzusi va millatning birdamlik ramzidir. Madhiya yangrasa, butun mamlakatning yuragi bir maromda urayotgandek tuyuladi. Chunki u bizga kimligimizni, qayerdan kelganimizni va qayerga ketayotganimizni eslatadi.
U ona Vatanga muhabbat uyg‘otadi, xalqni bir maqsadga boshlaydi. Qiyin paytda kuch, quvonchli damlarda g‘urur bag‘ishlaydigan ma’naviy kuchdir u.
Madhiya davlatning eng oliy marosimlarida, bayramlarda, xalqaro tadbirlarda, yilning muhim siyosiy va tarixi kunlarida, ta’lim dargohlarida, qisqasi, har-bir yurakda yangraydi. U yangrar ekan, vaziyat qanchalik jiddiy yoki tantanali bo‘lishidan qat’iy nazar, barchaga bir tuyg‘uni eslatadi. Bu sening ona yurting, sen esa uning bir parchasisan degan tuyg‘u.
U yangraganida kimdir maktab chog‘larini, kimdir armiya safini, yana kimdir bayroq ostidagi g‘oliblik damlarini eslaydi.
Bugun – muhim kun. O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilinganligining 33 yilligini nishonlayapmiz. Milliy ruh qayta uyg‘ongan, Mustaqilligimiz yanada mustahkamlangan kun muborak bo‘lsin.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA